O‘zbekiston | 10:04 / 22.07.2023
9907
3 daqiqa o‘qiladi

Jazoni ijro etish muassasasidan ozod etilgan shaxsni ishga qabul qilgan tadbirkorlarga subsidiya ajratiladi

Vazirlar Mahkamasining “Aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj ayrim toifalarini qo‘llab-quvvatlash va ular bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Foto: Kun.uz

Ta’lim muassasalari bitiruvchilari va jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslar bandligini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanadi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda tegishli vazirlik va idoralar ma’lumotlar bazasini “Bandlik xizmati” axborot tizimiga integratsiya qilish orqali, ta’lim muassasalari bitiruvchilari va jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan shaxslar bandlik holatini doimiy monitoring qilib borish tizimini joriy qiladi. Bunda, bitiruvchilar va jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan shaxslarning bandlik holatini real vaqt rejimida aniqlash imkoniyati yaratiladi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bir oy muddatda 2023 yil 1 noyabrdan 2025 yil 1 yanvarga qadar tadbirkorlik sub’yektlariga ishga qabul qilgan jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan har bir shaxs uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida bir martalik subsidiya ajratilishi tartibini joriy etadi.

Bunda:

  • subsidiya, ishga joylashtirilgan shaxs ish joyida kamida 3 oydan ortiq muddatda mehnat faoliyatini davom ettirgandan so‘ng to‘lanadi;
  • ichki ishlar organlari tomonidan fuqaro jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgani to‘g‘risidagi ma’lumot mehnat organlariga taqdim etib boriladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Soliq qo‘mitasi 2025 yil 1 yanvarga qadar tadbirkorlik sub’yektlariga respublika budjetidan jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan shaxslarning nazoratda bo‘lgan (probatsiya) davrida mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlari bo‘yicha to‘langan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini hisobot oyidan keyingi oy 25 sanasidan so‘ng qaytarib berish tizimini joriy etadi.

Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni kasb-hunarga o‘qitish, ularga tadbirkorlik ko‘nikmalari va xorijiy tillarni o‘rgatish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

  • kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rgatishga oid maxsus o‘quv kurslari Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan 2023 yil 1 noyabrdan boshlab “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga o‘qitish markazlarida tashkil etiladi;
  • xorijiy tillarni o‘rgatish huquq-tartibot organlarining oliy ta’lim muassasalarida Ichki ishlar vazirligi tomonidan 2023 yil 1 noyabrdan boshlab masofaviy ta’lim shaklida tashkil etiladi.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid