Jahon | 09:27 / 02.07.2023
27501
17 daqiqa o‘qiladi

Prigojinning muvaffaqiyatsiz isyoniga bir hafta bo‘ldi. Xulosalar

O‘tgan hafta oxirida «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin o‘zi va yollanma askarlari Rossiya harbiy rahbariyatini lavozimidan chetlatish niyatida «adolat marshi» boshlaganini e’lon qilgandi. Garchi muvaffaqiyatsiz yakunlagan bo‘lsa ham, ushbu qurolli isyon oxir-oqibat nafaqat Rossiyada, balki butun dunyoda haftaning asosiy yangiligiga aylandi.

Foto: BBC Russian

Vladimir Putin barchaga xalq jipsligini isbotlashga urinmoqda. Hozircha bu ishonchsiz chiqyapti

Katta ehtimol bilan, Yevgeniy Prigojinning qurolli harakati Rossiya elitasi uchun, birinchi navbatda, Rossiya prezidenti Vladimir Putin uchun kutilmagan syurpriz bo‘ldi. Bu davlat to‘ntarishiga urinishdan oldin «Vagner» asoschisi hamda mudofaa vazirligi va Rossiya Bosh shtabi o‘rtasida bir necha oylik ochiq ziddiyatlar bo‘lganiga qaramay bunday voqealar rivojini taxmin qilish qiyin edi. Bundan tashqari, Putin bu qarama-qarshilikda bevosita ishtirok etdi — masalan, avvaliga Prigojin «Vagner»ga jang qilish uchun yollagan mahbuslarni afv etish to‘g‘risida farmonlar imzoladi, so‘ngra esa harbiylar noroziligi sabab, qamoqxonalardan bo‘lajak jangchilar to‘plashni mudofaa vazirligiga topshirdi.

Aftidan, Kreml yollanma askarlar va muntazam armiya o‘rtasida yuzaga kelgan qarama-qarshiliklarni hal qilishga uringan. 2023 yil iyun oyida mudofaa vazirligi barcha ko‘ngillilar (jumladan, rasman noqonuniy bo‘lgan «Vagner» ham) Rossiya harbiy boshqarmalari bilan shartnoma imzolashi kerakligini e’lon qildi. «Vagner» bundan bosh tortdi va Prigojin keyinchalik aynan mana shu qadam shundoq ham qiyin vaziyatni qaynash nuqtasiga olib kelganini tushuntirdi. Prigojinning tanishlaridan biri BBC nashriga isyonni boshqa narsalar qatori tadbirkorning Rossiya prezidenti e’tiborini jalb qilish istagi sifatida baholash mumkinligini aytdi. Bu amalga oshdi, biroq aniq Prigojin kutgan natija bilan emas.

24 iyun kuni Putin so‘nggi oylardagi eng jiddiy murojaat bilan chiqishiga to‘g‘ri keldi — murojaatda u Prigojinni (ismini aytmasa-da) ochiqchasiga xoin deb atadi va isyonning barcha ishtirokchilari jazolanishini va’da qildi. Kechqurun esa Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov prezidentning so‘zlariga ters o‘laroq, «Vagner» asoschisi Belarusga «ketishi» mumkinligini aytdi.

Putinning o‘zi keyinroq ortga chekinish qarorini qon to‘kilishiga yo‘l qo‘ymaslik istagi bilan izohladi. Ammo bu qaror Rossiya prezidenti uchun juda muhim bo‘lgan kuchli yetakchi imijiga Rossiyada ham, xorijda ham ijobiy ta’sir o‘tkazmasligi aniq.

Putin oldida yana bir muhim muammo turibdi — isyon paytida na mamlakat fuqarolari, na Rossiya armiyasi isyonchilarni to‘xtatish uchun hech narsa qilmadi. Rostov-Donda ba’zi aholi vakillari isyonchilar bilan amalda «do‘stlashgani» aks etgan kadrlar butun dunyo bo‘ylab tarqaldi. Janubiy harbiy okrug shtabidagi generallar u yerda o‘zini xo‘jayin kabi tutgan Prigojin oldida hisobot bergandek taassurot qoldirdi.

«Vagner» asoschisi Moskvaga yuborgan kolonna deyarli hech qanday qarshilikka duch kelmadi va isyonchilar bir necha vertolyot va strategik Il-22 samolyotini urib tushirishga muvaffaq bo‘ldi. Ya’ni o‘sha kuni sodir bo‘lgan voqealar Kreml 2022 yilning fevral oyidan beri chizib kelayotgan hukumatni to‘liq qo‘llab-quvvatlash (jumladan, Ukrainadagi urush borasida) kartinasidan keskin farq qildi.

Natijada, Putin so‘nggi kunlarda xalq va elita uni qo‘llab-quvvatlashini ko‘rsatish uchun hamma narsani qildi. Dastlab, 26 iyunga o‘tar kechasi u Kremlda yig‘ilish o‘tkazdi va unga mamlakat qurolli kuchlarining bosh amaldorlarini, jumladan, mudofaa vaziri Sergey Shoyguni (Prigojin aynan uni topshirishlarini talab qilgandi) taklif qildi. Keyin esa Kreml sobori maydonida harbiylar bilan uchrashdi va fuqarolar urushining oldini olishga muvaffaq bo‘lgani uchun ularga minnatdorchilik bildirdi. Putin minnatdorchilik bildirganlar isyon to‘xtatilishida qanday rol o‘ynagani mutlaq noaniq: isyonchilar Moskva tomon 350 kilometr masofani deyarli hech qanday qarshiliksiz bosib o‘tdi va faqat Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning aralashuvigina ularni to‘xtatishga yordam berdi.

Rossiyaliklar bilan birdamligini namoyish etish uchun Putin 28 iyun kuni Dog‘istonga safari vaqtida sevimli uslubini qo‘llab, yosh qizchaning boshidan o‘pdi
Foto: KREMLIN.RU

28 iyun kuni Putin Darbandga (Dog‘iston) tashrifi chog‘ida olomon orasiga chiqdi va hatto o‘zining sevimli nayrangini esladi – u shu yerlik qizning peshonasidan o‘pdi. Putin pandemiya boshlanganidan beri «xalq bilan bunday muloqot» qilmayotgandi. Ma’lumki, Rossiya prezidenti o‘z sog‘lig‘iga o‘ta ehtiyotkor tarzda yondashib, o‘tgan yillar davomida o‘zi ishtirokidagi yig‘ilishlar a’zolaridan karantinda o‘tirishni talab qilgan.

«Bir tomondan, mutaxassislarning qattiq tavsiyalari bor, biroq boshqa tomondan, prezidentning bu odamlar bilan salomlashmasdan keta olmaslik borasida qat’iy qarori bor. Bunaqasi bo‘lib turadi», deya Putinning odamlar yoniga kutilmagan tashrifini tushuntirgan Dmitriy Peskov.

Putin Dog‘istonga safaridan keyin ham yangiliklar lentasida qoldi — 29 iyun kuni u Strategik tashabbuslar agentligi forumiga keldi va u yerda interaktiv doskada rasm chizishga va Rossiyadagi brendlar muammolarini tinglashga ulgurdi (ushbu uchrashuvda u isyon mavzusini eslamadi).

Rossiya prezidentining qattiq sa’y-harakatlari, ommaviy faolligiga qaramay, oddiy faktni yashirish qiyin bo‘ladi: tartibsizliklar paytida Rossiya fuqarolari, agar fuqarolar urushi yuz bersa, Putinni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini amalda namoyish etmadi. Ehtimol, buni nafaqat Rossiyaning o‘zida, balki boshqa mamlakatlarda, jumladan Ukraina va G‘arbda ham payqashdi.

Bunday vaziyatda hukumat hech bo‘lmaganda qandaydir tarzda vaziyatni nazorat qilish uchun uydagi muxolifatga qarshi kurashni kuchaytirishi kutiladi. Lekin bu ham Kreml uchun potensial xavf tug‘dirishi mumkin: bundan kelib chiqadiki, 2023 yilda ijtimoiy tarmoqlardagi urushga qarshi postlar uchun qamoqqa tushish oson, ammo harbiy isyonga urinish hech qanday jiddiy oqibatlarga olib kelmaydi.

Prigojinning isyoni yana Putinni o‘z yolg‘onlarini tan olishga ham majbur qildi. Yillar davomida Rossiya prezidenti rossiyaliklarni ham, boshqa davlatlar rahbarlarini ham Rossiya davlatining Prigojin faoliyatiga hech qanday aloqasi yo‘qligiga ishontirib keldi. Endi esa Putin «Vagner» faoliyatiga milliardlab budjet mablag‘lari ajratilganini ochiqcha aytmoqda. Biroq hozircha bunday «o‘zini-o‘zi oshkor qilish» prezidentga unchalik noqulaylik tug‘dirmaganga o‘xshaydi.

«Vagner»ning oldingi ko‘rinishidagi tarixi o‘z nihoyasiga yetdi. Prigojin bilan nima sodir bo‘lishi noma’lum

Isyondan keyingi hafta voqealaridan kelib chiqib, ehtiyotkor xulosa chiqarish mumkin: ko‘pchilik bilgan shakldagi «Vagner» tarixi o‘z nihoyasiga yetgandek. Bu guruh Rossiya birinchi marta Donbassga bostirib kirgan 2014 yildan beri Rossiya hukumati manfaatlari va ko‘magi ostida harakat qilgan. O‘shandan beri yollanma askarlar Rossiyaning butun dunyo bo‘ylab, birinchi navbatda Suriya va Afrika mamlakatlaridagi operatsiyalarida qatnashishga ulgurdi.

Rossiya hukumati Ukrainaga keng miqyosli bosqin boshlanganidan beri «Vagner»ni nafaqat huquqiy sohada, balki jamoatchilik ongida ham qonuniylashtirish (legalizatsiya) ishlarini olib bordi. 2022 yil dekabrda Moskva yollanma askarlar frontdagi operatsiyalarda ishtirok etayotganini ochiq tan olishga majbur bo‘ldi, «Vagner» komandirlari va jangchilari davlat ommaviy axborot vositalarida paydo bo‘la boshladi. 2023 yil mart oyida Davlat dumasi «ko‘ngillilar»ni obro‘sizlantirishni taqiqlovchi qonunni qabul qildi — bu qonun Prigojin tomonidan shaxsan ilgari surildi (endi, isyondan keyin deputatlar ushbu tuzatishlar bilan nima qilishni muhokama qilmoqda).

Ammo, katta ehtimol bilan, muvaffaqiyatsiz isyondan so‘ng, «Vagner»ning kelajagi so‘roq ostida qoldi. Vladimir Putin o‘zining so‘nggi murojaatlaridan birida yollanma askarlar mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashi, uyiga qaytishi yoki Prigojin bilan birga Belarusga ketishi mumkinligini aytdi.

«Vagner» jangchilari Rostov-Don ko‘chalaridan birida, 24 iyun
EPA/ARKADIY BUDNITSKY

Jangchilarning katta qismi qaysi variantni tanlashi hozircha noaniq (hozir hatto ularning aksariyati qayerda ekani ham noma’lum). Ammo agar yollanma askarlarning bir qismi Rossiyada harbiy xizmatda qolishga qaror qilsa, ehtimol ular avvalgidek mustaqillikka ega bo‘lmaydi. Rossiya mudofaa vazirligi «Vagner»da mavjud bo‘lgan texnikalarni o‘z tasarrufiga olishini allaqachon e’lon qildi. BBC muxbiri Sara Reynsfordning aniqlashicha, isyonga qaramay, hozircha «Vagner»ning ishonch telefonlari ko‘ngillilarni xizmatga yollashda davom etmoqda. Ular kimning rahbarligi ostida va qayerda jang qilishi hozircha noma’lum.

Belarusga borganlar taqdiri nima bo‘lishi ham noma’lum. Prezident Aleksandr Lukashenkoning ta’kidlashicha, «Vagner» a’zolari Belarus qurolli kuchlari bilan «tajriba almashish» imkoniyatiga ega bo‘ladi — bu qanday tarzda amal oshirilishini faqatgina taxmin qilish mumkin.

«Vladimir Putinning oshpazi»dan o‘zining shaxsiy harbiy guruhini yaratishgacha yo‘l bosgan Yevgeniy Prigojinning taqdiri ham savol ostida. Ko‘rinishidan, tadbirkor haqiqatan ham jinoiy javobgarlikdan qochishi mumkin (hech bo‘lmaganda hozircha).

OAV tadbirkorga aloqador biznes-jyetlar Belarus va Rossiya o‘rtasida uchayotgani, Prigojinga o‘xshagan odam uning Sankt-Peterburgdagi ofisida ko‘ringani (shuningdek, vertolyotga o‘tirgani) haqida xabar bermoqda. Yevgeniy Prigojin aslida qayerda ekani noma’lum. Prigojin faoliyatini yorituvchi telegram-kanallar so‘nggi kunlarda uning rejalari haqida xabar bermadi.

Yaqin kunlar va haftalarda hukumat «Vagner» asoschisining biznes imperiyasi — «Konkord» kompaniyasi, Prigojin bilan bog‘liq ommaviy axborot vositalari (RIA FAN va boshqalar), mashhur «trollar fabrikasi» va boshqa aktivlar bilan nima qilmoqchi ekani ma’lum bo‘ladi. Masalan, The Bell nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Vladimir Putinga yaqin tadbirkor Yuriy Kovalchuk Prigojin vasiylik kengashiga rahbarlik qiluvchi «Patriot» mediaholdingining yangi egasi bo‘lishi mumkin.

So‘nggi kunlarda Sankt-Peterburgdagi nashrlar Prigojinga bog‘liq binolarda o‘tkazilayotgan tintuvlar haqida ko‘p yozdi: ushbu tintuvlar davomida xavfsizlik kuchlari boshqa narsalar qatorida, milliardlab rubl naqd pul topgan.

Prigojin boshchiligidagi «Vagner» shaxsiy tarkibi dunyoning ko‘plab mamlakatlarida, jumladan Suriya, Liviya, Sudan, Mali, Markaziy Afrika Respublikasi, Mozambik, Burkina-Faso, Madagaskar va Venesuelada faol harakat qilganini unutmaslik kerak. Ushbu davlatlarning ko‘pchiligida Prigojinning biznes manfaatlari ham bor. Wall Street Journal nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Kreml «Vagner» Rossiya davlati nazorati ostiga o‘tayotgani haqida mahalliy hukumatlarni xabardor qilishni boshlagan.

Hozircha Putinga yaqin xavfsizlik xodimlariga isyonda g‘olib chiqqandek. Ammo boshqalarga, masalan, general Surovikinga nisbatan savollar tug‘ilganga o‘xshaydi

Prigojin isyoni muvaffaqiyatsiz yakunlanganidan so‘ng, Rossiya telegram-kanallarida mamlakat harbiy rahbariyatida katta o‘zgarishlar bo‘lgani haqida mish-mishlar tarqaldi. Potensial qurbon sifatida Prigojinning asosiy raqibi, mudofaa vaziri Sergey Shoyguning nomi tilga olinayotgandi. Yollanma askarlarning Moskvaga marshidan bir hafta o‘tib, bu mish-mishlar haqiqatdan yiroq ko‘rinmoqda.

26 iyun kuni kechki payt, Vladimir Putinning murojaatidan ko‘p o‘tmay, Kreml prezidentning mamlakat xavfsizlik xizmati rahbarlari bilan suhbati aks etgan kadrlarni tarqatdi. Sergey Shoygu ham ushbu yig‘inda ishtirok etdi. U, shuningdek, Putin rossiyalik harbiylar bilan uyushtirgan uchrashuvda ham paydo bo‘ldi — demak iste’foga chiqish haqida hech qanday gap yo‘qligi aniq. Putinga bunday ommaviy yaqinlik odatda qo‘llab-quvvatlash belgisi sifatida ko‘riladi.

