Jamiyat | 22:14 / 19.07.2023
23212
3 daqiqa o‘qiladi

Quloqda shovqin paydo bo‘lishi sabablari aytildi 

Quloqdagi shovqin ko‘proq erkaklarda, ortiqcha vazni bor kishilarda, shuningdek, yuqori qon bosimi, qandli diabet, dislipidemiya xastaliklari bo‘lgan bemorlarda ko‘proq uchraydi. 

Foto: Getty Images

Dunyo aholisining 5-8 foizi quloqda shovqin bilan yashaydi. Bu xastalik tinnitus deb ataladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, kasallik, odatda, keksalarga xos bo‘lib, 55-65 yoshdagi kishilarning har besh nafaridan biri quloq shang‘illashi borligini aytadi. 

Biroq, ushbu muammo yoshlarda ham uchrab turadi. Bu shovqinli joylarga borish, shuningdek, quloqchinda baland ovozda musiqa tinglash bilan bog‘liq. Quloqlarda shovqin bo‘lishi bolalarda kamdan-kam uchraydi. 

Ushbu xastalikka chalingan bemorlarning 85 foizi 250 – 8000 Hz tebranish oralig‘idagi tovushlarni eshitish imkoniyatidan mahrum bo‘lishi tasdiqlangan. 

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, quloqdagi shovqin ko‘proq erkaklarda, ortiqcha vazni bor kishilarda, shuningdek, yuqori qon bosimi, qandli diabet, dislipidemiya xastaliklari bo‘lgan bemorlarda ko‘proq uchraydi. 

Tinnitusning arterial gipertenziya, bo‘yin osteoxondrozi, otit, sensonevral eshitish zaifligi, qon tomirlari aterosklerozi, stress, endokrin kasalliklar, eshitish nervlarining nevrinomasi, tarqoq skleroz singari bir necha omillar ta’sirida faollashishi isbotlangan. 

Bundan tashqari, ba’zi dorilarni qabul qilish, yaqin masofada kuchli pirotexnikaning portlashi, konsertlardagi o‘ta baland tovush ta’siridagi barotravma va akustik jarohatlar ham quloq shang‘illashiga sabab bo‘ladi. 

Tinnitusdan aziyat chekuvchi bemorlar quloqdagi shovqin uyquga ketishdan oldin, atrofda jimjitlik paydo bo‘lganda nihoyatda aniq eshitilishini ta’kidlashadi. Diqqatni shovqinga qaratish uyqusizlikka olib kelishi mumkin. 

Agar xastalik rivojlanishda davom etsa, quloq shang‘illashi kunduzi, shovqinli muhitda ham bezovta qila boshlaydi. 

Bemor bu tovushga tobora ko‘proq diqqat qaratishi natijasida uning psixoemotsional ta’sirchanligi ortadi. Kayfiyati yomonlashib, depressiv reaksiyalar rivojlanishi mumkin. Tinnitus kasalligi kuzatilganda, avvalo, uning sababini aniqlashga yordam beradigan tekshiruvlar o‘tkazilishi zarur. 

Quyidagi oddiy tavsiyalarga rioya qilib, tinnitusdan himoyalanish mumkin: 

  • Quloqchinlarda baland ovozda musiqa tinglamaslik. Metroda musiqa eshitmaslikka harakat qilish, chunki poyezd tovushi va quloqchindan chiqayotgan ovoz eshitish analizatorining ortiqcha zo‘riqishiga olib keladi.
  • Ish faoliyati baland shovqinlar bilan bog‘liq bo‘lsa, quloq tiqinlaridan foydalanish.
  • Kofein va spirtli ichimliklardan saqlanish. Ular quloqda shovqin kuchayishiga olib keladi.
  • Stressli vaziyatlardan qochish. Kuniga me’yor darajasida, 7-8 soat uxlash. 

Mavzuga oid