O‘zbekiston | 17:34 / 25.07.2023
13285
4 daqiqa o‘qiladi

“Mashina katta odamni urgan kabi pachaq bo‘lgan” – Toshkentda 8 yashar qiz “Matiz” urib yuborishi oqibatida halok bo‘ldi

YTH ro‘y bergan paytda kengligi 28 metr bo‘lgan ko‘chada “Matiz”dan boshqa avtoulov bo‘lmagan. Marhum qizcha yo‘lni svetoforsiz piyodalar yo‘lagidan kesib o‘tayotganda avtohalokatga uchragan.

Endigina 3-sinfni bitirayotgan E’zoza yo‘l-harakati qoidasini buzmagan holda piyodalar uchun belgilangan maxsus yo‘lakdan yo‘lni kesib o‘tayotganda uni mashina urib yuboradi. Toshkent shahar IIBB YHXB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, hodisa shu yilning may oyida poytaxtning Uchtepa tumani Lutfiy ko‘chasida sodir bo‘lgan.

“Matiz” rusumli avtoulov haydovchisi YTH sababini tartibga solinmagan piyodalar o‘tish yo‘lagidan o‘tayotgan piyodani ko‘rmay qolgani bilan izohlagan. Hodisa kuzatuv kameralariga tushib qolgan. Tasvirlarda “Matiz” piyodalar uchun belgilangan yo‘lakchadan kengligi 28 metr bo‘lgan ko‘chaning yarmigacha borib ulgurgan qizchani katta tezlikda kelib urib yuborgani aks etgan.

Odam o‘limi bilan bog‘liq YTH ro‘y bergan piyodalar yo‘lagi va qoidabuzar haydovchi Foto: UzReport

Biroq haydovchi YPX xodimlari bilan suhbatda 8 yashar qizchani urib yuborgan paytda soatiga 60 kilometrdan sal yuqoriroq tezlikda harakatlanib kelganini aytib, aybni zimmasidan soqit qilishga urinadi.

“Yo‘lning narigi tomonidan yugurib o‘tib qoldi. To‘xtashga ulgurmadim, tormozni bosganimni bilaman, borib urdim. Qizcha zarb kuchidan uchib ketdi”, deydi qoidabuzar haydovchi.

8 yashar qizchani urib yuborgangan “Matiz” Foto: UzReport

Eng qizig‘i, hodisa sodir bo‘lgan vaqtda yo‘lning qatnov qismida “Matiz”dan boshqa avtoulov bo‘lmagan. Ya’ni haydovchining ta’biri bilan aytganda, uning piyodani ko‘rmay qolishiga sabab bo‘ladigan hech bir omil mavjud bo‘lmagan.

“Kichkina odamni emas, katta odamni urib yuborganday pachaq bo‘lgan-ku mashina. Sakkiz yoshli bola, u murg‘akkina go‘dak bo‘ladi-ku hali. Tez yurishning oqibatida bo‘ladi bunaqa halokatlar. Belgilangan joy bo‘lsa, yo‘l belgilari ko‘rinib turgan bo‘lsa, piyodalar o‘tish joyi bo‘lsa, qanday ko‘rmay qolish mumkin?” deydi odam o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchiga kuyinchalik bilan YPX inspektori.

Foto: UzReport

Piyodalar o‘tish joyida maxsus yo‘l chiziqlari va tegishli yo‘l belgisi mavjud bo‘lgan joyda haydovchi birgina “ko‘rmay qoldim” deya vaziyatdan qutulib keta olmaydi. Chunki Yo‘l harakat qoidalariga muvofiq haydovchi piyodalar yo‘lakchasini anglatuvchi yo‘l belgisi yoki yo‘l chiziqlari bor joylarda piyoda bor yoki yo‘qligidan qat’i nazar tezlikni pasaytirishi yoki to‘xtashi shart.

“Matiz”ning “lobovoy”iga boshi bilan urilgan. Bu bola 78-maktabda 3-sinfda o‘qirdi. Piyodalar yo‘lagining oldida maxsus yo‘l belgisi o‘rnatilgan. Lekin haydovchilar bu belgiga e’tibor ham qilishmaydi. Odam o‘tyapti, maktab bolalari o‘tyapti, deb sekinroq yurishmaydiyam. Har bitta inson o‘sha qizchaning onasining o‘rniga o‘zini qo‘yib ko‘rsin”, deydi marhumning qo‘shnisi.

YPX inspektori odam o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchiga piyodalar yo‘lagiga yetmasdan o‘rnatilgan yo‘l belgisini ko‘rsatmoqda Foto: UzReport

Qizcha hodisa ro‘y bergan joyga eng yaqin xususiy klinikaga olib borilgan. Boshidan olgan jiddiy jarohati oqibatida shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan yordamga qaramay taxminan 3 daqiqadan so‘ng uning joni uzilgan.

UzReport telekanali Toshkent shahar IIBB YHXB bilan hamkorlikda tayyorlangan xotira-ko‘rsatuvida qoidabuzar haydovchiga qanday chora ko‘rilgani ochiqlanmagan.

Mavzuga oid