O‘zbekiston | 22:58 / 30.07.2023
39446
24 daqiqa o‘qiladi

Oyog‘i yerdan uzilgan deputatlar, yangi liftdagi o‘lim va yashirilgan jinoyatlar. Hafta dayjesti

Kambag‘allik darajasi eng yuqori viloyat Sirdaryo ekani ma’lum bo‘lgan haftada, shu viloyatning deputatlari hokimlarga 15 ta “inomarka” olib berishga qaror qildi. Respublika darajasidagi boshqa bir deputat esa ayb kambag‘allarning o‘zida ekanini aytib chiqdi. Yakunlanayotgan haftaning shu va boshqa mavzulari – Kun.uz dayjestida.

“Global qaynash davri”

Toshkentda ikki oydan beri har kuni qator mahallalarda ta’mirlash ishlari sabab elektr ta’minoti o‘chirilyapti va bu yangilik bo‘lmay qoldi. Talab ortib ketgan kunlari esa avariyalarning oldini olish uchun shaxmat tartibidagi o‘chirishlar ham qo‘llanyapti. Lekin ba’zan bu ham yetarli bo‘lmayapti. Xususan, 26 iyul kuni poytaxtning 7 ta tumanidagi ko‘plab hududlar bir vaqtning o‘zida elektr ta’minotidan uzilib qoldi. Bu haqda dispetcherlik kanalida e’lon qilingan postlar ko‘p o‘tmay o‘chirilib, ommaviy uzilishga taqsimlash punktlari qizib ketgani sababligi aytildi.

Keyinroq Energetika vazirligi shu kuni O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha rekord yana yangilanganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, 26 iyulda O‘zbekiston bo‘ylab 250 mln kWh elektr energiyasi iste’mol qilingan. Bu o‘tgan yilgi maksimal ko‘rsatkichdan 5 foizga ko‘p. Energetika vazirligi aholidan katta avariyalarning oldini olish uchun qilinayotgan qisqa muddatli uzilishlarni to‘g‘ri tushunishni va qat’iy tejamkorlikka amal qilishni so‘radi.

Energiyaga talabning ortib ketishi anomal issiq bilan bog‘liq. Shu hafta Jahon meteorologiya tashkiloti vakillari 2023 yilning iyul oyida kuzatilayotgan jazirama mutlaq rekord darajaga chiqqani, global miqyosdagi bunday isish “oxirgi ming yillikda ham” kuzatilmaganini ma’lum qildi. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish esa vaziyatni obrazli tarzda tasvirlab, “global isish davri tugagani, endi global qaynash davri kelgani”ni aytdi.

O‘zbekistonning faqat energetika sohasi emas, qonunchiligi ham bunday “global qaynash davri”ga tayyor emas. Kun.uz bir necha marta ko‘tarib chiqqan masala – jazirama issiq kunlarda xodimlarning ish vaqti va mehnat sharoitlari bo‘yicha huquqlarini kengaytirishga qaratilgan normativ o‘zgarishlardan nom-nishon ko‘rinmayapti. Biz yana bir bor deputatlar va kasaba uyushmalaridan bu borada tashabbus ko‘rsatishni so‘rab qolgan bo‘lardik.

Yangi o‘rnatilgan nosoz lift va unda ro‘y bergan odam o‘limi

Balki anomal issiq va uning oqibatlari, balki qurilish sohasidagi muammolarimiz, va balki bu omillarning jamlanmasi shu hafta poytaxtimizda noodatiy bir fojiaga yetakladi. 32 yoshli ayol hollivud kinolarida emas, real hayotda, Toshkent deb atalmish shahardagi yangi liftlardan birida qamalib qolib, halok bo‘ldi.

