Jahon | 09:35 / 12.07.2023
7064
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh YuNESKOga qaytdi

AQSh 2017 yilda prezident Tramp davrida tashkilotni tark etganidan keyin YuNESKOga qaytdi. Vashington tashkilot oldidagi a’zolik badallari qarzini to‘laydi.

Foto: AFP

11 iyul, seshanba kuni tashkilot bosh direktori Odri Azule AQSh besh yillik tanaffusdan so‘ng YuNESKOga (Birlashgan Millatlar Tashkilotining ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti) rasman qaytganini ma’lum qildi.

«Bu YuNESKO uchun ajoyib yangilik. So‘nggi yillarda kuzatilgan jadallik endi o‘sishda davom etadi. Bizning tashabbuslarimiz butun dunyo bo‘ylab kuchliroq bo‘ladi», - dedi Azule. AQSh qaytganidan keyin 194 davlat YuNESKOga a’zo bo‘lib turibdi. Iyul oyi oxirida VIP mehmonlar ishtirokida rasmiy bayroq ko‘tarish marosimi o‘tkazilishi kutilmoqda.

Iyun oyi boshida Qo‘shma Shtatlar YuNESKOga yana a’zo bo‘lish qarori haqida xabar berdi. Axios yozganidek, AQSh davlat kotibining boshqaruv va resurslar bo‘yicha o‘rinbosari Richard Verma BMT madaniyat agentligiga Vashingtonning tashkilot oldidagi qarzini to‘lash rejasini o‘z ichiga olgan maktub yo‘llagan. 

O‘tgan yilning dekabr oyida AQSh Kongressi YuNESKOga a’zolik to‘lovi uchun 500 million dollardan ortiq mablag‘ni ma’qulladi va bu mamlakatning tashkilotga qayta a’zo bo‘lishiga imkon berdi. AP xabariga ko‘ra, bu qaror Xitoy tashkilot yetakchisi sifatida AQSh o‘rnini egallashidan qo‘rqish tufayli qabul qilingan. 

2011 yilda Falastin ma’muriyati YuNESKOga to‘laqonli a’zo bo‘lgach, prezident Barak Obama ma’muriyati tashkilotni moliyalashtirishni to‘xtatdi. 2017 yil oktyabr oyida Donald Tramp davrida AQSh rasmiylari YuNESKOni «Isroilga qarshi pozitsiyada» ayblab, agentlikdan chiqishini e’lon qildi. Oradan ko‘p o‘tmay, Isroil ham YuNESKOdan chiqishini bildirdi.

2022 yil fevral oyida Isroil hukumati AQSh Davlat departamentini AQShning tashkilotga qaytishiga qarshi chiqmasligi haqida xabardor qildi. Isroilning pozitsiyasi Kongressdagi ba’zi demokratlar va respublikachilarga bu qadamni qo‘llab-quvvatlashga imkon berdi, deb yozadi Axios. 

Mavzuga oid