Fan-texnika | 08:06 / 16.07.2023
93025
7 daqiqa o‘qiladi

7,3 ming dollarlik Hyundai Exter va Wi-Fi’dan 100 barobar tez Li-Fi – hafta texnodayjesti

Kun.uz yakunlanayotgan haftadagi texnologiya va ilm-fanga oid eng qiziqarli xabarlarni jamladi.

Hyundai Ioniq 5 N

Hyundai o‘zining eng kuchli elektrokrossoveri Hyundai Ioniq 5 N'ni taqdim etdi. Avtomobil ikkita elektromotor bilan jihozlangan. Ular birgalikda 600 ot kuchini beradi. N Grin Boost rejimida esa ot kuchi 641 taga yetadi. 100 km tezlikka chiqishi uchun 3,5 soniya kifoya (N Grin Boost rejimida bu ko‘rsatkich 3,4 soniya). Krossover 18 daqiqada batareya zaryadini 10 foizdan 80 foizgacha to‘ldirish imkonini beruvchi, tez zaryadlash funksiyasiga ega 84 kVt/soat quvvatli akkumulyator bilan jihozlangan.

Foto: Hyundai
Foto: Hyundai
Foto: Hyundai

Hyundai Ioniq 5 N'ning narxi 60 ming dollardan boshlanishi kutilmoqda.

Eng ommabop ijtimoiy tarmoqlar

App Economy Insighs tahliliy markazi oylik tashrif buyuruvchilar miqdori bo‘yicha 20 ta eng ommabop onlayn platformalar reytingini yangiladi.

Qayd etilishicha, dunyodagi eng ko‘p ishlatiladigan ijtimoiy tarmoq hali ham Facebook bo‘lib, uning foydalanuvchilari salkam 3 milliardni tashkil qiladi. Undan keyingi o‘rinni Google’ning YouTube videoplatformasi 2,69 milliard aktiv foydalanuvchilar bilan egallagan bo‘lsa, top uchlik 2,45 milliard foydalanuvchilarga ega WhatsApp bilan yakunlanadi.

Kuchli Top-20 talik quyidagicha:

1. Facebook – 2,99 milliard foydalanuvchi;

2. YouTube – 2,69 milliard foydalanuvchi;

3. WhatsApp – 2,45 milliard foydalanuvchi;

4. Instagram – 2,37 milliard foydalanuvchi;

5. TikTok – 1,68 milliard foydalanuvchi;

6. WeChat – 1,67 milliard foydalanuvchi;

7. Reddit – 1,66 milliard foydalanuvchi;

8. Messenger – 930 million foydalanuvchi;

9. Snapchat – 750 million foydalanuvchi;

10. Telegram – 700 million foydalanuvchi;

11. Qzone – 600 million foydalanuvchi;

12. QQ – 600 million foydalanuvchi;

13. Weibo – 590 million foydalanuvchi;

14. Kuaishou – 590 million foydalanuvchi;

15. Pinterest – 460 million foydalanuvchi;

16. LinkedIn – 460 million foydalanuvchi;

17. Twitter – 330 million foydalanuvchi;

18. Quora – 300 million foydalanuvchi;

19. Discord – 200 million foydalanuvchi;

20. Twitch – 140 million foydalanuvchi.

7,3 ming dollarlik Hyundai Exter

Hyundai kompaniyasi o‘zining eng ixcham krossoveri Exter’ni taqdim etdi. Avtomobil 1,2 litr hajmli 83 ot kuchiga ega dvigatel bilan jihozlangan. Uzatmalar qutisi ikki xil bo‘lib, komplektatsiyaga qarab taqdim etiladi — mexanik va avtomat.

Foto: Hyundai

Exter’ning 7,3 ming dollar turadigan bazaviy komplektatsiyasida 6 ta xavfsizlik yostiqchasi mavjud. ABS sistemasi bilan ta’minlangan. Top versiya uchun 12 ming dollar narx belgilangan. Unda mediatizimni boshqarish uchun 8 dyuymli displey, iqlim nazorati, kruiz-nazorat, lyuk kabi qulayliklar joriy etilgan.

Mashinaning uzunligi 3815 mm, eni 1710 mm, bo‘yi 1631 mm, g‘ildiraklar bazasi esa 2450 mmni tashkil qiladi.

Foto: Hyundai
Foto: Hyundai

Li-Fi

Elektr va elektronika muhandislari instituti (IEEE) yorug‘likka asoslangan simsiz aloqa standarti sifatida 802.11bb standartini qabul qildi. U 224 GB/s gacha ulanish tezligini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu Wi-Fi standartidan 100 barobar tez. 

Li-Fi deb nomlangan tizim ma’lumotlarni radiochastota yordamida emas, balki infraqizil nurlanish orqali, maxsus uzatuvchi va qabul qiluvchi yordamida uzatadi. Misol uchun, masofadan boshqarish pulti ham xuddi shunday usulda ishlaydi. 

Foto: pureLiFi

Radiochastota o‘rniga yorug‘likdan foydalanishning afzalligi nafaqat tezroq ulanish, balki Wi-Fi va 5G kabi an’anaviy texnologiyalarga nisbatan «misli ko‘rilmagan xavfsiz» ekanida. 

Yorug‘lik faqat ko‘rish chegarasida tarqalgani sababli, u devorlar orqali tarqalish, aloqa sifatiga ta’sir qilish va xufiyona ulanish xavfini kamaytiradi.

Li-Fi faqat bino ichida ishlaydi, shuning uchun bunday standart, albatta, Wi-Fi va 5G tarmoqlarini siqib chiqara olmaydi. Radioto‘lqinlar havoda va shaffof bo‘lmagan obektlar orqali uzoq masofalarga ma’lumot uzatishda hamon ustun afzalliklarga ega. Li-Fi esa faqat maqsadga muvofiq bo‘lgan joylarda joriy etiladi. 

Ekspertlar Li-Fi standartidagi ilk devayslar 2024 yilning fevraliga qadar chiqishini kutishmoqda.

Hindiston ham Oyni zabd etmoqchi

Hindiston Oyga tarixiy kosmik missiyasini boshladi. Chandrayaan-3 raketasi Andxra-Pradesh shtatidagi kosmodromdan ko‘tarildi va Yer sun’iy yo‘ldoshi tomon yo‘l oldi. Agar hammasi reja bo‘yicha ketsa, kemaning Oy atrofida aylanishi uchun 15-20 kun kerak bo‘ladi. Bu esa Hindistonni AQSh, SSSR va Xitoydan keyin Oyga qo‘ngan to‘rtinchi davlatga aylantiradi.

Foto: Getty images
Foto: Getty images

Chery iCar 3

Chery brendi iCar 3’ning dastlabki krossoverini taqdim etdi. Krossover 184 ot kuchiga ega elektromotor bilan jihozlangan. Batareya to‘la quvvati 500 km masofa bosib o‘tishga yetishi aytilmoqda. Maksimal tezligi esa soatiga 150 kmni tashkil qiladi. G‘ildiraklar komplektatsiyasiga qarab 18 yoki 19 dyuymli bo‘ladi. Krossoverdagi o‘rindiqlar soni 5 ta. iCar 3’ning narxi 21 ming dollardan boshlanadi.

Foto: Chery
Foto: Chery

Big Head virusi

Trend Micro kompaniyasining kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislari Big Head nomli yangi virusni aniqladi. U Internetda Windows yangilanishi va Microsoft Word dasturi o‘rnatuvchisini reklama qilish niqobi ostida tarqalmoqda.

Virusli fayl faollashtirilgandan so‘ng, kompyuter ekranida operatsion tizim yangilanishini taqlid qiluvchi animatsiya paydo bo‘ladi. Keyin foydalanuvchi kompyuteri bloklangani haqida xabar beradi. Xabarda, shuningdek, tizimni qayta tiklash uchun Telegram orqali hakerlar bilan bog‘lanish va kriptovalutada to‘lovni amalga oshirish kerakligi aytiladi.

Bundan tashqari, Big Head barcha mavjud Windows zaxira nusxalarini shifrlaydi, shunda foydalanuvchi tizimni mustaqil ravishda tiklay olmaydi. Shu bilan birga, virus «Savatcha», Program Files, Temp, Program Data, Microsoft va App Data fayllariga tegmaydi va operatsion tizimning ish faoliyatini saqlab qoladi.

Mavzuga oid