Dushanba kuni soat 14:50 larda Mirzo Ulug‘bek tumani Parkent ko‘chasidagi yangi qurilgan uylardan biriga kirgan pochtachi ayol liftda qamalib qolgan. Baxtga qarshi, uy yangi bo‘lgani uchun undagi sanoqli xonadonlarda odam yashaydi, ular har doim ham liftdan foydalanavermaydi. Natijada ayolning jasadi oradan uch kun o‘tib, payshanba kuni topilgan. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ayol yurak va nafas yetishmovchiligidan vafot etgan. Uning 6 yashar qizchasi yetim qolgani aytilyapti.

Prokuratura liftning xavfsizlik talablariga javob bermasligi natijasida odam o‘limi yuzaga kelgani sabab jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Lift nosozligidan tashqari, “svet” o‘chib qolgan bo‘lishi mumkinligi haqida ham gaplar bor. Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasiga ko‘ra, ayolning liftda qamalib qolishiga elektr ta’minotidagi uzilish sabab bo‘lgan. Lekin buni hududiy elektr tarmoqlari korxonasi rad etdi. Unga ko‘ra, voqea ro‘y bergan kuni bu hududda chiroq o‘chmagan. Qolaversa, lift elektr uzilishi sabab to‘xtab qolgan bo‘lsa, ta’minot tiklanishi bilan yana ishlab ketishi kerak edi.

E’tiborlisi, Sanoat xavfsizligi qo‘mitasi o‘z bayonotida lift soz holatda ekanini ham ma’lum qildi. Shu yerda yashovchi fuqarolar esa muxbirimiz bilan suhbatda lift nosozligi sabab tez-tez ishlamay qolishini tasdiqladi. Qo‘mita axborotida aytilishicha, 2022 yilda o‘rnatilgan bu lift foydalanishga topshirishdan oldin belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan, chunki na quruvchi kompaniya, na boshqaruv kompaniyasi bu borada inspeksiyaga murojaat qilmagan.

O‘n minglab daraxtlarni ko‘chirish?

O‘zbekiston jamoatchiligi kesilib ketayotgan daraxtlarni, kamayib borayotgan yashillikni himoya qilish uchun quruvchilar, yo‘lsozlar, obodonlashtirish xodimlari va albatta amaldorlar bilan doimiy kurashib keladi. Lekin endi faollar o‘n minglab daraxtlarni butun boshli viloyatlar hokimliklari va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasidan ham himoya qilishga majbur bo‘lyapti.

Gap shundaki, Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida avtomobil yo‘llari qurilishi bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilgan, bu loyihalarda yo‘llar bo‘yidagi 50 mingdan ortiq daraxt va butani boshqa joyga ko‘chirish ko‘zda tutilgan. Ekologiya vazirligi bu loyihalarga qarshilik bildirgan. Shu bilan birga, vazirning birinchi o‘rinbosari Obidjon Qudratovga ko‘ra, tez orada Surxondaryo va Buxoroda jamoatchilik eshituvlari bo‘ladi, shundan keyin bir qarorga kelinadi. Vazirlik boshqarma boshlig‘i Abdurashid Sodiqov esa ekologiya organi qarshi turgani bilan, qonunchilikda daraxtlarni belgilangan tartibda ko‘chirib o‘tkazishga taqiq yo‘qligini aytib, bu masalada ularning imkoniyatlari cheklanganiga ishora qildi.

Ya’ni, Vazirlar Mahkamasi loyihalarni o‘zgartirmasdan, daraxtlarni ko‘chirishga qaror qilsa, huquqiy jihatdan buning imkoni bor. Lekin qaror qabul qiluvchilar e’tiborga olishi kerakki, Buxoro va Surxondaryo – ekologik ahvol eng og‘ir hududlarimiz qatorida turadi, bu viloyatlarda bir tup daraxtni ko‘kartirib olish ming azob. Ekologiya vazirligi o‘z xulosasida qayd etganidek, daraxtlar va butalar chang-to‘zon va qum bo‘ronlari ta’sirini kamaytirishda muhim o‘rin tutadi. Masalan, 3 yillik saksovulzor qum ko‘chishini 55 foizga kamaytiradi, 7 yillik saksovulzor esa qum ko‘chishini to‘liq to‘xtatadi.

