O‘zbekiston | 18:23 / 29.07.2023
20002
10 daqiqa o‘qiladi

“Hyundai” zavodidan 3 ming dollarlik elektromobilgacha - sarobga aylangan loyihalar

O‘tgan davr mobaynida istiqbolli deya e’lon qilingan bir qancha loyihalarni amalga oshirish oxirigacha yetkazilmadi. Noma’lum sabablarga ko‘ra, Nike, Adidas, Hyundai, Burger King, Inditex kabi dunyo brendlari O‘zbekiston bozoriga kirib kelmadi.

UzAuto Motors 2023 yilda avtomobil ishlab chiqarishni keskin oshirib, 500 mingtaga yetkazmoqchi edi. Lekin kompaniyaning bu bayonoti ham amalga oshmasligi aniq bo‘lib ulgurdi.

Statistika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda yilning birinchi yarmida yengil avtomobil ishlab chiqarish hajmi o‘smagan. 6 oy davomida 161 975 dona avtomobil ishlab chiqarilgan, bu o‘tgan yilning mos davriga qaraganda 7741 taga ko‘p xolos.

Kun.uz shu sabab bilan oxirgi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilishi e’lon qilingan, lekin oxir-oqibat amalga oshmagan yoki amalga oshishi noma’lum bosqichda turgan iqtisodiy loyihalarga e’tibor qaratdi.

“O‘zbekiston” va “Chorsu” mehmonxonalarining xususiylashtirilishi

Bundan 3 yil avval Toshkentning qoq markazida joylashgan “O‘zbekiston” mehmonxonasining 80,1 foiz ulushi Singapurning “Bashan investment group pte ltd” kompaniyasiga 23,2 mln dollarga sotilgani ma’lum qilingandi.

Shartnoma shartlarida, Singapur kompaniyasining “O‘zbekiston” mehmonxonasiga 1,5 yil ichida 100 mlrd so‘m investitsiya kiritishi va 4 yulduzli mehmonxona tashkil etishi ham ko‘zda tutilgandi.

Foto: Benjamin Goetzinger

Oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, investitsiya majburiyatlari ham, ta’mirlash ishlari ham amalga oshirilmadi.

Joriy yilning 25 iyul holatiga ko‘ra, mehmonxonaning 80,1 foiz ulushi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga, 11,7 foiz ulushi “Nafteco Projecs LLP”, 8,2 foiz ulushi “Ashton Export LLP” kabi ofshor kompaniyalarga tegishli.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi mazkur bitimning keyingi taqdiri haqida o‘z rasmiy sahifalarida hech qanday ma’lumot taqdim qilmagan.

Shuningdek, auksion savdolari orqali bosh shtab-kvartirasi Birlashgan Arab Amirliklarida joylashgan “Ittihad International Investment LLC” kompaniyasiga 16,9 mlrd so‘mga sotilgan “Chorsu” mehmonxonasi taqdiri ham haligacha noma’lum bo‘lib qolmoqda.

 Foto:Kun.uz

3 ming dollarlik elektromobil

O‘zbekiston hukumati tomonidan mamlakat ichkarisida elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish borasida bir qancha loyiha ishlab chiqilgandi. Xususan, 2018 yildagi qarorda 2020 yilgacha Buxoroda elektromobil ishlab chiqarishni boshlash ko‘zda tutilgandi. 2019 yildagi qarorda esa 2022 yildan boshlab Qo‘qonda elektromobil chiqarish boshlanishi belgilangan, ularning narxi 3 ming dollardan boshlanishi aytilgandi. Xitoyning Silk Road Company kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilishi mo‘ljal qilingan mazkur loyihaning umumiy qiymati 30 million dollarni tashkil etishi, shundan 24 million dollari xorijiy investitsiya ekani bildirilgandi.

Ma’lumot uchun, 2011 yildan 2020 yilgacha Farg‘ona viloyati hokimi lovozimida Shuhrat G‘aniyev ishlagan bo‘lsa, 2018 yilning aprel oyidan beri Ma’ruf Usmonov Qo‘qon shahriga hokimlik qilmoqda.

Kadr:YouTube

UzAuto Motors esa 2021 yildan Labo elektromobilini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi edi, uning narxi 10 ming dollar atrofida bo‘lishi ma’lum qilingandi.

Foto: Podrobno.uz

Nike va Adidas

2019 yil boshida Xitoyning “Tianjin Zhongzhilihua” kompaniyasi bilan “SinoInternational” MChJ o‘rtasidagi kelishuv imzolangandi. Unga ko‘ra, Andijon viloyatida 2020-2022 yildan bosqichma-bosqich (umumiy 3 bosqichda) Nike va Adidas krossovkalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va Markaziy Osiyo davlatlariga tayyor mahsulotlarning 50 foizini eksportga yo‘naltirish rejalashtirilgandi.

Foto: Getty Images

Xususan, 2022 yilning mart-aprel oylaridan boshlab sport poyabzallari ishlab chiqarilishi boshlanishi ko‘zda tutilgandi. Biroq noma’lum sabablarga ko‘ra ushbu loyihani amalga oshirish jarayoni to‘xtab qoldi.

Hyundai zavodi

Namangan viloyatida Hyundai avtomobil zavodi qurilishi ma’lum qilingandi. Xususan, 2018 yil noyabr oyida zavod qurilishi uchun tamal toshi qo‘yiladi.

Shartnomani O‘zbekiston nomidan Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov va o‘sha paytda Investitsiyalar bo‘yicha Davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlayotgan Laziz Qudratov imzolagan.

