Jahon | 10:44 / 24.07.2023
20441
3 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko: «vagnerchilar» Varshavaga ekskursiyaga bormoqchi 

Belarus rahbarining so‘zlariga ko‘ra, «vagnerchilar» Varshavaga ekskursiyaga bormoqchi». Lukashenko Putin bilan uchrashuvga Polsha qo‘shinlarining Ittifoq davlati chegaralariga o‘tkazilishi ko‘rsatilgan xaritani olib keldi.

Foto: RIA Novosti

Belarus rahbari Aleksandr Lukashenkoning ta’kidlashicha, Belarusda joylashgan «Vagner» XHK «yollanma askarlari», uning so‘zlariga ko‘ra, «Varshavaga ekskursiyaga borishni» xohlayotgani sababli vaziyatni «qiyinlashtirishni boshladi». Lukashenko bu haqda 23 iyul, yakshanba kuni Sankt-Peterburgda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda gapirdi. 

«Balki men buni aytmasligim kerakdir, lekin aytaman. «Vagnerchilar» vaziyatni qiyinlashtirishni boshladi. «G‘arbga ketmoqchimiz. Bizga ruxsat bering», deyishyapti. Men nega buni xohlashayotganini so‘rasam, ular Varshavaga, Jyeshuvga ekskursiyaga borishni istashayotganini aytyapti. Men ularni markazda, kelishilgandek, Belarusda ushlab turibman, ularni u yerga ko‘chirmoqchi emasman, chunki kayfiyati yaxshi emas. Ular Ittifoq davlati atrofida nima bo‘layotganini bilib turibdi. Shuning uchun bunga qarshi bo‘lamiz, sizdan ham bu masalani ko‘rib chiqishingizni so‘rayman», dedi Lukashenko.

«Belta» axborot agentligi xabariga ko‘ra, Lukashenko Putin bilan uchrashuvga Polsha qo‘shinlarining Ittifoq davlati chegaralariga o‘tkazilishi ko‘rsatilgan xaritani olib kelgan. Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, Polsha brigadalaridan biri hozir Brestdan 40 kilometr, ikkinchisi Grodnodan 100 kilometr uzoqlikda joylashgan. 

23-24 iyun kunlari «Vagner» XHK isyonidan so‘ng, kompaniya rahbari Yevgeniy Prigojin Belarusga «ketishi» e’lon qilindi. XHK yollanma askarlariga uyga qaytish, Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolash yoki Prigojinning ortidan borish taklif qilindi. 

14 iyul kuni Belarus Mudofaa vazirligi «Vagner» XHK yollanma askarlari mamlakatga kelganini ma’lum qildi. Idora Belarusning «VoyenTV» telekompaniyasi materialini chiqardi, unda Mogilev viloyatidagi «mashg‘ulot joylari» haqida so‘z yuritilgan, u yerda «Vagner» yollanma askarlari instruktor sifatida ishlaydi. 

Keyinroq Mudofaa vazirligi Polsha bilan chegara yaqinida «Vagner» XHK bilan qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazishi haqida xabar berdi. Marks chaqiriq belgisiga ega bo‘lgan XHK «qo‘mondonlar kengashi» a’zosi Belarusga jami 10 000 ga yaqin yollanma askar kelishini aytdi. 

Mavzuga oid