O‘zbekiston | 16:48 / 26.07.2023
4162
2 daqiqa o‘qiladi

Ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash bo‘yicha hududiy dasturlar ishlab chiqilmoqda

Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi ishsiz yoshlar va mehnat bozoriga kirib kelishi kutilayotgan bitiruvchilarning “fuqarobay” bandligini ta’minlash bo‘yicha “Yoshlar bandligi dasturlari”ni ishlab chiqib, xalq deputatlari sessiyalarida tasdiqlash choralarini ko‘radi.

Aniqlanishicha, yil boshidan buyon jami 1,5 milliondan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilganiga qaramay, "Yoshlar balansi"ga kiritilgan 105 ming yoshlar bandligi ta’minlangan bo‘lsa, 180 ming nafardan ortiq yoshlar esa ishsiz qolmoqda. Jami 9 mln. nafar yoshlar “yaxshi”, “o‘rta”, “og‘ir” toifalarga ajratilgan.

O‘rganishlar o‘tkazilgan hududlarda ayrim muammo va kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha yordam ko‘rsatildi. Xususan, "og‘ir" toifadagi 364 ming nafar yoshlarning murojaatlaridan 17 foizi hal etilmagan.

Respublika komissiyasi a’zolari “qizil” toifadagi yoshlar bilan birma-bir muloqot qilib, 4,3 ming nafar yoshning muammolari joyida hal etildi.

Bundan tashqari, bor-yo‘g‘i 374 ming nafar yoshlar o‘zini o‘zi band qilgan. Joriy yilda 309 ming bitiruvchi mehnat bozoriga kirib kelishi inobatga olinsa, sektor rahbarlari, yoshlar yetakchilari va hokim yordamchilari o‘rtasida amaliy hamkorlik yetarli emas, degan xulosaga kelingan.

Shundan kelib chiqib, ishsiz yoshlar va mehnat bozoriga kirib kelishi kutilayotgan bitiruvchilarning “fuqarobay” bandligini ta’minlash bo‘yicha “Yoshlar bandligi dasturlari”ni ishlab chiqib, xalq deputatlari sessiyalarida tasdiqlash choralari ko‘rilmoqda.