O‘zbekiston | 21:10 / 20.07.2023
82256
7 daqiqa o‘qiladi

«Uchoyoq» yoki «Nexia-3»dan kelgan jarima: Oliy sud bunday qarorni bekor qildi

Huquqshunos ko‘chma radarlar qayd etgan jarimani to‘lashga shoshilmaslikka chaqirdi. Chunki bu holatda YPX xodimi radardagi tezlik ko‘rsatkichi bilan haydovchini tanishtirishi, uning talabi bilan moslamaning sertifikati (nusxasi)ni ham ko‘rsatishi kerak. IIV huquqshunosning gaplarini inkor qilishga urindi, lekin Kun.uz'ga ma’lum bo‘lishicha, Oliy sud bu masalada allaqachon haydovchi foydasiga qaror chiqarib bo‘lgan.

Foto: Kun.uz

Maqola avvalida unda muhokama qilinadigan texnik vositalar haqida qisqa ma’lumot berib o‘tamiz:

Ko‘chma fotoradar – haydovchilar tilida “uchoyoq” deb ataluvchi moslama avtomobillar harakat tezligini o‘lchash uchun mo‘ljallangan bo‘lib, YPX xodimlarining kunlik dislokatsiyasi bo‘yicha muayyan hududda yo‘l chetlariga o‘rnatiladi.

Foto: Toshkent viloyati IIB

Mobil kompleks – bu maxsus avtomobillarga o‘rnatilgan fotoradar moslamalari majmui hisoblanadi, ish vaqti vaqti va joylashuvi YPX xodimlarining kunlik dislokatsiyasi bo‘yicha bo‘ladi.

Foto: O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB
Foto: O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB

Maxsus avtomatlashtirilgan audio, foto va video qayd etish texnika vositalari – bu muayyan joyga (asosan shaharlar ko‘chalarida, chorrahalarda, katta yo‘l yoqalaridagi simyog‘ochlar va maxsus ustunlarga) o‘rnatib qo‘yilgan, qo‘zg‘almaydigan, yo‘l harakati qoidabuzarliklarini aniqlaydigan radar moslamasi.

E’tiborga olish kerakki, bu maqola “maxsus avtomatlashtirilgan audio, foto va video qayd etish texnika vositalari” haqida emas.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi 975-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 31-bandiga asosan, ko‘chma fotoradar va mobil komplekslardan foydalanganda, YPX xodimi harakat tezligini oshirib qoidani buzgan haydovchini moslamaning ko‘rsatkichlari bilan tanishtirishi, uning talabi bilan moslamaning sertifikati (nusxasi)ni ko‘rsatishi lozim.

Shu nizomning 34-bandiga ko‘ra, ko‘chma fotoradar va mobil komplekslarni qo‘llash joyi va vaqti DYHXX saf bo‘limi (bo‘linmasi) boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan dislokatsiyaga muvofiq belgilanadi.

Bu amalda ko‘chma fotoradar va odatda “Nexia-3” avtomobillariga (boshqa rusumdagi avtomobillarga ham o‘rnatilishi mumkin) o‘rnatiladigan radar moslamasi qoidabuzarlik qayd qilganda undan foydalanayotgan YPX inspektori qoidabuzar haydovchini to‘xtatishi va unga moslamadagi harakat tezligi ko‘rsatkichini ko‘rsatishi lozimligini anglatadi.

Biroq, amaliyotda bunda bo‘layotgani yo‘q: “uchoyoq” ham “Nexia-3”lar ham qoidabuzarliklarni simyog‘ochlarga o‘rnatilgan statsionar radarlar kabi to‘g‘ridan to‘g‘ri hisobga olmoqda jarimalar undirilmoqda.

Internetda huquqshunos tomonidan haydovchilarga shu masalada maslahat berilgan video tarqaldi. Video muallifi ko‘chma radarlar qayd etgan tezlikka doir qoidabuzarlik bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar, agar haydovchi radardagi ko‘rsatkich bilan tanishtirilmagan bo‘lsa, haqiqiy deb hisoblanmasligini ta’kidlaydi.

IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati masalaga izoh berishga va huquqshunosning iddaolarini rad etishga urindi. Lekin, rasmiylar munosabati aks etgan videoda huquqshunos aytgan gaplar odamlarni chalg‘ituvchi darajada kesilib, kontekstdan masalaning mohiyatidan uzoqlashtiruvchi darajada montaj qilib ko‘rsatilgan. Ya’ni bundan go‘yo gap aynan qaysi turdagi radarlar haqida ketayotganini bildirmaslik maqsad qilingan.

Masalaga Oliy sud nuqta qo‘ygan – haydovchi foydasiga

IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati mavjud vaziyatni har qancha oqlashga urinmasin, amalda qonun ijrosi ta’minlanmayotgani – fakt. Birorta holatda nizomning 31-bandi ijrosi bajarilayotgani yo‘q.

Kun.uz'ga ma’lum bo‘lishicha, bunday keys Oliy cudda ko‘rib chiqilgan. Oliy sud axborotnomasi (2023 yil 1-son, 22-bet)da yozilishicha, Samarqand viloyat IIB YHXBning 2022 yil 16 iyundagi jarima solish to‘g‘risidagi qarori sudlarda muhokama qilingan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudi qarori bilan fuqaroga IIBB YHXB tomonidan chiqarilgan qaror o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasi sud qarorini o‘zgarishsiz qoldirgan.

Sud qaroriga ko‘ra, huquqbuzar (haydovchi) “Toshkent – Termiz” avtomobil yo‘lida belgilangan 70 km/soat tezlik chegaralangan joyda 82 km/soat tezlikda harakatlangan.

Haydovchining tezligi “Multiradar CD” (avtomobilga o‘rnatilgan radar – tahr.) vositasi orqali aniqlangan bo‘lib, bu vosita mobil kompleks hisoblanadi.

Shu sababli ushbu vosita orqali qoidabuzarlikni Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 975-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomda ko‘rsatilgan “Ko‘chma fotoradar va mobil komplekslardan foydalanganda, YPX xodimi moslamaning ko‘rsatkichlari bilan harakat tezligini oshirib, qoidalarni buzgan haydovchini tanishtirishi, uning talabi bilan moslamaning sertifikati (nusxasi)ni ko‘rsatishi lozimligi, shuningdek mazkur talabga rioya etilmagan holda rasmiylashtirilgan bayonnomalar yuridik kuchga ega bo‘lmasligi va huquqiy oqibatlar keltirib chiqarmasligi” haqidagi talablar asosida amalga oshirishi lozim.

Biroq Samarqand viloyati IIBB YHXB inspektori tomonidan ushbu talablarga rioya qilinmagani birinchi va apellyatsiya instansiyasi sudlarining e’tiboridan chetda qolgan. Natijada Oliy sud kassatsiya instansiyasining 2022 yil 14 oktyabrdagi qarori bilan Chirchiq shahar sudi va Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining qarorlari bekor qilinib, haydovchiga oid ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish MJtKning 271-moddasi 1-bandiga asosan tugatilgan.

Ma’lumot uchun, MJtKning 271-moddasi 1-bandi ma’muriy huquqbuzarlik hodisasi yoki alomati yo‘q bo‘lganda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida ish yuritishni boshlash mumkin emasligi, boshlangan ish esa tugatilishi lozimligini anglatadi.

Bundan ko‘rinadiki, “uchoyoq” yoki avtomobil (odatda “Nexia-3”)ga o‘rnatilgan radarlardan tezlik uchun jarima olgan fuqaro, agar YPX xodimi uni to‘xtatmagan va harakat tezligi ko‘rsatkichi bilan tanishtirmagan bo‘lsa, jarimani sud orqali bekor qilish huquqiga ega.

Bunda jinoyat ishlari bo‘yicha tegishli sudga shikoyat qilish, ushbu maqolada va Oliy sudning 2023 yilgi 1-son axborotnomasi 22-betida ko‘rsatilgan holatni arizada eslatib o‘tish mumkin.

Eng avvalo, qoidalarni buzmang, tezlikni oshirmang, o‘zingiz va o‘zgalar hayotiga befarq bo‘lmang!

Ruslan Saburov,
Kun.uz

Mavzuga oid