Ajablanarlisi, oradan ma’lum vaqt o‘tib, 2019 yil aprel oyiga kelib yana bir bor tamal toshi qo‘yish marosimi o‘tkaziladi. Dastlabki mashinalar esa 2019 yil sentabrda konveyerdan chiqishi aytilgandi.

 Foto: nampravda.uz

Birinchi bosqichda oyiga 400 ga yaqin yuk mashinasi, mikroavtobus va avtobus ishlab chiqarish, kelgusida ishlab chiqarish hajmini 4 mingtagacha yetkazish mo‘ljallangan mazkur loyiha ham noma’lum sabablarga ko‘ra amaliyotga tatbiq qilinmadi.

So‘m ramzi

2022 yilning fevral oyida Markaziy bank “milliy valutaning moliya bozorida xalqaro nufuzini oshirish va keng jamoatchilik o‘rtasida tanilishini ta’minlash maqsadida” so‘m ramzini yaratish bo‘yicha tanlov e’lon qiladi. Oradan ma’lum vaqt o‘tganidan keyin, g‘olib sifatida Sarvar Jumagaldiyev tomonidan ishlab chiqilgan grafik belgi tanlab olindi. Ammo mazkur belgi “In-Core Systèmes” va Hindistonda ochilgan “Logic Square Technologies” logotiplariga o‘xshashligi sababli tanqidga uchradi. Shundan so‘ng jarayon to‘xtab qoldi va hozirgacha qo‘shimcha izoh berilmadi.

Foto: Markaziy bank

Ma’lumot uchun, hozirgacha o‘zbek so‘mida, boshqa valutalardan farqli ravishda ramz ko‘rinishidagi belgi yo‘q. MDH hududida esa arman drami (֏), ukrain grivnasi (₴), ozar manati (₼), qozoq tengesi (₸), qirg‘iz somi (⊆) va Rossiya rubli (₽) kabi valutalarning grafik ramzlari bor.

Burger King

2021 yilning iyul oyi oxirida Burger King restoranlar tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga kirayotgani haqidagi ma’lumotlar tarqalgandi. Unda Toshkentda Burgerhouse MChJ kompaniyasi ro‘yxatga olingani, uning ustav fondi 1 mlrd so‘mga teng ekani, shuningdek, xodimlarni ishga olish boshlangani xabar qilingandi.

Foto: Forbes

Shuningdek, birinchi uchta restoran Bobur bog‘i, Ekobozor yonidagi Atlas majmuasi va Chilonzor 25-mavzesida ochilishi ma’lum qilingandi. 2021 yil oxiriga qadar ish boshlashi ko‘zda tutilgan restoranlar noma’lum sabablarga ko‘ra o‘z faoliyatini boshlamadi.

IKEA

2021 yilning fevral oyida Toshkent viloyatida amalga oshirilishi rejalashtirilgan investitsiya loyihalari taqdimoti o‘tkaziladi. Unda mebel va uy jihozlari ishlab chiqarish hamda sotish bo‘yicha dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biri – IKEA’ning Chirchiq shahri hududida mebel ishlab chiqarish fabrikasi ochilishi, loyiha umumiy qiymati 52 million dollar bo‘lishi e’lon qilinadi.

 Foto: YeRA/TASS

Biroq bir muddat o‘tganidan so‘ng, IKEA kompaniyasi O‘zbekistonda bunday loyihani amalga oshirish rejasi yo‘qligini bildiradi.

Keyinchalik sobiq Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov bu loyiha faqat taklif sifatida aytilganini ma’lum qiladi.

“O‘zavtosanoat”ning va’dalari

2019 yilda “O‘zavtosanoat” “O‘zbekistonda avtomobilsozlikni rivojlantirish strategiyasi” taqdimotini o‘tkazgandi. Unda birinchi 5 yillikda narxi 10 000 AQSh dollari atrofida bo‘lgan arzon avtomobillar ishlab chiqarilishiga e’tibor qaratilishi e’lon qilingandi. Mazkur strategiya prezidentga ham taqdim qilingandi. Amalda esa 2022 yil oxiriga borib, narxi 10 ming dollargacha bo‘lgan avtomobillar ishlab chiqarish butunlay to‘xtatildi.

Shuningdek, UzAuto Motors'ning sotuvga chiqarilgan aksiyalarida anderrayter vazifasini bajargan Freedom Broker hisobotida kompaniya rejalarida 2023 yildan Captiva va Cadillac importini boshlash ko‘zda tutilgani keltirib o‘tilgandi.

Inditex

O‘tgan yil iyun oyida chakana kiyim sotish bo‘yicha dunyoning yetakchi kompaniyasi, yirik do‘konlar tarmog‘i egasi bo‘lmish Inditex kompaniyasining O‘zbekiston bozoriga kirayotgani haqidagi xabarlar tarqalgandi. Shundan so‘ng Savdo-sanoat palatasi ham, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ham bu borada qo‘shimcha ma’lumotlar bermadi.

Foto: Getty Images

Pandemiyadan oldin ham Inditex vakillari O‘zbekistonga amaliy tashrif bilan kelgandi. Uchrashuvda O‘zbekistonning korporatsiya do‘konlari uchun tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib berish masalasi muhokama qilingandi.

Ma’lumot uchun, Ispaniyaning Inditex kompaniyasi Massimo Dutti, Zara, Pull & Bear, Oysho, Bershka, Stradivarius, Uterque, Zara Home kabi brendlar egasi hisoblanadi.

Mavzuga oid