Jahon | 09:59 / 13.07.2023
2138
2 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlament tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi munozarali qonunni qo‘llab-quvvatladi

Yevropa Ittifoqida tabiatni tiklash va biologik xilma-xillikni saqlash to‘g‘risidagi qonunni tanqid qiluvchilar bu fermerlar farovonligiga xavf solishidan xavotirda. 

Foto: EPA-EFE

Yevroparlament 12 iyul, chorshanba kuni ko‘pchilik – 336 ta «ha», 300 ta «qarshi» hamda 13 ta betaraf ovoz bilan Yevropa Ittifoqida tabiatni muhofaza qilish va biologik xilma-xillikni saqlashga qaratilgan qonun loyihasini ma’qulladi

Yevrokomissiya tomonidan ishlab chiqilgan tashabbusga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi 2030 yilga borib Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar chegaralaridagi quruqlik va dengizlar yuzasining kamida 20 foizini tabiiy holatiga qaytarish choralarini ko‘rishi kerak. Xususan, gap o‘rmonlar barpo etish, shaharlarni ko‘kalamzorlashtirish, torf botqoqlarini tiklash va yo‘qolib borayotgan ekotizimlarni qayta tiklashga qaratilgan boshqa chora-tadbirlar haqida bormoqda. 

Qonun loyihasiga Yevropa parlamentida konservativ Yevropa xalq partiyasi, shuningdek, o‘ng qanot populistik «Tenglik va demokratiya» fraksiyasi qarshi chiqmoqda. Yevropa xalq partiyasi, xususan, qonun loyihasida belgilangan tabiiy landshaftlarni tiklash chora-tadbirlari ularning faoliyatini jiddiy cheklashi mumkin, deb hisoblagan yirik fermerlar uyushmalarining xavotiriga qo‘shilgan. U qishloq xo‘jaligi yerlari maydoni va ekinlar hajmining qisqarishiga olib kelishi mumkin, bu esa Yevropa Ittifoqi oziq-ovqat xavfsizligi va fermerlar farovonligiga xavf tug‘diradi, deya ogohlantirmoqda qonun loyihasi tanqidchilari. 

Ayni paytda, nazariy jihatdan 2024 yilgi Yevropa parlamenti saylovlaridan oldin ham qabul qilinishi mumkin bo‘lgan qonunni IKEA, H&M, Unilever va Nestlé kabi ko‘plab yirik Yevropa kompaniyalari qo‘llab-quvvatladi. Bundan tashqari, tashabbus qator olimlar, atrof-muhitni muhofaza qilish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tashkilotlari, ayrim fermer xo‘jaliklari uyushmalari tomonidan yuqori baholandi. 

Qonun kuchga kirishi uchun uni Yevropa Ittifoqiga a’zo barcha davlatlar ma’qullashi kerak. Tez orada bu masala bo‘yicha muzokaralar boshlanishi kutilyapti. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid