Sport | 17:50 / 13.07.2023
32733
10 daqiqa o‘qiladi

Messi qayerga ketdi? O‘ziga xos moliyaviy piramidani eslata boshlagan MLS haqida

Foto: Getty Images

Saudiya Arabistoni ligasi transfer ishtahalari hozircha Messining Amerikaga ketishiga soya solib turibdi. Aslida argentinalik futbolchi mintaqadagi futbol taqdirini hal qilishi mumkin. Bir paytlar Amerikada futbol bormi, degan savol, go‘yoki o‘rta asrlardagi «Amerika bormi?» savoliga hamohang yangragan bo‘lsa-da, avvaliga JCh-94, keyinchalik Bekhemning Los-Anjyeles klubiga o‘tishi kabi voqealar e’tiborimizni vaqtincha bo‘lsa ham qaratishga sabab bo‘lardi. Messining transferi o‘sha voqealardan kam emas, aksincha, hatto MLS’ning kelajagini ham belgilab berishi mumkin. MLS nima? U qayerdan nafas oladi? Rostan ham «Inter Mayami» AQSh chempionatida autsaydermi? Shular haqida batafsil.

Messiga faqat bir klub pul to‘lamaydi

Alohida olganda, MLS chempionatidagi hech bir klub Messining xarajatlarini qoplay olmaydi. Ispaniyaning Sport nashri xabariga ko‘ra, futbolchi Mayamida yiliga 50 million yevro ishlab topadi. U katta farq bilan liganing eng yuqori daromadli futbolchisiga aylanadi, shu bilan birga Shimoliy Amerikada faoliyat ko‘rsatadigan barcha sportchilar orasida o‘nlikka ham kirib oladi. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, «Inter» (Mayami) 2022 yilda 56 million dollar tushum qilgan va 5 million dollar zarar bilan chiqqan. Ya’ni birgina Messining maoshini to‘lash uchun klub bir yillik topgan pulining barchasini ishlatishiga to‘g‘ri keladi.

Yevropada bunday holatni umuman tasavvur qilish qiyin, ayniqsa Fair Play shartlari ostida. O‘z vaqtida Messining katta maoshi «Barselona»ning moliyaviy ahvoliga ham ta’sir ko‘rsatgani tufayli klub hali ham inqirozdan chiqib keta olgani yo‘q.

Ammo «Inter»ga butun liga yordam beradi. Xabar berishlaricha, Messi daromadning ma’lum qismini MLS hamkorlari bo‘lgan Apple va Adidas kompaniyalaridan oladi, shuningdek, faoliyatini tugatgach, u klubning egalaridan biriga aylanadi.

Yevropada butun liga va uning reklama beruvchilari bir klubga u hatto Messi bo‘lsa ham, bir futbolchini sotib olishda yordam berishini tasavvur ham qila olmaysiz, ammo MLS butunlay boshqa qoidalar asosida yashaydi. Sokker ligasi Shimoliy Amerika va dunyo tizimining qorishmasidan iborat bo‘lgan tashkiliy tuzilmadir.

Olti klubga bir xo‘jayin

Devid Bekhem va uning biznesdagi sheriklari «Inter Mayami» egalari hisoblanadi. Tadbirkorlar konsorsiumi klubni boshqaradi va ular erkin, istashsa daromad olishadi yoki o‘z ulushlarini sotib yuborishadi. Ammo yuridik tomondan klub ularga tegishli emas.

MLS an’anaviy Shimoliy Amerika sport tuzilmasini o‘zi uchun moslashtirib olgan. Eng boshida AQSh sporti asosan universitetlar atrofida qurilgan, hamon talabalar sporti ancha ommaviy ekanini shundan tushunish mumkin. O‘tgan asr boshlarida qit’ada ilk professional jamoalar paydo bo‘ldi, ammo chempionatlar Yevropa tizimidan farq qiladigan tuzilmalarda tashkil qilingan.

