O‘zbekiston | 12:03 / 15.07.2023
10921
5 daqiqa o‘qiladi

1,7 mlrd so‘mga motivatsiya, 750 mln so‘mlik elektron tizim va har biri 16 mln so‘mlik rolik – YoIA milliardlarni nimalarga ishlatyapti?

Yoshlar ishlari agentligi oxirgi 2 oyda qiymati 4 mlrd so‘mlik 3ta tender o‘tkazdi. Ulardan ikkitasida avval Yoshlar ittifoqi huzurida bo‘lgan “Yoshlar kelajagimiz” jamg‘armasi g‘olib chiqqan.

Foto: Yoshlar ishlari agentligi

13 iyul kuni yoshlar ishlari agentligi mahalladagi yoshlar yetakchilari ish faoliyatini baholash elektron reyting tizimini yaratish va bir yillik texnik qo‘llab-quvvatlash xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha qiymati 753,48 mln so‘mlik tender o‘tkazgan. “United IT Company” MChJ, “Energy Consult” MChJ va “Entertainment” MChJlar ishtirok etgan tenderda “United IT company” g‘olib deb topilgan.    

Motivatsion treninglarga – 1,7 mlrd so‘m 

Agentlik o‘tkazgan yana bir e’tiborga molik tender yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish maqsadida taniqli tadbirkorlar ishtirokida motivatsion treninglar tashkil etish xizmatini ko‘rsatishga oid. Loyiha qiymati 1 mlrd 702 mln so‘mni tashkil qiladi. Ushbu lot bo‘yicha 2023 yil 14 iyunda o‘tkazilgan tenderda “Yoshlar kelajagimiz jamg‘armasi” g‘olib bo‘lgan

Agentlik va “Yoshlar kelajagimiz jamg‘armasi” o‘rtasida tuzilgan shartnomaga ko‘ra, jamg‘arma grafik asosida 17 iyundan 28 avgustga qadar respublika hududlarida motivatsion treninglar tashkil qilib berishi kerak. 

1,7 mlrd so‘m mablag‘ning 192 mln so‘mi spikerlar va tashkiliy ishchi guruh uchun mehmonxona, yo‘l, ovqatlanish va xizmat safari bilan bog‘liq xarajatlarga sarflanishi ko‘zda tutilgan. 

Bundan tashqari, motivatsion treninglarni tashkil etish xarajatlari – 725 mn so‘m; treninglarda faol ishtirok etgan yoshlarni rag‘batlantirishga 600 mln so‘m, trening reklamasi, mashhur blogerlarga reklama berish, targ‘ibot, anons videoroliklar tayyorlash, treninglarni to‘liq tasvirga olish uchun 185 mln so‘m sarflanadi. 

Har biri 16 mln so‘mga teng videoroliklar

Agentlik tomonidan o‘tkazilgan yana bir tender yoshlarga moliyaviy savodxonlik, kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rgatishga qaratilgan videomateriallarni tayyorlash xizmati ko‘rsatishga oid. Tender qiymati – 1 mlrd 696 mln so‘m. 

Tender e’lonida keltirilishicha, davomiyligi 2 daqiqadan kam bo‘lmagan yoshlarga moliyaviy savodxonlikni o‘rgatishga qaratilgan videomateriallarni tayyorlash uchun 150 mln so‘m ajratilgan (jami 50ta video). Bunda har bir videoning o‘rtacha narxi 3 mln so‘mga teng. 

Yoshlarga kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalarni o‘rgatishga qaratilgan videomateriallarni tayyorlash uchun esa 1,6 mlrd so‘m. Har bir videomaterial davomiyligi 7 daqiqadan kam bo‘lmagan 100ta video tayyorlanishi kerak – har bir video xarajati 16 mln so‘m etib belgilangan. Ushbu tenderda ham “Yoshlar kelajagimiz” jamg‘armasi g‘olib bo‘lgan.  

“Yoshlar kelajagimiz” jamg‘armasi haqida

Yoshlar kelajagimiz jamg‘armasi (nodavlat-notijorat tashkiloti) prezident farmoniga muvofiq 2018 yilda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi huzurida tashkil etilgan. Jamg‘armaning asosiy vazifasi “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi doirasida yosh tadbirkorlarga turli shaklda moliyaviy yordam ko‘rsatish hisoblanadi. Prezidentning 2020 yil 1 iyuldagi PF-6017-son farmoni bilan Jamg‘arma 2021 yil 1 yanvardan mustaqil nodavlat notijorat tashkilot sifatida qayta tashkil etilishi belgilangan.

Jamg‘arma yoshlar ishlari agentligi o‘tkazgan boshqa tenderlarda ham g‘olib bo‘lgan. Masalan: 

• Qiymati 456 mln so‘mlik yoshlarning mantiqiy bilimlarini, intellektual salohiyatini va savodxonligini oshirish, intellektual o‘yinlar tashkil qilinishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va zarur shart-sharoitlar yaratish xizmatini ko‘rsatish (2022 yil 12 dekabr).

• Qiymati 852 mln so‘mlik yoshlar savodxonligini oshirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni ommalashtirish, yoshlarning o‘z sohasida muvaffaqiyatga erishishlariga ko‘maklashish, ularning ishbilarmonligi va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash loyihasi (11 noyabr, 2022 yil).

• Qiymati 850 mln so‘mlik yoshlarga biznes bilan shug‘ullanish orqali daromad topish hamda ularga bunday faoliyatni yo‘lga qo‘yishning amaliy jihatlarini o‘rgatishga karatilgan “Kouching” videomateriallarni tayyorlash (11 may, 2022 yil).

Mavzuga oid