Jahon | 08:13 / 31.07.2023
22759
3 daqiqa o‘qiladi

Daniya: Qur’on bilan bog‘liq aksiya mamlakat xavfsizligiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin

Daniyada Qur’onning yoqib yuborilishi bilan bog‘liq harakatlar mamlakatning xorijdagi obro‘siga putur yetkazadi, vaziyatga aralashish kerak, deb hisoblaydi TIV rahbari.

Yamanda Daniyada Qur’onning yoqib yuborilishiga qarshi norozilik namoyishlari
Foto: Khaled Abdullah/REUTERS

Daniyada Qur’onning yoqib yuborilishi mamlakatning xorijdagi obro‘siga putur yetkazadi. Vaziyatga aralashish kerak, deydi Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Lekke Rasmussen. Bu haqda 30 iyul, yakshanba kuni Daniyaning Politiken nashri xabar berdi. Unga ko‘ra, hukumat bunday xatti-harakatlarning oldini olish uchun qonuniy vosita topmoqchi.

Daniya tashqi ishlar vazirligi maxsus bayonot bilan chiqdi. «So‘z erkinligi Daniya jamiyatining eng muhim qadriyatlaridan biridir, – deyiladi unda. – Biz shunday vaziyatga duch keldikki, Qur’onni yoqish bilan bog‘liq harakatlar shu qadar ko‘lamga yetganki, dunyoning ko‘p joylarida, turli qit’alarda Daniya boshqa davlatlarning madaniyati, dinlari va urf-odatlarini haqorat qilish va kamsitishni targ‘ib qiluvchi mamlakat sifatida ko‘rilyapti». 15 ta hukumat Kopenhagenning bunday harakatlarini qoraladi, bir qator elchilar chaqirib olindi, deya ma’lum qildi TIV. 31 iyul, dushanba kuni Daniya va Shvetsiyadagi harakatlar munosabati bilan Islom hamkorlik tashkiloti yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Bo‘layotgan voqealar Daniyaga, uning xavfsizligiga va hamfikr mamlakatlar manfaatlariga jiddiy zarar yetkazishi mumkin, deydi Tashqi ishlar vazirligi. Daniya hukumati «ayrim shaxslar tomonidan amalga oshirilgan chuqur haqoratli va ehtiyotsiz bunday harakatlardan uzoqlashdi». Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, bu harakatlar ekstremistlar foydasiga ishlayapti.

Shu tariqa, 30 iyul kuni Daniyadagi xorijiy davlatlarning elchixonalari oldida Qur’onni yoqishning beshta harakati qayd etilgan, 31 iyul kuni yana yettitasi bo‘lib o‘tishi e’lon qilingan, deb eslatadi Jyllands-Posten gazetasi.

Daniyada Qur’onni yoqish bilan bog‘liq harakatlar arab dunyosida noroziliklarga sabab bo‘ldi. Ulardan biridan keyin yuzlab namoyishchilar Bag‘dod ko‘chalariga chiqib, Daniyaning Iroqdagi elchixonasi oldida to‘plandi. Xavfsizlik kuchlari olomonni suv purkagichlar bilan tarqatib yubordi. Dansk Flygtningehjælp (DRC) humanitar tashkiloti Iroqda qurolli hujumga uchradi, deb yozadi gazeta.

Mavzuga oid