Jahon | 11:58 / 22.07.2023
7270
3 daqiqa o‘qiladi

G7 va YeI Xitoyni Shimoliy Koreyaga qarshi sanksiyalarni buzishni to‘xtatishga chaqiradi

«Yettilik guruhi» davlatlari va Yevropa Ittifoqi Xitoyni KXDRga neft mahsulotlarini noqonuniy yetkazib berish uchun o‘z hududiy suvlaridan foydalanishni to‘xtatishga chaqirishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, g‘arb davlatlari sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga tayanyapti.

«Yettilik guruhi» va Yevropa Ittifoqi davlatlari, shuningdek, Avstraliya, Yangi Zelandiya va Janubiy Koreya Xitoy rahbariyatiga Shimoliy Koreyaga neft mahsulotlarini noqonuniy yetkazib berish uchun Xitoy hududiy suvlaridan foydalanishni to‘xtatishga chaqirgan qo‘shma xatni imzoladi. Xitoyning BMTdagi vakili Chjan Junga topshirilishi rejalashtirilgan maktub mazmuni bilan Reuters jurnalistlari 21 iyul, juma kuni tanishdi, deb xabar beradi agentlik. 

«Biz bir necha neft tankerlarining mavjudligidan xavotirdamiz... ular Sansha ko‘rfazidagi hududiy suvlardan boshpana sifatida, KXDR bilan neft mahsulotlari savdosini osonlashtirish uchun sanksiyalarni buzgan holda foydalanmoqda», — deyiladi maktubda. Unga sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar ilova qilingan bo‘lib, ular «bu kabi hodisalar Xitoy yurisdiksiyasida 2022 yilda sodir bo‘lgani va 2023 yilda davom etayotganini yaqqol ko‘rsatib turibdi», deyiladi.

Shu munosabat bilan maktubni imzolagan davlatlar Xitoyni o‘z hududiy suvlariga kirib kelayotgan tankerlarni tekshirishga va agar ular Shimoliy Koreyaga neft mahsulotlarini noqonuniy yetkazib berayotgani aniqlansa, ularni chiqarib yuborishga chaqirmoqda. Xatda, shuningdek, Xitoy suvlarida bunday kemalarga xizmat ko‘rsatishni rad etish talabi ham mavjud. 

Shimoliy Koreya 2006 yildan beri yadroviy dasturi va raketa sinovlarini to‘xtatishdan bosh tortgani uchun BMT sanksiyalari ostida. 2017 yilda KXDRga neft mahsulotlarini yetkazib berishga cheklov joriy qilingan — chegara yiliga 500 ming barrel etib belgilangan. 

Biroq, bu sanksiyalar muntazam ravishda buzilyapti. Shu tariqa, 2020 yilda 40dan ortiq mamlakatlar Shimoliy Koreyaning neft mahsulotlarini import qilish qoidalarini buzgani yuzasidan BMT sanksiyalar qo‘mitasiga shikoyat bilan murojaat qildi. Hujjatda qayd etilishicha, birgina 2020 yil dastlabki besh oyida 56ta tanker KXDRga 1,6 million barreldan ortiq neftni noqonuniy yetkazib bergan. Shunga o‘xshash shikoyatlar avvalroq ham kelib tushgan, ammo ular Rossiya va Xitoy tomonidan bloklangan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid