O‘zbekiston | 15:18 / 30.07.2023
13725
29 daqiqa o‘qiladi

Savdo aloqalari, Afg‘oniston va Ukrainadagi vaziyat, O‘zbekistondagi so‘z erkinligi – Britaniya elchisi bilan suhbat

Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Timoti Torlot o‘z missiyasiga va umuman diplomatik karerasiga yakun yasayapti. Kun.uz muxbiri oxirgi to‘rt yil davomida O‘zbekiston-Britaniya munosabatlari rivojiga o‘z hissasini qo‘shgan elchi bilan suhbatlashdi.

Suhbatda elchi Tim Torlot so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarda kuzatilgan o‘zgarishlar, savdo aloqalarini yanada mustahkamlash imkoniyatlari, ta’lim sohasidagi hamkorlik, Markaziy Osiyodagi xavfsizlik masalalari, Ukrainadagi urush va boshqa ko‘plab mavzularda o‘z fikrini bildirdi.

— Janob elchi, siz bu lavozimga tayinlanganingizdan beri o‘tgan vaqt davomida O‘zbekistonda ham, Buyuk Britaniyada ham ko‘plab o‘zgarishlar kuzatildi. Masalan, mamlakatingiz Yevropa Ittifoqini tark etdi, uzoq yillik monarx – qirolicha vafot etdi va uning o‘rniga taxtni yangi qirol egalladi, bir necha bor bosh vaziringiz almashdi va yana boshqa ko‘plab o‘zgarishlar bo‘ldi. Sizningcha, bularning bari ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga qanday ta’sir ko‘rsatdi?

— Aytib o‘tishim kerakki, Buyuk Britaniya Markaziy Osiyoga har doim muhim mintaqa sifatida qarab kelgan, ayniqsa O‘zbekistonning ahamiyati katta biz uchun. Biz Yevropa mamlakatlari orasida birinchilardan bo‘lib bu yerda o‘z elchixonamizni ochganmiz.

Siz sanab o‘tganga o‘xshash o‘zgarishlar nafaqat Buyuk Britaniyada, balki butun dunyoda ro‘y berdi, deyishim mumkin. Bizning Yevropa Ittifoqini tark etishimiz shubhasiz munozarali masala bo‘ldi va boshqa davlatlar bilan munosabatlarimizga u yoki bu ko‘rinishda bevosita ta’sir o‘tkazdi. Bundan asosiy maqsad – Yevropa hududidan tashqarida ham aloqalarimizni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy imkoniyatlarimizni kengaytirish bo‘lgan. Albatta, Yevropa mintaqasidagi davlatlar va ular bilan yagona ittifoq biz uchun muhim, lekin biz uning tashqarisida ham faoliyat yuritishni istadik. Xususan, mening diplomat sifatidagi asosiy vazifalarimdan biri ham mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni yaxshilashdan iborat.

Shu o‘rinda so‘ngi yillarda xalqaro maydonda sodir bo‘lgan o‘zgarishlarning O‘zbekistonga ta’siri haqida ham biroz to‘xtalib o‘tsak. Aytib o‘tganingizdek, men bu yerda to‘rt yildan beri faoliyat yuritib kelmoqdaman. Shu vaqt oralig‘ida biz global pandemiyani boshdan kechirdik. Bu boshqa davlatlar qatori sizning mamlakatingizga ham o‘zining jiddiy salbiy ta’sirini ko‘rsatdi. Bundan tashqari, qo‘shni Afg‘onistonda hukumat tepasiga “Tolibon”ning kelishi ham sizlarga xavfsizlik va iqtisodiy jihatdan yangi muammolarni keltirib chiqardi. O‘tgan yili Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi va uning hududini bosib olishga urinishi esa navbatdagi iqtisodiy-ijtimoiy muammolarni keltirib chiqardi.

Biz bu yillar davomida O‘zbekiston bilan aloqalarni yanada mustahkamlash yo‘lida ko‘plab ishlarni amalga oshirdik. Masalan, davlatingiz Buyuk Britaniya bilan hamkorlikda Kengaytirilgan GSP tizimi shartnomasini imzolagan birinchi mamlakat bo‘ldi. Bu sizlarga qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlarini hech qanday tariflarsiz bizning bozorga eksport qilish imkonini beradi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo‘lib biz bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik shartnomasini ham imzoladi. Bu ham yorqin istiqboldan dalolat.

Buyuk Britaniya O‘zbekistonda Hamkorlikni rivojlantirish dasturini yo‘lga qo‘ydi. Bu dastur iqtisodiyotning yetti turli yo‘nalishida ikki tomonlama hamkorlikni nazarda tutadi. Qo‘shimcha sifatida mavsumiy ishchilar dasturini ham keltirib o‘tish mumkin. Ya’ni biz yoz oylarida Buyuk Britaniya qishloq xo‘jaligi sohasiga, meva va sabzavotlar terish, ularni qadoqlash kabi ishlarga O‘zbekiston fuqarolarini jalb qilishni boshladik.

Yana aytishim mumkinki, xavfsizlik bo‘yicha hamkorlikda ham katta ishlar amalga oshirildi. Savdo aloqalari rivojlandi. Hatto pandemiya bizga yangi imkoniyatlarni taqdim etdi, deyish mumkin. Chunki aynan koronavirus ortidan o‘rnatilgan cheklovlar sabab biz biznesning yangi sohalarini yo‘lga qo‘ydik. Oldinlari mavjud bo‘lmagan yo‘nalishlarda savdo qila boshladik. 2021 yilda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Buyuk Britaniya Savdo va sanoat kengashi yig‘ilishida 800 nafar ishbilarmon onlayn tarzda ishtirok etdi va bu o‘tgan yili O‘zbekistonga yirik savdo delegatsiyasi, 126 nafar tadbirkorning kelishiga turtki bo‘ldi. Umid qilamanki, bu harakatlarimizning natijalari asta-sekin tashqi savdo statistikalarida namoyon bo‘ladi.

O‘sib borayotgan hamkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash uchun elchixonamiz xodimlari sonini ikki baravar ko‘paytirdik. Men bu yerga kelganimda atiga olti nafar buyuk britaniyalik diplomat ishlardi bu yerda. Hozir esa o‘n ikki kishimiz. Bularning bari siz bilan aloqalarni mustahkamlashga qanchalar jiddiy e’tibor qaratganimizdan darak.

Savdo aloqalari haqida to‘xtalib o‘tdingiz. Bilishimcha, O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi savdo aylanmasi juda past. Bu boradagi hamkorlikni yaxshilash uchun biror aniq dastur, rejalar bormi? Davlatingiz O‘zbekistondan qaysi turdagi mahsulotlarni import qilishni afzal deb biladi?

— Fikringizga qo‘shilaman. O‘zbekistonning imkoniyatlari, uning dunyo hamjamiyatiga ochilib borayotgani va bu boradagi sa’y-harakatlarini hisobga oladigan bo‘lsak, u bilan savdo-investitsiya aloqalarimizning hozirgi holati meni ham ajablantiradi. Oldingi savolga javob berish asnosida aytganimdek, biz mamlakatingiz bilan munosabatlarni mustahkamlash uchun o‘zimizning odatiy usullardan foydalangan holda turli biznes yig‘inlari tashkil etib kelmoqdamiz. Xususan, buyuk britaniyalik tadbirkorlarga foyda keltirishi va shu bilan birga foyda olishi mumkin bo‘lgan iqtisodiyot sohalari biz uchun ustuvor yo‘nalishlar hisoblanadi.

Biz O‘zbekiston hukumatining xususiylatirish siyosatini qo‘llab-quvvatlagan holda mamlakatingizga davlatning iqtisodiyotdagi rolini kamaytirish, davlat tasarrufidan chiqarilgan kompaniyalarga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish borasida ko‘maklashmoqdamiz. Bularni amalga oshirish uchun biz eng avvalo o‘zbekistonlik ishbilarmonlarni Buyuk Britaniyada malaka oshirishiga imkon yaratishni zarur deb bilamiz. Masalan, sentabr oyida bir guruh bank sohasi mutaxassislari Londonga malaka oshirish uchun borishadi.

Bundan tashqari, shu yil avgust oyida Buyuk Britaniya savdo vazirining O‘zbekistonga tashrifi kutilmoqda. O‘tgan yili yoz faslida ham ayni shunday tashrif amalga oshirilgandi. Bu tashriflardan ko‘zlangan asosiy maqsad – savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va ikki taraf uchun ham foyda keltirish.

Biz uchun eng ahamiyatli sohalar – moliyaviy xizmatlar va biznesning boshqa turli tarmoqlari, deb aytishim mumkin. Chunki aynan shu yo‘nalishlarda Buyuk Britaniya katta tajribaga ega. Bundan tashqari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari xususida ham muloqotlar davom etyapti. Aytib o‘tish o‘rinliki, biz bu borada Yevropada yetakchilardan hisoblanamiz va boshqa mamlakatlarning transport tizimi, qurilish ishlari hamda iqtisodiy-moliyaviy hayotida yashil energiya manbalarini joriy qilishda ko‘maklashib kelmoqdamiz.

Ta’lim yo‘nalishidagi hamkorlikning ahamiyati esa shaxsan men uchun juda yuqori. Chunki hozirda aynan ta’lim sohasida Buyuk Britaniyaning mamlakatingizdagi ishtiroki katta va u yanada kengayishda davom etmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda Buyuk Britaniya bilan hamkorlikda ishlayotgan oliy ta’lim muassasalari soni 30 dan ortadi. Ularning ba’zilari Vestminster universiteti kabi to‘liq faoliyat yurituvchi ta’lim maskanlari bo‘lsa, ba’zilari qo‘shma dasturlar taklif etuvchi oliygohlardir. Bizning oliy o‘quv yurtlari O‘zbekiston universitetlariga farmatsevtika, buxgalteriya, qishloq xo‘jaligining ayrim tarmoqlari va ta’limning boshqa yo‘nalishlarida rivojlanishga yordam berib kelmoqda. Bu dasturlarning ortida Britaniya kengashi va elchixonaning mehnatlari turibdi, deb ayta olaman.

Umuman olganda, iqtisodiyot rivojlangan sari hamkorlik uchun imkoniyatlar ham kengayib boraveradi. O‘zbekistonning qishloq xo‘jalik hamda tekstil mahsulotlari Buyuk Britaniya bozorlarida talabgir bo‘ladi, deb o‘ylayman. Avvalroq aytib o‘tganimdek, bunda sizga bizning Rivojlanayotgan davlatlar bilan savdo qilish deb nomlangan tizimimiz juda qo‘l keladi. U orqali siz 99 foiz mahsulotlaringizni tariflardan holi holda bizning bozorga yetkazib berishingiz mumkin. Bu ham siz bilan savdo munosabatlarini rivojlantirishga qanchalik jiddiy qarayotganimizdan darak beradi.

Timoti Torlot va Shavkat Mirziyoyev ishonch yorlig‘ini topshirish marosimida. / 2019 yil, sentabr / Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonning qisqa yoki aytaylik o‘rta muddatli davrda Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish imkoniyatlarini qanday baholaysiz?

— Agar davlatingiz Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish jarayonini tezlashtirib, bu borada dadillik, qat’iyat ko‘rsatar ekan, sizda unga a’zo bo‘lish imkoniyati yetarlicha. Qabul qilinayotgan prezident qarorlari, tashkilotga qo‘shilish uchun maxsus vakil tayinlanishi ham harakatlaringizdan darak beradi. Ammo bu jarayon sinchkovlik talab qiladigan, o‘ziga yarasha texnik bosqichlardan iborat. Buyuk Britaniya O‘zbekistonni bu yo‘lda har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish rivojlangan davlatlar uchun ham, rivojlanayotgan mamlakatlar uchun ham o‘z iqtisodiy holatini yaxshilash, barqarorlikka erishishda keng imkoniyatlar yaratadi.

Biz hozirda O‘zbekiston hukumatini asosan ikki yo‘nalishda qo‘llashga e’tibor qaratganmiz: birinchisi, mulliflik huquqining savdoga aloqador jihatlari, ya’ni TRIPS kelishuvi bo‘lsa, ikkinchisi investitsiyalar bilan bog‘liq. Aynan shu ikki jabhada mamlakatingiz o‘zgarishlar qilishi kerak bo‘lgan jihatlar bor. Bunda biz sizlarga moliyaviy tomondan ham ko‘maklashmoqdamiz hamda prezidentning Jahon savdo tashkiloti bo‘yicha maxsus vakili va Savdo-investitsiya vazirligi bilan keng ko‘lamli ishlar boshlaganmiz. Aytib o‘tganimdek, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davom etmoqda.

Siz xavfsizlik masalalari haqida ham gapirib o‘tdingiz. Qo‘shni Afg‘onistonda Tolibonning hukumat tepasiga kelishi bilan Buyuk Britaniya tashqi siyosatida, uning mintaqadagi maanfatlarida biror narsa o‘zgardimi? Bu ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatdimi?

— Bu so‘ssiz bizning Afg‘oniston bilan munosabatlarimizga ta’sir qildi. Oldingi hukumat davrida ham muammolar yo‘q emasdi albatta, ammo u demokratik yo‘l bilan saylangandi va inson huquqlarini ta’minlash hamda iqtisodiy holatni yaxshilash bo‘yicha sezilarli ishlarni amalga oshirayotgandi.

“Tolibon”ning hukumat tepasiga kelishi Afg‘oniston iqtisodiyotida o‘z aksini ko‘rsatdi. Biz afg‘on xalqiga ko‘maklashish uchun BMTning turli agentliklari orqali ko‘plab insonparvarlik yordamlarini yubordik. U yerdagi inqiroz qo‘shni davlatlarga ham ta’sir ko‘rsatmay qolmasligi tabiiy.

Bizning asosiy xavotirimiz – xalqaro terrorizmning yana qayta paydo bo‘lishi. Oldingi safar “Tolibon” boshqaruvni egallaganda uning terrorchi tashkilotlar, xususan, “Al-Qoida” bilan aloqalari boshqalar qatorida O‘zbekistonga ham xavf solgan. Undan tashqari, Islom davlatining Xuroson viloyatida faoliyat yuritishiga ham yo‘l ochib bergan.

Shunday ekan, biz Afg‘onistonni yana bir bor xalqaro terrorizm o‘chog‘iga aylanishidan xavotirdamiz. Buning oldini olish uchun biz O‘zbekiston hukumati bilan, mintaqadagi boshqa davlatlarning hukumatlari bilan yaqin aloqalar o‘rnatib, xavfsizlik choralarini ko‘ryapmiz. Bunda ayniqsa O‘zbekistonning roli katta, deb bilaman. Chunki so‘ngi to‘rt-besh yilda sizlar Afg‘onistonning oldingi hukumati bilan ham, endilikda esa “Tolibon” bilan ham yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini olib boryapsizlar. Mamlakatingizning ushbu davlat bilan energetika sohasida va iqtisodiyotning boshqa jabhalarida hamkorligi rivojlanmoqda; transport yo‘llarining yaxshilanishidan ham manfaatdorsiz, albatta. Umuman olib aytganda, sizlar Afg‘onistonni iqtisodiy jihatdan o‘sishini, barqaror bo‘lishini qo‘llab-quvvatlayapsiz. Bu juda yaxshi. Ikki davlat o‘rtasidagi ushbu munosabatlardan biz ham mamnunmiz. Ammo fikrimcha, barchamiz, jumladan, O‘zbekiston hukumati ham, qonuniy ravishda saylangan va barcha afg‘onlar, jumladan, ayollar manfaatlarini ifodalovchi hukumat boshqaruvi ta’minlanmagunicha, bu iqtisodiy aloqalarni qay darajada rivojlantirish mumkinligidan xavfsirayapmiz.

“Tolibon”ning ayollar huquqlari va fuqarolik jamiyatini cheklash yo‘lidagi qadamlari bizga ma’qul emas. Biz o‘z aholisining yarmini ajratadigan, ularga keskin munosabatda bo‘ladigan hukumatni oqlay olmaymiz. Bu barqaror rivojlanish yo‘li emas, mintaqa xavfsizligi uchun ham zarar.

O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Ergashev va Britaniya elchisi Timoti Torlot o‘rtasidagi uchrashuv. 2023 yil, fevral / Foto: "Dunyo" axborot agentligi

— O‘zbekistonning tashqi siyosati so‘nggi besh-olti yil ichida sezilarli darajada o‘zgardi. Sizningcha, amaldagi hukumat tashqi siyosatidagi eng ko‘zga ko‘ringan yutuqlar nimalardan iborat? Kamchiliklari-chi?

— Menimcha, yutuqlar ro‘yxati kamchiliklarga qaraganda ancha uzun. Avvalambor aytib o‘tish kerakki, prezident Mirziyoyev va O‘zbekiston hukumati qo‘shnilar bilan, xususan, Afg‘oniston bilan, va yana Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda Turkmaniston bilan o‘rnatgan munosabatlar savdo aloqalarini, ijtimoiy-madaniy aloqalarni qo‘llab-quvvatlashda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu esa o‘z navbatida mintaqada yanada xavfsiz va barqaror muhit shakllanishiga zamin yaratdi, birdamlik tuyg‘usini kuchaytirdi, ayniqsa iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq masalalarda. Bu muammo butun dunyo uchun, jumladan, muzliklar tez erib borayotgan Markaziy Osiyo uchun ham dolzarb hisoblanadi.

O‘zbekistonning Rossiya bilan iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy aloqalari uzoq yillardan beri mustahkam bo‘lib kelgan. Bu ma’lum. Endilikda mamlakatingiz dunyoning boshqa mintaqalari, boshqa davlatlari bilan ham aloqalarini yanada yaxshilash yo‘lida jiddiy ishlar olib bormoqda. Masalan, sharqda Yaponiya, Koreya, Xitoy bilan, janubda Hindiston, Pokiston, Afg‘oniston, Bangladesh bilan, g‘arbda Turkiya, Eron, Yevropa mamlakatlari, xususan Buyuk Britaniya bilan, hamda AQSh va Kanada bilan aloqalar mustahkamlanib bormoqda. Bu mantiqan olib qaralganda ham juda to‘g‘ri qaror. Chunki bu o‘zbek tadbirkorlariga yangi imkoniyat eshiklarini ochadi, yangi bozorlarga yetaklaydi, sizlarga ko‘plab siyosiy hamkorlar topish imkonini beradi, boshqalardan o‘rganish va bu orqali o‘z yo‘lingizni qurishni osonlashtiradi.

O‘ylaymanki, bularning bari – katta muvaffaqiyatlar. O‘zbekiston bu yo‘lda davom etsa, qanday foydalar ko‘rishini allaqachon tushunib yetgan. Davlatingiz bu islohotlar yo‘lidan chekinmaydi, deb umid qilaman.

Agar hamkorlik aloqalarini kengaytirsangiz, chorasiz vaziyatda ham qolmaysiz. Bir davlat bilan munosabatlarda muammo chiqsa, boshqasi bilan ishlab ketaverasiz. Bu ayniqsa Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi misolida yaqqol ko‘rinadi. Ya’ni urush boshlangach, bor e’tiborni faqat bitta hamkorga qaratish to‘g‘ri emasligini davlatingiz yaxshi anglab yetdi. Biz sizlarni Rossiya bilan savdo qilishdan to‘smoqchi emasmiz, aslo. Lekin aytib o‘tganimdek, hamkorlarning ko‘p bo‘lgani yaxshi. Shunda tanlov ham ko‘proq bo‘ladi.

Hali ustida ishlanishi kerak bo‘lgan masalalarga to‘xtaladigan bo‘lsak, menimcha, qurilgan bu aloqalarning endigina boshlang‘ich bosqichda ekanini urg‘ulash mumkin. Buyuk Britaniya bilan munosabatlar ham hali shakllanishi kerak. Bu borada sizlar ham, bizlar ham qilishimiz mumkin bo‘lga ishlar talaygina.

Gapimning boshida iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolar haqida gapirdim. Bu kabi muammolar xalqaro miqyosda hal qilinadi va davlatingiz ham buni tobora chuqurroq his qilib bormoqda. Demak, bu yo‘lda ham qilinishi kerak bo‘lgan ishlar oz emas.

Buning ustiga Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilmoqchisiz, uning ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor, savdo tizimini o‘zgartirish, moslashtirish kerak.

Umuman olganda, qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p, lekin bu nafaqat O‘zbekiston, balki boshqa davlatlarda ham shunday. Zamon tez o‘zgarib boryapti.

Tim Torlot va O‘zbekiston sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida bitimni imzolamoqda. / Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati

Ukrainada urush boshlanganidan beri Buyuk Britaniya tashqi razvedka xizmati – MI6 ma’lumotlar taqdim etishda ancha aniq ishlamoqda. Shundan kelib chiqib, bu qarama-qarshilikning kelajagini qanday ko‘rishingiz va O‘zbekiston uchun qanday oqibatlar bo‘lishi mumkinligini ayta olasizmi? G‘arb sanktsiyalari Markaziy Osiyoga ham ta’sir qiladimi?

— Bu savolda ko‘p narsa so‘raldi. Ularga birma-bir javob berishga harakat qilaman. Avvalo shuni ta’kidlashim kerakki, men MI6 Rossiya va Ukraina bo‘yicha chiqarayotgan razvedka ma’lumotlarini o‘qimayman. Shunday ekan, bunga izoh ham berolmayman.

Ukrainadagi bu dahshatli urush ko‘plab oddiy odamlarning hayotiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda, yosh rus yigitlarining va boshqalarning o‘limiga sabab bo‘lmoqda. Bundan tashqari, mintaqaviy va global iqtisodiyotni ham jar yoqasiga yetaklayapti. Rossiyaning ushbu haftada Qora dengiz don tashabbusidan chiqishi xalqaro oziq-ovqat ta’minotini xavf ostiga qo‘yadi. Afrika va dunyoning boshqa mintaqalarida qiyin ahvolda yashovchi odamlar mushkulini yengil qilishi mumkin bo‘lgan, 32 mln tonna don mahsulotlari eksportiga zamin yaratgan shartnoma xavf ostida qolmoqda. Bu o‘ta ketgan be’manilik. Umuman olganda, bu urushning o‘zi katta fojia, xato, deb bilaman.

Urushga chek qo‘yishning yagona yo‘li – bu rus qo‘shinlarining bosib olingan yerlardan chiqib ketishi va harbiy harakatlarni to‘xtatishi. Biz Ukrainani har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. Urush boshlangandan beri Buyuk Britaniya Ukrainaga 350 mln funtga teng insonparvarlik yordami ajratdi, bu 400 mln dollardan oshiqroq degani. Davlatimiz to so‘nggi rus askari mustaqil Ukraina hududini tark etmaguniga qadar yordam ko‘rsatishda davom etadi.

Ochig‘ini aytsam, men bu urush kelajagi borasida u qadar ham ijobiy fikr bildirolmayman. Rossiyada davom etayotgan ziddiyatlar, iqtisodiyotning katta zarar ko‘rishiga qaramay prezident Putin to‘xtamoqchi emas. Rossiya – katta iqtisodiy va harbiy qudratga ega davlat. Lekin bu urush uning zaif jihatlarini ham namoyon qilib qo‘ymoqda, texnika borasida ham, urush olib borishga tayyorgarlik borasida ham.

Biz, aytib o‘tganimdek, Yevropa Ittifoqidagi, NATOdagi va umuman butun dunyodagi hamkorlarimiz bilan Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz.

Siz sanksiyalar haqida ham so‘radingiz. Sanksiyalar ikki narsani maqsad qilgan: birinchisi, Putin rejimi va uning yonida turib urushni qo‘llayotgan tarafdorlarini moliyaviy jihatdan cheklovlar bilan ta’qib qilish. Ikkinchisi, Buyuk Britaniyada ishlab chiqarilgan malsulotlarning Rossiyaga yetib borishining oldini olish. Sanksiyalar O‘zbekistonga Buyuk Britaniyada ishlab chiqarilgan mahsulotlar davlatingiz orqali Rossiyaga yetkazilgandagina ta’sir qilishi mumkin. Biz hukumatingiz bilan bu borada muloqotlar o‘tkazib, kerakli ishlarni olib boryapmiz. Aytib o‘tishim kerakki, O‘zbekiston hukumati ham, Markaziy bank va vazirliklar ham bu borada bizga katta yordam beryapti, hamkorlik qilyapti. Prezident Mirziyoyev yil boshida Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakilini qabul qildi va O‘zbekistondan sanksiyalarni aylanib o‘tishda foydalanishlariga yo‘l qo‘ymasligini aytdi. Biz bundan juda mamnunmiz, albatta.

