Jahon | 20:21 / 15.07.2023
17534
15 daqiqa o‘qiladi

NATO sammitida Boltiqbo‘yi davlatlari mudofaasi muhokama qilindi. Bu «Vagner» tufayli

NATO Rossiyadan himoyalanish bo‘yicha mintaqaviy rejalarni yakunlayotgan bir paytda, sharqiy Yevropa siyosatchilari Belarus va «Vagner» yollanma askarlari tomonidan kelayotgan yangi tahdid dolzarbligini ta’kidlayapti.

Foto: Getty Images

2021 yilning kuzida Yaqin Sharq va Markaziy Osiyodan kelgan minglab muhojirlar Yevropa Ittifoqiga kirish uchun Polsha-Belarus chegarasini yorib o‘tishga harakat qilgandi. Polsha bu Aleksandr Lukashenko tuzumi gibrid hujumining bir qismi ekanini ta’kidlab, harbiy xizmatchilarni og‘ir texnika bilan birga chegaraga olib kelgandi.

Vilnyusdagi NATO sammiti boshlanishidan bir necha kun oldin Polsha «vaziyatni beqarorlashtirish»ga urinishlarga tezkor javob berish zarurati tufayli Belarus bilan chegaraga yana minglab askar va 200 ta texnika tashladi.

NATOning sharqiy qanotidagi siyosatchilar chegaraga hujumlar takrorlanishi va ular bu safar yaxshi tayyorlangan va qurollangan «Vagner» yollanma askarlari tomonidan sodir etilishi mumkin, deya gumon qilmoqda.

Shafqatsiz «migrantlar»

Vilnyusdagi sammitdan bir hafta oldin Litva va Polsha «Vagner» yollanma askarlari chegaraga tashlanishi ehtimoli sabab ittifoqchi davlatlar rahbarlariga chegaralarni mustahkamlashda yordam so‘rab rasmiy xat yo‘lladi.

Sammitda ham xuddi shu ritorika davom etdi.

«Tasavvur qiling, besh ming shafqatsiz, yaxshi o‘qitilgan yollanma askarlar muhojirlar yo‘li orqali o‘tishga harakat qilmoqda... Agar ular Yevropaga o‘tib olsa nima qiladi?», degan Latviya bosh vaziri Krishyanis Karinsh.

Uni Polsha prezidenti Anjyey Duda qo‘llab-quvvatlagan. «NATOning barcha forumlarida va barcha ikki tomonlama uchrashuvlarda biz ikkita masalani ko‘taramiz, bular «Vagner» va taktik yadro qurollarining Belarusga joylashtirishi», degan Polsha rahbari.

Xuddi shu mavzuni Litva prezidenti Gitanas Nauseda ham ko‘targan. «Men Baydenga Belarus muammoga aylanib borayotganini allaqachon aytdim. Mintaqamizdagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat tobora yomonlashmoqda», deya muammoga to‘xtalgan u.

Norasmiy suhbatlarda g‘arbiy hamkorlar yelka qisib, yangi tahdidga javob berishga tayyor emasliklarini tan olgan, ustiga-ustak Sharqiy Yevropa davlatlaridan boshqa hech kim hali bu tahdidni ochiq ko‘rmayapti.

«Biz nima bo‘layotganini kuzatib boramiz. Va, albatta, Litva bilan qo‘shni mamlakatlarda sodir bo‘layotgan voqealar biz uchun muhim. NATO har qanday potensial tahdiddan o‘zini himoya qilishga tayyor, ammo biz hozircha «Vagner»ning Belarusga joylashtirilishini ko‘rmayapmiz», dedi NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg.

Ammo alyansda hatto bunday ma’lumotlar bo‘lgan taqdirda ham, bunga qanday munosabat bildirishi to‘liq aniq emas. Agar Karinsh ssenariysi amalga oshsa, ya’ni yollanma askarlar «boshqariluvchi migratsiya»ning bir qismiga aylansa ham, bu NATO uchun muammo bo‘lmaydi.

Norasmiy suhbatlarda diplomatlar migratsiya harbiy muammo emasligi, ya’ni alyans uni hal qilmoqchi emasligini aytgan. Hatto ushbu uyushtiriluvchi migratsiya ortida Lukashenko turgan bo‘lsa ham. Ularning ta’kidlashicha, bu milliy hukumatlar va Yevropa Ittifoqining javobgarlik zonasi masalasi.