Shimoliy Amerikada quyi ligaga tushib ketish tizimi bo‘lmagan, zero quyi ligalarning o‘zi yo‘q edi. Ammo har bir sportda bir-biridan mustaqil bo‘lgan bir necha ligalar mavjud bo‘lgan. Bu amaliyot 1970-yillar oxirigacha ishlagan, keyinchalik ikki raqobatchi hokkey ligalari bo‘lmish NHL va VHA birlashgach, qit’ada eng ommaviy bo‘lgan to‘rtala sportda ham yagona liga qoldi.

Bu ligalar avvalo tijoriy bo‘lib, asosiy maqsad foyda olish edi. Muvaffaqiyatsiz jamoalar ligadan tushib ketishi bu maqsadga mos kelmasdi. 90-yillar boshiga kelib, qit’ada to‘rtta asosiy sport ligasi shakllandi. Amerika futbolida NFL, basketbolda NBA, hokkeyda NHL, beysbolda esa MLB.

MLS biroz kechroq, 1994 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatidan so‘ng paydo bo‘ldi. O‘z vaqtida NASL (Shimoliy Amerika Sokker Ligasi) bo‘lgan, ammo 1984 yilda inqirozga yuz tutgan. O‘n ikki yil AQShda umuman futbol chempionati bo‘lmagan, FIFA esa 1994 yilgi mundialni qabul qilish uchun mana shunday shart qo‘yadi.

MLS raqobatchilaridan biroz kech paydo bo‘lgani uchun ilk yillarda moliyaviy tomondan inqirozli edi, shu bilan birga tuzilma ham o‘ziga xos bo‘lgan. Masalan, AEG xo‘jayini Filipp Anshuts birdaniga 6 jamoani boshqargan, biznesmen Lamar Hantda esa uch klub bor edi. Bunday investorlarsiz MLS’ni saqlab qolish imkonsiz edi, ammo yakunda ancha qiziqarli bo‘lgan boshqaruv modeli shakllanib qoldi.

Egasiz klublar

Rasman hozirda MLS klublarining egasi yo‘q. Klubni liga aksionerlari boshqarishadi. Masalan, 2025 yilda San Diyego klubi turnirga qo‘shiladi va Muhammad Mansur ismli tadbirkor buning uchun 500 million dollar to‘ladi. Lekin bu ushbu klubning qiymati, deb ham tushunmaslik lozim.

Aslida Mansur MLS aksionerlaridan biri bo‘lish uchun 500 million dollar to‘ladi va liga unga Kaliforniya janubida yangi klub tuzish va uni boshqarishga ruxsat berdi. Ya’ni bu xuddi franchayzingga o‘xshaydi. Xususan, MLS’ning barcha klublari liganing o‘ziga qarashli bo‘lib, futbolchilar bilan shartnomalar ham buning ichiga kiradi. Klub «egalari» shunchaki, franshizalarni boshqargan holda daromad olishadi.  

Shu bilan birga, har bir franshiza uchun talablar bo‘lib, TV-bozor hajmi, muxlislarning to‘lov qobiliyati, mos infratuzilmasi bo‘yicha har bir klub shunday talablarga javob berishi lozim. Qanchadir million berib, aytaylik, Vayomingning bir burchagida klub ochish imkonsiz, zero aksionerlar bunga rozi bo‘lishmaydi, axir har bir klub muvaffaqiyati butun liga tashkiloti uchun muhim, dividendlar shu asosda shakllanadi.

Shuning uchun Messi keysi faqat MLS’da mumkin, Yevropada emas. 29 klub egalari Messining ligada o‘ynashidan manfaatdor. Yuqorida aytganimizdek, boshqaruvchilar sovrin yutish, raqobatchi jamoa kuchayishi yo kuchsizlanishi kabi yo‘nalishda fikrlamaydilar, ular uchun MLS’ning daromadli bo‘lishi muhimroq. Messi liga daromadini, shu tariqa, har bir klub egalari oladigan foyda ulushini oshiradi. Masalan, Apple TV sotadigan MLS Season Pass obunachilari soni ham sezilarli ko‘payishi turgan gap.

Tenglik ligasi

Tabiiyki, har qanday amerikacha boshqaruv modellari singari, MLS’da o‘zaro tiyib turish va muvozanat tizimlari ham ishlaydi. Barcha klublar deyarli teng shartlarda bo‘lishlari uchun, masalan, maoshlar limiti bor. Boshqa sport ligalarida ham buni kuzatish mumkin. Bir klubning umumiy ish haqi budjeti 5,21 million dollar bo‘lishi kerak. Eng minimal maosh 85,4 ming dollar, eng katta maosh esa 651 ming dollarga teng.

Uch nafar futbolchi chegaradan tashqarida qolishi mumkin. Bu qoidani bir paytlar Devid Bekhem kelishi uchun kiritishgan edi. Agar bunday qoida bo‘lmasa, o‘shanda «Los Anjyeles Geleksi» Bekhemni o‘ynata olmasdi. Xuddi shu Bekhem qoidasi yordamida «Inter» Messi bilan shartnoma imzolay oldi.

Tenglik faqat maoshlarda emas. Klublar daromadlarini o‘zaro bo‘lishadi, hatto sotilgan chiptalar bo‘yicha olingan pullarni ham. Shuning uchun ligada yaqqol ustunlik qiladigan biror klubni ko‘rmaysiz.

Yana bir qiziq keys. MLS’da legionerlar uchun limit bo‘lib, har bir klub 8 nafargacha xorijlik futbolchi kvotasiga ega, ammo bu kvotalar sotilishi yoki ayirboshlanishi mumkin. Ya’ni ba’zi klublar boshqa klubga pul to‘lab, belgilangandan ortiq legioner futbolchini o‘ynata oladi. Boshqa sport ligalari kabi MLS ligasida ham draft mavjud, ammo hali u qadar ahamiyatli qurolga aylanib ulgurmadi.

Messi piramidani qutqara oladimi?

Qog‘ozda hammasi yaxshi, ammo aslida, muammolar yetarli. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda 28 klub umumiy 1,5 milliard tushum qilgan, lekin umumiy foyda atigi 34 million dollarni tashkil qildi xolos. 19 jamoa zarar bilan chiqdi, faqat uch klub 5 million dollardan ko‘proq foyda qildi.

Taxminlarga ko‘ra, Messi bilan tuzilgan shartnoma bo‘yicha Apple tomonidan sotiladigan translatsiya huquqlaridan keladigan daromad oshishi kerak. Ammo translatsiya sifati ko‘p tanqid ostiga olinyapti, mutaxassislar fikricha, bu ko‘rinishda ligani ommaviylashtirish juda qiyin. Shuning uchun ham ko‘p muxlislar ligani «moliyaviy piramida»ga tenglashtirishmoqda, zero asosiy daromad manbayi yangi qo‘shilgan klublarning to‘lovlari bo‘lib qolgan. 

Shuni ham unutmaslik kerakki, aksariyat mulohazalar va ko‘rsatkichlar Messining kelishidan oldingi vaziyatni anglatadi. Balki Messi mintaqadagi futbolga yangi sahifa ochuvchi turtki bo‘lar. Ammo yana bir risk bor: agar ushbu transferdan so‘ng ham pullik kanal obunachilari yoki tribunalardagi muxlislar soni sezilarli darajada oshmasa, investorlarning hafsalasi pir bo‘lishi turgan gap. Axir Messi kabi yulduzki ta’sir ko‘rsata olmasa, umuman sokkerning Shimoliy Amerikadagi salohiyati shubhali bo‘lib qoladi.

Forbes materiali asosida

Mavzuga oid