Bizning maqsadimiz O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning qonuniy eksportini cheklash emas. Sanksiyalar bunga qaratilmagan va bu xalqaro mezonlarga ham to‘g‘ri kelmaydi. Buni hukumatga atroflicha tushuntirish uchun muloqotlar olib boryapmiz. Shu haftada Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi hamda Moliya vazirligidan bir guruh vakillar O‘zbekistonga kelib, masalaning texnik jihatlarini yoritib berishi kutilyapti. Biz bu kabi uchrashuvlarni tashkil qilishda davom etamiz. Maqsad – sanksiyalarning ahamiyatini va ta’sirini tushuntirish. Qonuniy savdoga aralishish yoki uni cheklash emas.

Savollardan biriga javob bera turib, inson huquqlari masalasiga ham to‘xtalib o‘tdingiz. Oldinlari elchixona so‘z erkinligi bilan bog‘liq turli holatlarga doimiy ravishda o‘z munosabatini bildirib kelardi, ijtimoiy tarmoqlarda izoh qoldirardi. Shaxsan o‘zim sizni Twitter'da bunday holatlarga yozgan izohlaringizni bir necha bor ko‘rganman. Lekin so‘nggi paytlarda so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyatlarga elchixona bee’tibordek. Buning sababi nima?

— Bee’tiborlilik haqidagi tanqidni qabul qilmagan bo‘lardim. Shaxsan men ham, elchixona ham so‘z erkinligi ta’minlanishini juda muhim deb hisoblaymiz. Bu borada oldingi faollikni yo‘qotganimiz haqidagi bu fikr qanchalik to‘g‘ri, bilmayman, ochig‘i. Adashmasam, oxirgi marta o‘tgan haftada yoki undan biroz oldinroq Qoraqalpog‘iston voqealari bir yilligi munosabati bilan yozilgan va Gazeta.uz'da chop etilgan maqolani olib tashlash uchun qilingan bosimga munosabat bildirib, post joylagandim. Maqola juda ajoyib chiqqan, u mamlakatdagi muhim siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy holatlar haqida atroflicha to‘xtalgan. Uni olib tashlashga urinish esa to‘g‘ri ish emasdi. Shunday ekan, men bu borada o‘z fikrimni bildirdim.

Bundan tashqari, kecha tashqi ishlar vaziri bilan elchi sifatida so‘nggi bor uchrashdim va bu uchrashuvda ham so‘z erkinligi masalasi ko‘tarildi.

Biz prezident qurayotgan Yangi O‘zbekiston uchun so‘z erkinligining qanchalar muhim ekanini yaxshi bilamiz, bunga ishonamiz va qo‘llab-quvvatlaymiz. To‘g‘ri, kamchiliklar, xatoliklar bo‘lishi mumkin, lekin baribir matbuot erkinligi ta’minlanishi kerak.

Bir o‘rinda tanqidda haqlisiz. Men bu yerga kelgan vaqtlarimda mustaqil jurnalistikani qo‘llab-quvvatlash va hukumat tomonidan so‘z erkinligiga kengroq eshiklar ochilishi uchun harakatimiz kuchliroq edi, bunga ko‘proq resurs ajratardik. Lekin hozirga kelib bir tarafdan bu ishni boshqa xalqaro tashkilotlar ham qilayotgani, boshqa tarafdan biz endilikda ayollar huquqi masalasiga ko‘proq e’tibor berayotganimiz sabab resurlarimizni shu tarafga yo‘naltirganmiz. Bundan tashqari, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq masalalarda ham ancha faollashganmiz. Masalan, hozir Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan shunga aloqador bir loyiha ustida ishlayapmiz. Mehnat migratsiyasini qo‘llash bo‘yicha ham oldinga siljish bor. Bularning bari inson huquqlari himoyasiga qaratilgan.

Shunday ekan, bizni so‘z erkinligi borasida harakatni susaytirgan deyish u qadar adolatli bo‘lmaydi, menimcha. Biz shunchaki resurlar taqsimotini biroz o‘zgartirdik, lekin hamon matbuot erkinligi muhimligiga ishonamiz.

Yaqinda siz va elchixona xodimlarining o‘zbekcha tez aytishlarni mashq qilayotganingiz haqida bir qiziq video ko‘rdim. Bu qiyin kechmadimi?

— Juda qiyin kechdi ochig‘i. Buni e’tirof etganingiz uchun avvalambor tashakkur. Bu bizning ijtimoiy tarmoqlarga joylagan eng muvaffaqiyatli postlarimizdan bo‘ldi. Tez aytishlarni o‘z ona tilida qaytarish qancha mushkul, boshqa tilda-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Lekin shunga qaramay bu juda qiziq kechdi.

So‘ngi to‘rt yilda bu yerda yashab, o‘zbek tilida muloqot qilish darajangiz yaxshilandimi? Balki o‘zbekcha biror she’r o‘qib berarsiz?

— Afsuski, o‘zbek tili darajam yaxshilandi deb aytolmayman. O‘rganishga harakat qildim albatta, lekin natija havas qilarlik emas. Boshqa bir tilda gapirish men uchun o‘sha xalqqa nisbatan hurmatni ifoda etishni anglatadi. Shuning uchun ba’zi-ba’zida, muhim sanalarda o‘zbek tilida postlar joylab turishga harakat qilaman.

Ochig‘ini aytsam, o‘zbek tilida ayrim so‘zlar menga juda tanish. Chunki ular arab, turk tillarida ham bor. Men esa arab tilida yaxshi muloqot qila olaman. Bu yerga kelishdan oldin rus tilini o‘rgangandim, agar o‘zbek tiliga vaqt sarflaganimda balki uni yaxshiroq o‘rgangan bo‘lardim, chunki tilingiz rus tiliga nisbatan osonroq.

Shunga qaramay, mening bu borada bir yutug‘im bor. Men Tashqi ishlar vazirligini o‘rnimga kelayotgan elchiga o‘zbek tilini o‘rganishi uchun sharoit yaratib berishga ko‘ndirdim. U avgustda keladi. Uning ismi ham Tim, eslab qolish oson. U mendan yoshroq, g‘ayratliroq. Ishonamanki, u ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yanada mustahkam bo‘lishiga o‘z hissasini qo‘shadi. Balki vaqti kelib u bilan ham intervyu tashkil qilsangiz, suhbatni o‘zbek tilida olib borarsiz.

Kelajak uchun rejalaringiz qanday bo‘lsa ham ularga erishishingizda omad tilayman. Bizga vaqt ajratganingiz uchun, suhbat uchun katta rahmat. O‘zbekistonga yana albatta tashrif buyurishingizni tilayman.

— O‘zbekistonga albatta yana qaytamiz. Bunga ikki sababimiz bor: birinchidan, bizga bu yer juda yoqdi, lekin pandemiya sabab u qadar ko‘p sayohat qila olmadik. Ikkinchidan, ayolim yozuvchi, bilishimcha, yaqin vaqtlarda O‘zbekiston haqida kitob yozishni reja qilyapti. U biror ishga kirishsa, ishini har tomonlama mukammal qilishni yaxshi ko‘radi. Shuning uchun fikrimcha yurtingiz haqida yanada ko‘proq ma’lumot to‘plash uchun u bu yerga kelishimizni xohlashi aniq.

Shu o‘rinda, Kun.uz saytiga ham o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Sizlar O‘zbekistondagi zamonaviy ommaviy axborot vositalari orasida o‘z o‘rniga ega mustaqil nashrlardansiz. O‘tgan to‘rt yil davomida saytingizda chop etilgan maqolalarni o‘qib, bu yerdagi jarayonlar haqida ko‘p narsa o‘rgandim. Siz va siz kabi boshqa ommaviy axborot vositalari bo‘lmaganida, ehtimol, men ham elchi sifatidagi faoliyatimda u qadar katta muvaffaqiyatlarga erishmagan bo‘lardim. Sizlarga rahmat.

Doniyor Tuxsinov suhbatlashdi.

Mavzuga oid