Bundan tashqari, yuridik nuqtayi nazardan, «Vagner»ni endi Rossiya armiyasining bir qismi deb hisoblash kerakmi yoki yo‘qmi, bu ham aniq emas. Hatto agar aloqa aniq bo‘lsa ham, yollanma askar-muhojirlarning gibrid hujumi Rossiya tomonidan hujum sifatida baholanishi noma’lum. Boshqacha qilib aytadigan bo‘lsa, «Vagner» NATO shartnomasining 5-moddasi ishga tushishiga sabab bo‘lishi ehtimoli kam.

Ammo NATO hali javob bermagan bo‘lsa ham, Sharqiy Yevropa o‘z hududiga qancha qo‘shin va qanday texnikalar joylashtirilishi kerakligi haqidagi munozaralarda baribir yangi «zot» kartaga ega bo‘ldi. Tahdidlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, mustahkamlashga ehtiyoj ham shunchalik ko‘proq bo‘ladi.

Boltiqbo‘yi mamlakatlarida xalqaro harbiy yordamga bo‘lgan ishtaha har doim yuqori bo‘lgan: bu birinchidan, o‘z resurslarining yetishmasligi, ikkinchidan, harakatlarini oldindan aytib bo‘lmaydigan o‘ta tajovuzkor qo‘shnilar bilan umumiy chegaralar mavjudligi tufaylidir. Savol tug‘iladi — Boltiqbo‘yi mamlakatlari nimalarni olmagan va ehtimoliy tajovuz yuz berganda ularga nima kerak bo‘ladi?

Hatto urinib ham ko‘rmasliklari uchun tiyib turish

So‘nggi to‘qqiz yildan beri alyans sharqiy qanotda amalga oshirayotgan barcha islohotlar — juda shartli ravishda ikki qismga bo‘linadi: mudofaa va tiyib turish.

Boltiqbo‘yi davlatlari havo kengliklarida NATO bo‘yicha ittifoqchilar Britaniya va Germaniya samolyotlari navbatchilik qiladi. Foto: ROYAL AIRE FORCE

Ikkinchi qism bilan hammasi oddiy: gap 2017 yildan beri Boltiqbo‘yi mamlakatlari va Polshada joylashgan xalqaro kontingent haqida ketmoqda. Uning maqsadi jang qilishdan ko‘proq, Rossiyaga ushbu mamlakatlarga hujum sodir bo‘lgan taqdirda faqatgina mahalliy qo‘shinlar bilan hisoblashish kerak emasligini ko‘rsatishdir. Mana shu tiyib turish konsepsiyasi.

Sharqiy Yevropada Buyuk Britaniya (Estoniyada), Kanada (Latviyada), Germaniya (Litvada) va AQShning (Polshada) nisbatan kam miqdordagi texnikalarga ega harbiy bo‘linmalari joylashgan.

Urush boshlanguniga qadar har bir xalqaro guruh mingga yaqin kishidan iborat bo‘lgan, urush boshlanishi bilanoq esa rasmiy muzokaralarsiz kontingent soni ikki baravar ko‘paytirildi.

2022 yilgi Madrid sammitida Sharqiy Yevropa yetakchilari yanada jiddiyroq qadamni, ya’ni kontingentni diviziya darajasigacha ko‘paytirishni (20 000) talab qildi. Hamkorlar esa uni brigada darajasiga (5000) oshirishga kelishib oldi, ammo bu brigada jismoniy jihatdan Sharqiy Yevropada joylashishi shart bo‘lmasligi belgilandi. Rasmiy kelishuvlarga ko‘ra, ular o‘z mamlakatida «zaxiraga olingan» bo‘lishi mumkin.

Oradan bir yil o‘tgach, Vilnyus sammitida vaziyatga nihoyat aniqlik kiritildi: Kanada Latviyaga yana 2000 kishilik qo‘shin yuboradi (Leopard 2 tanklari bilan birga), Germaniya Litvadagi harbiy guruhi sonini 4000 kishigacha ko‘paytiradi, Buyuk Britaniya esa hamma narsani hozirgi darajasida qoldirib, Estoniya uchun «zaxira» brigadasi shakllantiradi va bu brigada o‘z hududida turadi.

Ya’ni tiyib turish va qo‘shimcha kontingent bo‘yicha, Boltiqbo‘yi mamlakatlari va Polsha bir yil oldin Madridda kelishib olingan hamma narsaga ega bo‘ldi. O‘shandan beri Boltiqbo‘yi davlatlari rahbarlarining harbiy xizmatchilar sonini ko‘paytirish bo‘yicha yangi chaqiriqlari yangramadi.

Suvalki koridori ortiq muammo emasmi?

Islohotlarning ushbu ochiq tiyib turish qismiga qo‘shimcha ravishda, asosan maxfiy saqlanadigan mudofaa qismi ham mavjud. Vilnyus sammitida NATO davlatlarining siyosiy rahbariyati Boltiqbo‘yi davlatlari rahbarlari kutgan mintaqaviy mudofaa rejalarini ma’qulladi.

Uchta mintaqaviy reja mavjud: shimol, markaz va janub. Boltiqbo‘yi markazga kiritilgan. Har bir reja beshta sohani qamrab oladi: havo, quruqlik, dengiz, fazo va kibermakon.

Aslida, bu hujjatlar — 2018 yilda Qrimning anneksiya qilinishiga javob sifatida boshlangan harbiy rejalashtirishning oxirgi bosqichidir. 2019 yilda NATOning harbiy strategiyasi, keyin esa yana bir qator boshqa hujjatlar paydo bo‘ldi.

Va faqat endigina NATO eng keng qamrovli darajaga yetib keldi, bunda alyans mamlakatlari, masalan, geografiya, tabiiy xususiyatlar va landshaftni hisobga olgan holda, har bir aniq mamlakatni himoya qilish uchun zarur bo‘lgan texnikalar va kontingent ro‘yxatini ko‘rib chiqadi.

Ushbu darajada geografiya va logistikani hisobga olgan holda kim texnika, odamlar va resurslar bilan ta’minlay olishi tushunarli bo‘ladi. Va bu yerda Boltiqbo‘yi mamlakatlari uchun ularning shimoliy qo‘shnilari Finlandiya va Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishi ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi.

«Endi bizning xavfsizligimiz faqat Suvalki koridorini himoya qilishga bog‘liq emas. Yordam boshqa tomondan ham kelishi mumkin», dedi Estoniya bosh vaziri Kaya Kallas.

Suvalki koridori Litva va Polsha o‘rtasidagi chegaraning nisbatan kichik chizig‘i bo‘lib, uning g‘arbida Kaliningrad, sharqida esa Belarus joylashgan. Agar agressor qo‘shnilar tomonidan muvofiqlashtirilgan harakatlar yuz bersa, ushbu chiziq bloklab qo‘yilishi mumkin, bu esa Boltiqbo‘yi mamlakatlarini NATOning qolgan davlatlaridan uzib qo‘yadi.

Skandinaviyaliklar alyansga qo‘shilgandan so‘ng, boshi berk ko‘cha ssenariysi amalga oshishi dargumon — nazariy jihatdan, Boltiqbo‘yiga finnlar va shvedlar yordamga keladi. Lekin buning uchun Finlandiya yoki boshqa istalgan NATO davlati, birinchidan, qo‘shnilariga nima va qancha miqdorda kerak bo‘lishini bilishi, ikkinchidan, bu yordamni ko‘rsatishga oldindan rozi bo‘lishi lozim.

Aynan shuning uchun mintaqaviy rejalar ham Vilnyus sammiti chog‘ida erishilgan kuchli siyosiy qo‘llab-quvvatlovni talab qiladi.

Kim boshqaradi?

Qo‘mondonlik tuzilmasini muvofiqlashtirish yanada ko‘proq siyosiy yordamni talab etadi. Mintaqaviy rejalar — bu nafaqat sovuq urushdan keyin sharqiy qanotni mudofaa qilishning birinchi batafsil rejalari, balki milliy va NATO rejalarini birlashtirishga qaratilgan ilk urinishdir.

Milliy va NATO rejalarini birlashtirish inqiroz holatida resurslarning qandaydir markaziy boshqaruvini nazarda tutadi, ya’ni mamlakatlar o‘z armiyalari ustidan nazoratning bir qismini qurbon qilishi kerak.

«Vilnyus sammitidan so‘ng haqiqiy ish boshlanadi, chunki Vilnyusda (NATO mamlakatlari) rahbarlari qurolli kuchlar tuzilishi, qo‘mondonlik va nazoratni tashkil etish bo‘yicha hujjatlarga imzo chekadi», degan NATO harbiy qo‘mitasi rahbari admiral Rob Bauer sammitdan bir hafta oldin o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Estoniyada NATOning 2023 yil bahoridagi harbiy mashg‘ulotlaridan

Hujjatlarni qabul qilgan tomonlar, potensial himoyalangan davlatlardan infratuzilmani rivojlantirish va mudofaaga sarmoya kiritish talab etiladi. NATO mamlakatlarida mudofaa xarajatlari uchun asosiy mezon — YaIMning 2 foizini tashkil qiladi.

Barcha Boltiqbo‘yi mamlakatlari va Polsha bu chiziqni ancha oldin kesib o‘tgan. Polsha mudofaa xarajatlariga allaqachon YaIMning taxminan 4 foizini sarflaydi, Latviya esa eng kamida yangi harbiy poligon qurish va xaridlar orqali keyingi yil 3 foizga chiqishga va’da bergan.

Bauerning so‘zlariga ko‘ra, yangi rejalarga moslashishning butun jarayoni yillab davom etadi.

«Bu odamlarni yollash, mashq qildirish va o‘qitish. Bu qayta jihozlash va qurish, uskunalar sotib olish. Va biz yana (harbiy) ishlab chiqarish hajmini oshirish haqida gapiryapmiz», deya qo‘shimcha qilgan admiral Bauer.

Parallel ravishda Madrid sammitida NATO qurolli kuchlarining yangi modeli tasdiqlangandi, unga ko‘ra tezkor harakat qiluvchi kuchlar kontingenti soni 40 mingdan 300 mingga oshiriladi.

Bu kuchlar Yevropaga (Boltiqbo‘yi mamlakatlari tashqarisida) joylashtiriladi va xavf tug‘ilganda muammoli hududga ko‘chiriladi. Taxminlarga ko‘ra, 100 ming askar o‘n kun ichida, 200 ming harbiy esa 10-30 kun ichida kerakli nuqtaga yetib keladi.

Ya’ni mudofaa qismi bo‘yicha Boltiqbo‘yi mamlakatlarida hamma narsa deyarli bor. Eng kamida va’dalar va kafolatlar darajasida.

Havo mudofaasi yetarli emasmi?

Vilnyus sammiti dasturining alohida punkti Litva, Latviya va Estoniya o‘rtasida havodagi hamkorlik to‘g‘risidagi deklaratsiyaning imzolanishi bo‘ldi. Deklaratsiya ittifoqchilarni Boltiqbo‘yi hududidagi alyans havo hujumidan mudofaa tizimlarini yangilash amaliyotini kuchaytirishga chaqiradi.

Havo himoyasi — mintaqa mudofaasining muammoli qismi. Hozirgacha qayd etilgan eng kuchli tizim uzoq masofali Patriot bo‘lib, u sammit o‘tkazilayotgan vaqtda Germaniyadan ekipaji bilan birga Vilnyusga kelgan.

Estoniyada o‘zining qisqa masofali Mistral tizimlari, Litvada o‘rta masofali NASAMS va Polshaning qisqa masofali «Grom» tizimlari mavjud. Bundan tashqari, Latviya va Estoniya birgalikda Iris-T o‘rta masofali havo hujumidan mudofaa tizimlarini sotib olishni rejalashtirmoqda.

«Bugun biz ittifoqchilarimiz bizni o‘zimizda yo‘q bo‘lgan kuch bilan ta’minlashiga ishonamiz. Lekin biz ularni bosqichma-bosqich o‘zimizning vositalarga almashtiramiz. Biz qadam-baqadam ildamlamoqdamiz va qadamlar tezlashmoqda», deya havo hujumidan mudofaa tizimlari haqidagi savolga javob bergan Latviya bosh vaziri Krishyanis Karinsh.

NATO sammiti arafasida Vilnyus aeroportiga joylashtirilgan Patriot tizimlari

Xuddi o‘sha NASAMS tizimlari Ispaniya ekipajlari bilan birgalikda Latviya va Estoniyada almashish asosida joylashgan. Lekin hozircha ular bu yerda uzoq vaqt qolishiga hech qanday kafolat yo‘q. Va hech kim keyingi smena kelishini aniq bilmaydi.

Ushbu almashishlar kafolati — aynan Boltiqbo‘yi mamlakatlari erishishni istayotgan narsa. Ittifoqchilarga bosimning bir murvati Vilnyusda imzolangan deklaratsiya va avvalgi kelishuvlardir. Ikkinchisi esa, katta ehtimol bilan allaqachon Belarusda joylashgan «Vagner» yollanma askarlari tomonidan kelayotgan yangi tahdid haqidagi kuchli ritorika.

Bu mantiqiy bog‘liqlik Litva tashqi ishlar vaziri Gabrielyus Landsbergisning sammit arafasida Parijga tashrifi chog‘ida yangragan. U Fransiyadan havo hujumidan mudofaa tizimlarida yordam berishni so‘ragan.

«(Havo hujumidan mudofaa tizimlari) qandaydir «Vagner» va Rossiya armiyasi xayoliga Boltiqbo‘yi mamlakatlari chegaralarini kesib o‘tish fikri kelmasligi uchun bizning tiyib turish strategiyamizning bir qismi sifatida ishlatilishi mumkin», degan Landsbergis Parijda.

Mavzuga oid