O‘zbekiston | 14:07 / 25.07.2023
8334
4 daqiqa o‘qiladi

“Guruch yetishmovchiligi va narx oshishi haqidagi xabarlar yolg‘on, bizda zaxira yetarli” - QXV

Telegram'dagi ba’zi kanallarda Hindistondan importning cheklanishi bilan O‘zbekistonda guruch yetishmovchiligi yaqinlashayotgani va tez orada narxlar keskin oshib ketishi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi bu xabarlarga munosabat bildirdi.

Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi

Unga ko‘ra, mamlakatda guruch yetishmovchiligi va tez orada narxlar keskin oshishi haqidagi mish-mishlar “yolg‘ondan boshqa narsa emas”. O‘zbekiston o‘zining yetarli guruch zaxiralariga ega.

O‘zbekiston Respublikasida har yili 100 ming gektardan ortiq maydonlarda sholi ekib, yetishtiriladi. Respublika sharoitida aholi jon boshiga o‘rtacha yiliga 9,8 kgdan guruch iste’moli talab etiladi. Ya’ni respublika aholisini to‘liq guruch mahsulotlari bilan ta’minlash uchun 353 ming tonna guruch zaxirasi talab etiladi.

Respublika xududlarida 2022 yilda 105,8 ming gektar maydonlarda sholi ekilib, 516,9 ming tonna sholi yetishtirildi. Guruch hisobida 310 ming tonnani tashkil etadi. Ya’ni, aholi talabiga nisbatan 43 ming tonna kam guruch ishlab chiqariladi (2021 yilga nisbatan 48 ming tonna ko‘p sholi yetishtirilgan).

Tahlillarga ko‘ra, 2022 yilda respublika bo‘yicha 8 ming tonna guruch import qilingan bo‘lsa, 2023 yilda 53,5 ming tonna guruch importi amalga oshirilgan. Ya’ni iste’molga nisbatan 10 ming tonna ortiqcha guruch import qilingan.

Guruch importi Qozog‘istondan 29,3 ming tonna (54,7 foiz), Pokistondan 23,2 ming tonna (43,3 foiz), Tailanddan 599 tonna (1,1 foiz), Turkiyadan 265 tonna (0,5 foiz) va Hindistondan 126 tonna (0,2 foiz) va boshqa mamlakatlardan 21,1 tonna (0,02 foiz) guruch importi amalga oshirilgan.

Yuqoridagilarni inobatga olib, xulosaga ko‘ra so‘nggi 5 yilda Hindiston mamlakatidan respublikamizga jami 232,6 tonna guruch importi amalga oshirilgan, xolos.

Joriy yilda Hindiston mamlakatining boshqa mamlakatlarga guruch eksporti to‘xtalishi O‘zbekistonga o‘z ta’sirini ko‘rsatmaydi.

Jahon bozorida 2023 yil iyun holatiga o‘rtacha guruch narxi 1,93 AQSh dollari (22 364 so‘m), eng arzon narx 0,52 AQSh dollar (6025 so‘m) (Tunis), maksimal narx 4,84 AQSh dollarni (56 086 so‘m, Serbiya) tashkil etmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekiston dehqon bozorlarida guruchning 1 kg narxi navidan kelib chiqib, 11 500 so‘mdan 25 000 so‘mgacha sotilmoqda (o‘tgan yil mos davriga nisbatan 35,2 foizga o‘sgan).

Jumladan, guruchning “Avangard” navi 11 500 – 17 500 so‘mgacha, “Alanga” navi 16 000 – 18 500 ming so‘mgacha, “Lazer” navi 19 500 – 25 000 so‘mgacha sotilmoqda.

Shuningdek, kuzatuv natijalariga ko‘ra, guruchning minimal narxi Nukus shahrining “Nukus dehqon bozori” va Guliston shahrining “Guliston dehqon bozori”da (“Nukus-2” va boshqa mahalliy navli guruchlar) 11 500 so‘m qayd etilgan. Maksimal narx esa Toshkent shahrining “Farhod dehqon bozori”da 25 000 so‘mdan sotilgani kuzatildi (“Lazer” navli guruch). Shu bilan birga, ushbu bozorda guruchning minimal narxi 13 000 so‘mni tashkil etgan.

Barcha bozorlar guruch bilan uzluksiz ta’minlangan hamda zaxiralar yetarli.

Aholini turli ijtimoiy tarmoqlardagi guruch narxi oshib ketishi asossiz targ‘ib qilinishidan ogoh bo‘lishga chaqirib, bu faqatgina spekulyativ holat yoki guruch narxini asossiz oshirishga harakatlarni amalga oshirishga turtki bo‘layotganligini ma’lum qilamiz”, – deyiladi vazirlik munosabatida.

Ma’lumot uchun, Hindiston guruch eksporti bo‘yicha dunyoda 1-o‘rinda bo‘lib, umumiy jahon eksportining 36,8 foizini tashkil qiladi, asosiy eksportchi Afrika davlatlari (7,1 mln tn), Xitoy (2118 ming tn), Eron (1245 ming tn), Saudiya Arabistoni (1012 ming tn) va boshqa davlatlar hisoblanadi.

Mavzuga oid