Jahon | 18:33 / 19.07.2023
79515
4 daqiqa o‘qiladi

Bruklinda 15 yoshli o‘zbek yigit otib o‘ldirildi

AQShning Nyu-York shahrida o‘zbekistonlik muhojirlarning 15 yoshli o‘g‘li Faridun Mavlonov halok bo‘ldi. Yigitni 17 yoshli o‘smir otib o‘ldirgan.

Voqea 17 iyul, dushanba kuni tush vaqtida sodir bo‘lgan. Samarqandlik oilaning farzandi bo‘lgan Faridun Mavlonov yashash uyi yaqinida, 20 avenyuda otib o‘ldirilgan.

Faridun Mavlonov

Hodisa haqida politsiyaga 911 raqamli orqali xabar berilgan va ular yetib borganda yigitni yaqin atrofdagi Maimonedes kasalxonasiga og‘ir ahvolda olib borishgan. Yigitning o‘limi 18 iyul, seshanba kuni qayd etilgan.

Qotil o‘q uzayotgan holat nazorat kamerasiga tushib qolgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 17 yoshli o‘smir Franklin Delano Ruzvelt oliy maktabi tashqarisida turgan yoshlarga qarata 7 marta o‘q uzgan. Tergov jarayonini boshqarayotgan detektiv Jyeyms Essigning so‘zlariga ko‘ra, qotil aynan Faridunni nishonga olib o‘q uzmagan. Holat ko‘chadagi nazorat kamerasiga ham tushgan va unda qotil ko‘chada odam ko‘p bo‘lgan vaqtda o‘q uzgani ko‘rinadi. U o‘q uzgan joyda esa yuk mashinasi ham to‘xtab turgan.

Firdavs Mavlonov 12 yil avval o‘z oilasi bilan AQShga ko‘chib ketgan. Ota hozirda sartaroshlik bilan shug‘ullanadi, marhum o‘g‘li ham bo‘sh vaqtida unga yordam berib turgan. Faridun dzyudo yakkakurashi bilan ham shug‘ullangan.

«Har kun qo‘rqinchliroq bo‘lmoqda. Bugun mening o‘g‘lim o‘ldi, ertaga boshqaning o‘g‘li o‘lishi mumkin», deydi marhumning otasi.

Yigitning dafn marosimi vaqtida ko‘plab OAV vakillari yetib borib, uning yaqinlari bilan gaplashishga harakat qilishdi. NYT yigitning otasi Firdavs Mavlonov bilan gaplashgan. Uning aytishicha, o‘g‘lini otib ketishgani haqida jiyani telefon qilib aytgan. Faridunni ikki marta operatsiya qilishgan, ammo qon ketishi to‘xtamagan. «O‘g‘limni hamma bilardi. Bolalarni o‘ldirishni bas qilish kerak, bu juda yomon. Iltimos, menga yordam bering», - degan 15 yoshli marhumning otasi NYT bilan suhbatda.

Marhumning otasi Firdavs Mavlonov

«Butun oilamiz o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Biz juda aziz insonimizni yo‘qotdik. Faridun juda yaxshi, xotirjam yigit edi. O‘tinib so‘raymiz, bu ishni qilganni topib jazolang», - degan yigitning amakisi Ozod Jo‘rayev.

Detektiv Jyeyms Essigning so‘zlariga ko‘ra, otishma sodir bo‘lishidan taxminan ikki soat oldin ikki guruh yoshlar o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan. Keyin ular uchrashib, orani ochiq qilishga kelishib olgan. Narigi guruhdagilar orasida esa otishmani sodir etgan 17 yoshli qotil ham bo‘lgan. U belgilangan joyga yetib borishganda to‘pponchasini chiqarib to‘g‘ri kelgan tomonga qaratib ota boshlagan.

Politsiya voqea joyini o‘rganmoqda.
Foto: NYpost
Politsiya voqea joyini o‘rganmoqda.
Foto: NYpost
Politsiya voqea joyini o‘rganmoqda.
Foto: NYpost

Marhumning uyiga yaqin joyda yashovchi aktrisa Amber Bruks-Vagnerning aytishicha, tinchroq, otishma kamroq bo‘ladi degan umidda Harlemdan Bruklinning ushbu qismiga ko‘chib kelgan. «Shahardan tashqariroqdagi bu joyda otishma, zo‘ravonlik bo‘lmaydi deb o‘ylaysan, ammo otishma hayotimizning bir qismiga aylanganiga ko‘nikishga majburga o‘xshaymiz. Lekin doim qo‘rquv bilan yashab bo‘lmaydi», degan u.

Mavzuga oid