O‘zbekiston | 20:02 / 15.07.2023
20636
5 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuror tergov, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashishda yo‘l qo‘yilayotgan xatolarni tanqid qilgan

Biroq Bosh prokuratura matbuot xizmati Nig‘matilla Yo‘ldoshev aynan qanday kamchiliklarni nazarda tutganini ochiqlamagan.

Nig‘matilla Yo‘ldoshev Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

15 iyul kuni videoselektor rejimida o‘tkazilgan Bosh prokuratura hay’atining navbatdagi yig‘ilishida Bosh prokuror o‘ta dolzarb bo‘lgan jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlarini tashkil qilish, tergov sifatini oshirish, korrupsiya holatlarining oldini olish masalalariga e’tibor qaratdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

“Bu borada erishilgan natijalarni qayd etish bilan birga, mavjud muammolar va yo‘l qo‘yilayotgan xato-kamchiliklarni keskin tanqid ostiga oldi”, deyiladi idora matbuot xizmati xabarida.

Biroq Bosh prokuror aynan qanday kamchiliklarni tanqid qilgani, tanqidga uchragan mas’ullarga qanday chora ko‘rilishi, bundan keyin ushbu yo‘nalishda nima o‘zgarishlar bo‘lishi jamoatchilikka ochiqlanmagan. Rasmiy relizda bu haqda lom-mim deyilmagan.

Bundan tashqari, hay’at yig‘ilishida sudlarda fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va iqtisodiy ishlar ko‘rilishida prokuror vakolatini samarali ta’minlash, ayniqsa, sud ishlariga asossiz aralashishlarning oldini olish, shu bilan birga, noqonuniy sud qarorlariga nisbatan o‘z muddatida munosabat bildirib borish bo‘yicha ham tegishli topshiriqlar berilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati

“Bu borada yangi tuzilgan Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi hamda murakkab ishlar bo‘yicha qonuniy yechim topishga ko‘maklashuvchi Maslahat kengashlari faoliyati tahlil qilinib, ish samaradorligini oshirishga qaratilgan tadbirlar belgilandi”, deyiladi rasmiy xabarda.

O‘ta silliq va quruq rasmiy relizda yana Bosh prokuror sud ishiga asossiz aralashuv deganda qaysi holatlarni nazarda tutgani-yu, noqonuniy sud qarorlari deganda nimani tushunish kerakligi mavhumlicha qolgan. Holbuki avvallari tanqidlar aniq misollar orqali izohlanar va o‘quvchi gap nima haqida ketayotganini osongina anglab olishi mumkin edi.

Kezi kelganda, Bosh prokuratura matbuot xizmati keyingi paytda o‘quvchiga aytarli hech qanday ma’lumot bermaydigan bayonotlar berishning hadisini olganini, ilgarigidan farqli o‘laroq yopilib olganini ta’kidlash o‘rinli nazarimizda.

Nig‘matilla Yo‘ldoshev Bosh prokuror etib tayinlangan ilk paytlarda hay’at yig‘ilishlarida shov-shuvli jinoyatlar va raqamlar ochiqlangan, jamoatchilik bu ochiqlikni Bosh prokuraturaga munosib nomzod tayinlangani bilan izohlagandi.

E’tibor qiling, 2 yilda sog‘liqni saqlash tizimidagi 581 nafar xodim jinoiy javobgarlikka tortilgani, 1591ta tibbiy muassasaning 82 foizida moliyaviy qonunbuzarliklar aniqlangani, shifokorlar bemorlarga dori-darmon buyurish, tekshiruvlarga yuborishni «biznes»ga aylantirib yuborgani, 277 mingta holatda gips qilish uchun tibbiyot gipsi o‘rniga 351 tonna qurilish gipsidan foydalanilgani, «O‘zmedimpeks» korxonasi dori vositalarini qimmat sotib olib, budjetga 9,3 mln dollar va 4 mlrd so‘m zarar yetkazgani haqidagi bayonotlar hali esimizdan chiqqani yo‘q.

Bosh prokuratura matbuot xizmati

Yoxud O‘zbekistonda so‘nggi ikki yilda 5 nafar rektor, 5 nafar prorektor, 15 nafar dekan jinoyat sodir etgani, 58 nafar oliy ta’lim xodimi o‘qishga kiritish masalasi bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilgani, 4 marotaba sudlangan fuqaro Oliy ta’lim vazirligida mas’ul lavozimda ishlagani, prokuratura tizimidagi 180 nafarga yaqin rahbar va xodimlar lavozimidan ozod etilgani yoki intizomiy javobgarlikka tortilgani, qurilishga ajratilgan 75 mlrd so‘m budjet mablag‘i talon-toroj qilingani, 2019 yilda «korrupsiyaga moyil» deb topilgan 100 nafar prokuratura xodimi ishdan bo‘shatilgani, 2 yilda korrupsiyaviy jinoyatlar oqibatida yetkazilgan zarar 2 trillion so‘mdan oshgani haqidagi hisobotlarni unutib bo‘larmidi?!

To‘g‘ri, bularning aksariya Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika Idoralararo komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishida ochiqlangan ma’lumotlar. Biroq Bosh prokuraturaning hay’at yig‘ilishlari ham bundan kam o‘tmaydi, agar idora rahbariyati va matbuot xizmati prezident Shavkat Mirziyoyev har bir yig‘ilishda ta’kidlayotganidek, ochiqlik va shaffoflik siyosatiga xayrixoh bo‘lishsa, bu ishlar to‘tab qolmagan bo‘lardi, bizningcha. Hay’at yig‘ilishlarini qo‘ya turaylik, keyingi paytda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika Idoralararo komissiyasining yig‘ilishlari tafsilotlari ham oldingidek jamoatchilikka ochiqlanmayapti.

Aslida Bosh prokuratura faoliyatida ochiqlik va shaffoflik unutib qo‘yilayotgani haqidagi misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Nasib etsa bu haqda navbatdagi maqolalarimizda so‘z yuritamiz.

Mavzuga oid