Xavotirlisi, o‘n minglab daraxt va butalarning yoppasiga ko‘chirilishi, agar amalga oshsa, xohlagan daraxtni xohlagan joydan olib tashlash mumkin va bu muammo emas degan ijtimoiy ishonchni mustahkamlaydi. Boshqacha aytganda, bu aksiya daraxt kesishga qo‘yilgan moratoriyning asl ma’nosini chetlab o‘tish bo‘yicha eng katta namuna va master-klassga aylanib qolishi hech gap emas. Xayriyatki, hafta oxirida bu loyihalar daraxtlarni asrab qoladigan tarzda qayta ko‘rib chiqilishi ma’lum bo‘ldi.

Moratoriyning aylanma yo‘llar bilan emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri buzilayotganiga oid xabarlarning esa oxiri yo‘qdek go‘yo. Kuni kecha Bosh prokuratura bergan xabarga ko‘ra, Farg‘ona viloyatida, Katta Andijon kanali qirg‘og‘idagi 1200 tup daraxt kesib tashlangan. Holat yuzasidan “Bag‘dodmaxsussuvpudrat” MChJ mansabdorlari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tabiatga yetkazilgan zarar 4,6 mlrd so‘mga baholandi.

Sirdaryo aholisining har besh nafaridan biri rasman qashshoq. Hokimlari esa “inomarka” minadi

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi birinchi marta O‘zbekistondagi kambag‘allikning hududlar kesimidagi taqsimotini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Toshkent shahri va Navoiy viloyatlarida kambag‘allik ko‘rsatkichi eng past – qariyb 9 foizni tashkil etadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Sirdaryo va Xorazm viloyatlari esa antireytingi bilan ajralib turadi. Bu hududlarda aholining salkam 20 foizi kambag‘allikda yashayapti. Aniqroq aytganda, Qoraqalpog‘iston, Sirdaryo va Xorazmda yashovchi har besh kishidan birining oylik daromadi 568 ming so‘mga yetmaydi.

Agar siz kambag‘allik chegarasi masalasida rasmiy belgilangan miqdordan boshqacha fikrda bo‘lsangiz, masalan, oylik daromadi 568 ming so‘m emas, 1 mln so‘mga yetmaydigan odamni kambag‘al deb hisoblasangiz, bu hisobingiz bo‘yicha yuqoridagi raqamlar bir necha barobarga ortishini tasavvur qilib ko‘rishingiz mumkin. Buni tasavvur qilib ko‘rish ayniqsa Toshkentda, nisbatan to‘qlikda yashaydigan hamyurtlarimiz uchun foydadan xoli emas, bizningcha.

Juma kuni prezident imzolagan qaror bilan, ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarga to‘lanadigan nafaqalar miqdori 33 ming so‘mga oshirilib, 568 ming so‘mga yetkazildi. Bu yaqinda minimal iste’mol xarajatlari miqdori aynan shuncha deb belgilangani bilan bog‘liq. Yangi miqdordagi nafaqalar 1 avgustdan boshlab to‘lanadi.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, O‘zbekistonda bugungi kunda 1,3 milliondan ortiq oila kambag‘al hisoblanadi. Respublika bo‘yicha kambag‘allik darajasi – 14 foiz. Deputat Alisher Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 7 yil oldin 34 foiz bo‘lgan. Qodirov bu raqamni Twitter'da yozib, davomidan kambag‘allik haqidagi fikrini ham qoldirdi.

“Kambag‘allik mag‘lubiyatdir! Kim kambag‘al bo‘ladi? Harakati, ilmi, hunari yo‘q odam kambag‘al bo‘ladi! Davlat qancha harakat qilmasin, mag‘lublar kambag‘al bo‘lib qolaveradi!” – deb yozdi u.

Shuning ortidan boshlangan virtual bahslarda tarmoq foydalanuvchilari ikkiga bo‘lindi. Ularning bir qismi boqimandalik kayfiyatini kambag‘allarning asosiy muammosi deb ko‘rsatgan bo‘lsa, aksariyat foydalanuvchilar kambag‘allarning o‘zini ayblayotgani uchun deputatni qoraladi.

Mavzu bo‘yicha Oliy Majlisning boshqa bir taniqli deputati Doniyor G‘aniyev ham fikr bildirib, Nobel mukofoti sovrindorlari Abxijit Banerji va Ester Dyufloning qarashlarini keltirdi. Bu ikki olimga ko‘ra, odamlar mehnat qilmagani uchun emas, ko‘p hollarda “kambag‘allik qopqoni”ga tushib qolgani uchun qashshoqlikdan chiqolmaydi. Bu qopqon ochlik, kasallik, ishsizlik, ta’lim ololmaslik va boshqa shakllarda bo‘lishi mumkin.

“To‘g‘ri, ilmi, hunari yo‘q, dangasa odam kambag‘al bo‘lishi mumkin. Lekin bu hamma kambag‘al shunday degani emas. Xuddi ahmoq odamlar ham deputat bo‘lishi mumkin-u, lekin bu hamma deputat ham ahmoqligini anglatmagandek”,deya yozdi G‘aniyev.

Doniyor G‘aniyev hamkasbining ismini tilga olmagan va uni teg qilmagan bo‘lsa-da, ahmoq so‘zini ishlatib misol keltirishi ortidan, deputatlar yana bir-birlarini tilga olmagan holda bahsga kirishdi. Alisher Qodirov ahmoq so‘zini deputatlarga nisbatan hurmatsizlik deb baholadi. G‘aniyev bu so‘zni tushuntirish uchun misol sifatida ishlatganini aytdi. O‘z postlarida Qodirov kambag‘allikdan chiqish odamning o‘zining intilishiga bog‘liq degan bo‘lsa, G‘aniyev aholining 14 foizi – naq 5 mln fuqaroni yoppasiga harakatsizlikda ayblash aporofobik diskriminatsiya ekanini aytib, bunaqa diskriminatsiyaning yana bir namunasi sifatida, Islom Karimov davrida migrantlar “dangasa, noshukr”ga chiqarib qo‘yilganini eslatdi.

Nima bo‘lgandayam, aholi kambag‘alligi ham, farovonligi ham avvalo iqtisodiy siyosatga bog‘liq. Bizdan boshqacharoq iqtisodiy siyosat yo‘lini tutgan Qozog‘istonda, masalan, o‘rtacha pensiya miqdori O‘zbekistondan salkam 3 baravar yuqori. Shu hafta qirg‘iz nashri e’lon qilgan taqqoslashga ko‘ra, Qozog‘istonda o‘rtacha pensiya 270 dollar, O‘zbekistonda esa 97 dollarga teng. O‘rtacha pensiya miqdori bo‘yicha qozoqlar Rossiya va Belarusdan ham o‘zib ketgan.

Kun.uz'ning boshqa bir mavzudagi o‘rganishlari ham Qozog‘iston va O‘zbekiston aholisi turmushidagi kamida 3 baravarlik farqni ko‘rsatib berdi. Taxminiy hisob-kitoblarimizga ko‘ra, o‘rtacha oylik daromad oladigan odam oyligini hech narsaga sarflamay, faqat 3 xonali kvartira uchun yig‘ib yursa, orzusiga yetishi uchun Qozog‘istonda 6 yil, O‘zbekistonda esa 18 yil kerak bo‘ladi.

Yana bir xabar bilan kambag‘allik mavzusiga yakun yasaymiz. Sirdaryo viloyati deputatlari viloyat hokimining o‘rinbosarlari va viloyatdagi tumanlar hokimlariga xizmat mashinasi sifatida Tracker'lar olib berishga qaror qildi. Kengash qarori bilan, aholi va korxonalar to‘lagan soliqlarning 4 mlrd so‘mi 16 dona Tracker xaridi uchun ishlatiladigan bo‘ldi.

O‘rganishlarimizga ko‘ra, Sirdaryo viloyati hokimining o‘rinbosarlarida ham, viloyatdagi ayrim tuman va shahar hokimlarida ham yangi xizmat mashinasiga ehtiyoj yo‘q. Bu mavzudagi shu va boshqa batafsil detallarni saytimizdan o‘qishingiz mumkin. Biz dayjestda faqat yuqorida aytib o‘tilgan rasmiy statistikani eslatib o‘tmoqchimiz xolos. Kambag‘allikni qisqartirish vazirligi e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Sirdaryo – O‘zbekistondagi kambag‘allik darajasi eng yuqori viloyat.

Prezident 2 kunda 44 amaldorni ishdan oldi

Shavkat Mirziyoyev prezident bo‘lganidan keyin olib tashlangan blokpostlar Surxondaryo viloyatida yana paydo bo‘lgan. Viloyatga borgan Kun.uz muxbiri tumanlar orasidagi bunday postlarning kamida yettitasi ishlayotganiga guvoh bo‘ldi. Haydovchilarning aytishicha, bu postlar yoz boshidagi g‘alla mavsumida hosil ortilgan yuk mashinalarining harakatini nazorat qilish uchun o‘rnatilgan, lekin g‘alla mavsumi tugasa ham olib tashlanmagan.

Viloyat IIB postlar faqat kechqurun ishlayotgani, tungi vaqtda yuradigan haydovchilarning uxlab qolib, halokatga uchrashining oldini olish uchun shunday qilinganini bildirdi. Lekin bu haqdagi maqola saytimizda e’lon qilinganidan bir necha kun o‘tib, postlar olib tashlangani ma’lum bo‘ldi.

Bu tezkor reaksiya Shavkat Mirziyoyevning juma kungi yig‘ilishi bilan bog‘liqdir, ehtimol. Farg‘onaga borgan prezident o‘sha yerda ichki ishlar tizimi bo‘yicha videoselektor o‘tkazdi. Tanqidiy yig‘ilishda bir qator rahbarlar, xususan ichki ishlar vazirining raqamlashtirish masalalariga mas’ul o‘rinbosari Najmiddin To‘raxo‘jayev ishdan olindi. Prezident u o‘ziga yuklatilgan birorta vazifani oxirigacha bajarmaganini aytdi.

Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i Muhiddin Jo‘rayev esa jinoyatchilikka qarshi kurashish o‘rniga, statistikani kamaytirish bilan shug‘ullanib kelgani uchun ishdan bo‘shatildi. Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, viloyatda jinoyatlarni ro‘yxatga olmaslik orqali ularni yashirish oddiy holga aylanib qolgan.

Lavozimidan olingan yana bir yuqori lavozimli mansabdor Milliy gvardiya qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari Inomjon Ibragimov bo‘ldi. U milliy gvardiya zimmasidagi jamoat joylari, xususan bozorlarda jamoat tartibini ta’minlash bo‘yicha tizim o‘rnatmagani aytildi. Milliy gvardiyaning Jizzax va Navoiy viloyatlari boshliqlari ham ishdan bo‘shatildi. Lavozimdan olinganlar qatorida Andijon, Rishton, Buvayda, Narpay, Yunusobod va Bandixon tumanlari prokurorlari ham bor. Eslatib o‘tamiz, Bandixon prokurori Soatmurod Mahmanov mahalla raislarini so‘kib, fermerni kaltaklagani uchun allaqanday intizomiy jazo bilan qutulib qolgandi.

Farg‘onadagi yig‘ilishda Jizzax, Xorazm va Surxondaryo viloyatlarining Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalari boshliqlari ham lavozimidan ozod etildi. Prezident yo‘llardagi avariyalarning 48 foizi yo‘l infratuzilmasidagi kamchiliklar sabab ro‘y berayotganini aytib, eng xavfli yo‘llar va chorrahalarda tartib o‘rnatishga ko‘rsatma berdi. Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, endi yo‘ldagi dislokatsiya tushunchasidan voz kechilib, barcha yo‘l-patrul xizmati xodimlari uchun mahallalar bo‘yicha javobgarlik hududi belgilab qo‘yiladi.

Yig‘ilishda yagona dispetcherlik xizmati, yoshlar jinoyatchiligi va boshqa yo‘nalishlarda ham topshiriqlar berildi. Davlat rahbari Uchtepa tumanidagi profilaktika inspektorining bog‘cha bolalariga qilgan ma’ruzasini ham tanqid qildi. “Nima ish qilish kerakligini bilmagan ayrim profilaktika inspektorlari esa bog‘chalarga borib, 3-4 yoshli bolakaylarga “oq-qorani farqlash” bo‘yicha ma’ruza o‘qish bilan band”, dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishni aynan Farg‘onada o‘tkazayotganiga izoh berib, bu viloyatda kriminogen vaziyat “achinarli holda” ekanini aytdi. Farg‘ona shahrida 11 yoshli qizchaning murdasi zo‘rlash va qotillik alomatlari bilan topilgani vaziyat qanchalik og‘irligini ko‘rsatib turibdi, dedi prezident.

Jamoatchilikni larzaga keltirgan bu fojiada, 11 yoshli qizaloq o‘ldirilishidan avval zo‘rlangan bo‘lishi mumkin. Jinoyatda gumonlanib 17 yoshli o‘smir qo‘lga olingan. Qizaloqning yaqinlariga ko‘ra, o‘zlariga tanish bo‘lgan oila farzandi – 2006 yilda tug‘ilgan bu yigit 19 iyul kuni qizning uyiga kelib, onasi uni chaqirayotganini aytgan va uydan olib chiqib ketgan. Bir muddat o‘tib, qurilishi tugallanmagan bino yonidan qizaloqning jasadi topilgan.

Hafta oxirida jamoatchilik diqqat markazi yana Farg‘onaga qaratildi. Qo‘qonda bloger Olimjon Haydarov hibsga olindi. Internetda tarqalgan suratda blogerni qo‘lga olish uchun niqobli tuzilmalar jalb etilganini ko‘rish mumkin. Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi Haydarovni tovlamachilikda ayblayapti. Boshqarma xabarida u yozgan tanqidiy maqolasini e’lon qilmaslik uchun Qo‘qondagi savdo kompleksi rasmiylaridan pul talab qilib olganda ushlangani aytiladi. Shu kunning o‘zida sud ajrimi bilan unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Blogerning yaqinlari bu voqea soxta tarzda atayin uyushtirilgan deb hisoblayapti. Haydarovning ukasi u norozilik sifatida qamoqda ochlik e’lon qilganini aytdi. Voqeaga ko‘plab jamoatchilik faollari, shuningdek, prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi direktori o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov ham munosabat bildirdi. “Olimjon Haydarov. Tovlamachilik?! Umid qilamanki, bu anglashilmovchilik. Maqsad kengroq. Tushunarli. Lekin bu metodlar bilan emas”, deya yozdi u.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Hududlarda ichimlik suvi narxini oshirish boshlandi. 1 avgustdan Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida, 20 avgustdan Toshkent viloyatida ichimlik suvi tariflari 2 barobargacha oshiriladi. Toshkent shahrida 2024 yil 1 yanvardan boshlab oqar suvlar, shu jumladan texnik suvlardan foydalanish pulli bo‘lishi belgilandi.

Donbassdagi rus qo‘shinlari safida O‘zbekiston fuqarolari ham borligi ma’lum bo‘ldi. Ukraina harbiylariga ko‘ra, o‘zbekistonliklar qurilish ishlarida qatnashish uchun Mariupolga kelgan, lekin ularning pasportlari olib qo‘yilib, Rossiya qo‘shinlari safiga safarbar qilingan. Ukrainaning Toshkentdagi elchixonasi o‘zbekistonliklarni urushda qatnashmaslikka chaqirdi. O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi masala yuzasidan o‘rganishlar olib borayotganini ma’lum qildi

Oliy sud Jahongir Ulug‘murodovga tayinlangan jazoni yengillashtirdi. Unga nisbatan 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 3 yil ozodlikni cheklash jazosiga almashtirildi. Advokatning uni oqlash haqidagi shikoyati esa rad etildi. Eslatib o‘tamiz, 21 yoshli Jahongir Telegram'da sinfdoshlar guruhiga diniy qo‘shiq havolasini yuborgani uchun qamalgandi.

Farg‘ona shahrida 6 kishining o‘limiga olib kelgan yong‘in sodir bo‘ldi. Shanba kuni tushga yaqin shaharning Sayilgoh ko‘chasidagi bino yerto‘lasida joylashgan karaoke-kafega o‘t ketgan. Natijada 6 kishi yong‘inning tutunidan zaharlanib halok bo‘lgan, 7 kishi turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yuborilgan. Prezident topshirig‘i bilan, voqeani o‘rganish va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish maqsadida hukumat komissiyasi Farg‘onaga jo‘nab ketdi.

Termiz shahri sobiq hokimi 11 yilga qamaldi. 2017-2022 yillarda Termiz shahrini boshqargan Isroil Xudoyberdiyev pora olish va boshqa korrupsiyaviy jinoyatlarda aybdor deb topildi. Sud hukmi bilan, u bilan birga yana 17 kishiga turli darajadagi jazolar berildi. Ma’lumot uchun, avvalroq Urganch shahri sobiq hokimi Shuhrat Abdullayev 3 yilga, Qarshi shahri sobiq hokimi Jamshid Fozilov 4 yilga, Andijon shahri sobiq hokimi Bahrom Haydarov 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Ma’muriy islohotdan yarim yil o‘tib, turizm sohasi Aziz Abduhakimovga qaytarib berildi. Abduhakimov rahbarligidagi Ekologiya vazirligi huzurida Turizm qo‘mitasi tashkil etildi. Shu tariqa, sayyohlik sohasidagi davlat organining nomi va tuzilmasi oxirgi 7 yilda 5-marta o‘zgardi. Katta ehtimol, Abduhakimov boshqa lavozimga o‘tkazilsa, 6-o‘zgarish ham o‘zini uzoq kuttirmaydi. Madaniyat va turizm vazirligi esa Madaniyat vazirligiga aylantirildi, uni Ozodbek Nazarbekov boshqarishda davom etadi.

O‘zbekiston aeroportlarini boshqaruvchi Uzbekistan Airports kompaniyasi Raqobat qo‘mitasi bilan sudlashyapti. Qo‘mita kompaniyadan Toshkent xalqaro aeroportidagi taksi monopoliyasiga barham berishni, avtoturargoh narxlarini esa pasaytirishni talab qilgan. Bu talabni rad etgan aeroport birinchi va ikkinchi instansiya sudlarida yutqazgan, endi Oliy sudga shikoyat qilmoqchi. Eslatib o‘tamiz, monopoliyaga qarshi organ bir necha yil oldin UzAuto bilan sudlashuvlarda singanidan beri, monopolistlar oldiga biror-bir shaklda dadil talab qo‘yayotgani sezilmay qolgandi. Aeroportga qo‘yilgan talab qo‘mitaning uyg‘onayotganidan dalolat, deb umid qilamiz.

Mavzuga oid