O‘zbekiston | 14:44 / 03.07.2023
7019
2 daqiqa o‘qiladi

Nepal-Hindiston chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga uringan O‘zbekiston fuqarosi ushlandi

Foto: noorimages.com

Hindistonning ayrim OAVda kecha ushbu davlatga Bihar shtatidagi Sitamarhi tumanida Nepaldan noqonuniy tarzda kirishga urinayotganda ushlangan O‘zbekiston fuqarosi haqida ma’lumot tarqatildi.

Ma’lum qilinishicha, o‘zini O‘zbekiston fuqarosi deb tanishtirgan X.M. ismli kishining yonida amaldagi pasporti yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatlari bo‘lmagan.

O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida tezkor chora-tadbirlar ko‘rmoqda. Shu maqsadda Hindistonning tegishli mahkama va idoralari bilan aloqa o‘rnatilib, mazkur vaziyat nazoratga olingan.

Diplomatik missiya fuqarolarni Hindistonga safar qilishdan oldin turli shubhali guruh yoki shaxslarning yolg‘on va’dalariga aldanib qolmaslik, ushbu mamlakatga kirish va unda bo‘lib turish chog‘ida mahalliy qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.

Elchixona bunday holatlar yuzaga kelgan taqdirda zarur konsullik-huquqiy yordami ko‘rsatilishi uchun zudlik bilan quyidagi vositalar orqali murojaat qilishni tavsiya qiladi: telefon: +91 11 2467 0774/75, telegram-bot: @consuluzbindia_bot

Hindiston OAV tarqatgan xabarga ko‘ra, yil boshidan beri 10 dan ortiq davlatning kamida 35 nafar fuqarosi Nepal-Hindiston chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga urinayotgan paytda qo‘lga olingan.

Mavzuga oid