O‘zbekiston | 10:39 / 20.07.2023
21398
2 daqiqa o‘qiladi

Kinoqahramon: Ketmoni uchmagan rais buva

Kino va teatr aktyori, O‘zbekiston xalq artisti To‘ychi Oripov 1924 yil Toshkentning Degrez mahallasida tug‘ilgan.

“Abdullajon” filmidagi hech ketmoni uchmaygan rais roli orqali muxlislar qalbidan joy olgan aktyor yoshligida haydovchi bo‘lishni orzu qilgan. Biroq taqdir uni teatr va kino olamiga yetaklagan.

1953 yil Toshkent teatr san’ati institutini tugatib, Qo‘qon teatri, Abror Hidoyatov nomidagi drama teatri, hozirgi o‘zbek milliy akademik drama teatrida faoliyat yuritgan. U dramatik, fojiaviy va komik rollar, ayniqsa, o‘tkir xarakterli, salbiy obrazlar ustasi sifatida tanilgan. 

To‘ychi Oripov “Qutlug‘ qon”, “Boy ila xizmatchi”, “Kelinlar qo‘zg‘oloni”, “Abu Rayhon Beruniy”, “Qiyomat qarz”, “G‘ariblar”, “Yulduzli tunlar” spektakllaridagi rollarni ijro etgan.

To‘ychi Oripov, O‘zbekiston xalq artisti Foto: Mbaza. uz

Aktyor kino olamida ham samarali mehnat qilgan. U “Abdullajon”, “Bomba”, “Dev bilan pakana”, “Osmondagi bolalar”, “Nol variant”, “Dahoning yoshligi ”, “Olovli yo‘llar”, “Shum bola”, “Kutmaganing yoningda”, “Sayyod qo‘ng‘irog‘i” filmlari orqali kinoixlosmandlar e’tirofiga sazovor bo‘lgan.

O‘zbekiston xalq artisti To‘ychi Oripov 2015 yil 91 yoshida Toshkentda vafot etgan.