Jahon | 09:01 / 27.07.2023
5964
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda asosiy stavka 22 yil ichida maksimal darajaga ko‘tarildi

Bazaviy foiz stavkasi 2022 yil boshidan beri 11-marta oshdi. Uning diapazoni 0,25 foiz punktga ko‘tarildi va hozir yiliga 5,25-5,5 foizni tashkil etyapti.

Foto: Reuters

Mamlakat markaziy banki vazifasini bajaruvchi AQSh Federal zaxira tizimi (FZT) 26 iyul, chorshanba kungi navbatdagi yig‘ilishida tanaffusdan so‘ng bazaviy foiz stavkasi diapazonini yana oshirdi. Bu diapazon 0,25 foiz punktga oshirildi va endi yillik 5,25-5,5 foizni tashkil etyapti. Bu so‘nggi 22 yildagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. 2022 yil boshidan buyon stavka 11-marta oshdi.

Foiz stavkalarini oshirish siyosati FZT tomonidan maksimal bandlikka erishish va inflatsiyani kamaytirish, ikki foiz darajasida o‘rnatish uchun amalga oshirilyapti. «So‘nggi ko‘rsatkichlar iqtisodiy faollikning o‘rtacha sur’atlarda kengayib borayotganidan dalolat beradi. So‘nggi oylarda ish o‘rinlarining o‘sishi mustahkam bo‘ldi, ishsizlik darajasi pastligicha qolmoqda. Inflatsiya darajasi yuqori», - deya ma’lum qildi FZT.

AQSh Federal statistika byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyida AQShda yillik inflatsiya 3 foizgacha pasaydi. Bu ikki yil uchun minimal ko‘rsatkich. 2023 yilning aprel oyida u 4,9 foizni, may oyida 4 foizni tashkil etdi. 

FZT yuqori inflatsiya tufayli 2022 yil mart oyidan boshlab har bir yig‘ilishda bazaviy foiz stavkalari oralig‘ini oshirishni boshladi. O‘shanda stavka 2018 yil dekabr oyidan beri birinchi marta oshirildi. FZT rahbari Jyerom Pauell kelajakda foiz stavkalari yanada oshirilishini istisno etmadi. Uning fikricha, maqsadli 2 foiz inflatsiyaga qaytish jarayoni uzoq davom etadi. 

Mavzuga oid