Yakunlangan hafta OAVda Rossiya gvardiyasi boshlig‘i Viktor Zolotovning faolligi ham sezilarli bo‘ldi. U so‘nggi oylarda ko‘proq soyada qolayotgandi (Putin bilan tungi uchrashuvda u ham bor edi). Zolotov jurnalistlar bilan Rosgvardiya jangchilari Moskvani qanday himoya qilmoqchi bo‘lgani haqida faol suhbatlashdi va gvardiya yaqin kelajakda og‘ir qurollar va tanklar olishi haqidagi ma’lumot bilan o‘rtoqlashdi. Uning gaplaridan Rossiya gvardiyasi o‘zining kichik armiyasini yaratmoqchi degan xulosaga kelish mumkin.

Putin va xavfsizlik kuchlarining faolligi ko‘plab jurnalistlar va ekspertlarni Kreml yaqin oylarda butunlay eski va sinovdan o‘tgan, eng muhimi, hukumatga sodiq kadrlarga tayanadi, degan xulosaga kelishga undagan. Rasmiy hokimiyat vertikalga kirmagan (ya’ni Prigojin kabi) odamlarni faol qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tajriba esa muvaffaqiyatsiz tugadi.

Putin 26 iyun kuni kuchishlatar tuzilmalar rahbarlari bilan uchrashuv chog‘ida
Foto: VALERY SHARIFULIN/TASS

Lekin yuzaga kelgan vaziyatdan aybdorlarni qidirmasdan o‘tib ketish dargumon. So‘nggi kunlarda Rossiyaning oxirgi vaqtlardagi eng mashhur harbiy rahbarlaridan biri general Sergey Surovikin e’tibor markazida turibdi. Suriyadagi guruhning sobiq komandiri Surovikin Ukrainada jang qilayotgan qo‘shinlarga ham qisqa muddat rahbarlik qilgandi. Aynan u 2022 yil kuzida Xersonni tark etish to‘g‘risida rasman «qiyin qaror» qabul qilgan. Keyinchalik uning o‘rniga Bosh shtab rahbari Gerasimov keldi, ammo Surovikin uning o‘rinbosari bo‘lib qoldi. G‘arb matbuotida uni «general Armageddon» deb atashadi.

Surovikin Prigojin maqtov bilan gapirgan kam sonli rus harbiy rahbarlaridan biri edi. 2023 yil bahorda tadbirkor general «snaryad taqchilligi» tufayli yuzaga kelgan mojaro fonida yollanma askarlar va armiya o‘rtasida o‘ziga xos vositachiga aylangani haqida xabar berdi. O‘shanda Prigojin harbiy rahbariyatni Baxmutga hujum qilish uchun zarur bo‘lgan o‘q-dorilarning sun’iy yetishmovchiligini yaratishda ayblagandi.

23 iyun kuni kechqurun, isyonning birinchi kunida, Surovikin Prigojinga isyonni to‘xtatishni so‘rab murojaat qildi. O‘shandan beri uni hech kim ko‘rmagan. 28 iyun kuni kechqurun u hibsga olingani haqida mish-mishlar tarqaldi. Financial Times gazetasi general so‘roq uchun ushlab turilgani haqida xabar berdi. Bloomberg ham xuddi shu haqda yozdi va 30 iyunga o‘tar kechasi razvedka ma’lumotlariga tayangan holda New York Times ham shu mazmunda xabar chiqardi. «Vajnyye istorii» Rossiya Bosh shtabiga yaqin ikki manbaga tayanib, Surovikin go‘yoki so‘roq qilingani, ammo keyin qo‘yib yuborilgani haqida xabar berdi. Kreml bunga izoh berishdan bosh tortdi.

Surovikinga qarshi qanday e’tirozlar paydo bo‘lgani (va ular umuman mavjudligi) noma’lum. New York Times va Wall Street Journal’ning yozishicha, general isyonga tayyorgarlik haqida oldindan bilgan. Financial Times Surovikin isyonga aloqadorlikda gumon qilingani uchun emas, balki Prigojin bilan iliq munosabatlari tufayli xavfsizlik kuchlari e’tiboriga tushgan bo‘lishi mumkinligini yozgan. Shunday yoki boshqacha bo‘lishidan qat’i nazar, armiyada «tozalash» boshlangani haqida gapirishga hali erta, ammo ochiq isyonga yo‘l qo‘ygan rus xavfsizlik kuchlariga e’tibor kuchayishining oldini olish mumkin emas.

Mavzuga oid