«O‘g‘limning o‘rnida farzandingiz ham bo‘lishi mumkin edi» – Toshkentda YTH sabab vafot etgan o‘smirning otasi
Yunusobod tumani Bog‘ishamol ko‘chasida Malibu-2 avtomobili haydovchisi piyodalar o‘tish joyida YTH sodir etishi oqibatida 17 yoshli o‘smir vafot etdi. Kun.uz muxbiri hodisa tafsilotlarini o‘rganib, marhumning yaqinlari bilan suhbatlashdi.
Joriy yilning 27 iyul kuni poytaxtning Bog‘ishamol ko‘chasida Malibu-2 avtomobili haydovchisi inson o‘limi bilan yakunlangan yo‘l-transport hodisasi sodir etdi. Hodisa soat 23:15 larda 131-uy qarshisidagi piyodalar o‘tish joyida sodir bo‘lgan. YTH oqibatida 17 yoshli Abdusamad Soliboyev vafot etdi.
Toshkent shahar IIBB YHXB axborot xizmati boshlig‘i Qahramon Xudoyberganovning ma’lum qilishicha, YTH sodir etgan avtomashina boshqaruvida 2002 yilda tug‘ilgan fuqaro bo‘lgan. Unga ko‘ra, guvohlar haydovchi belgilangan tezlikka amal qilmay harakat qilganini ta’kidlagan.
Ma’lum bo‘lishicha, marhum maktabni shu yil tugatib, oliy ta’lim muassasalari imtihonlariga tayyorlanayotgandi. O‘sha kuni u sport mashg‘ulotidan uyiga qaytayotgan bo‘lgan.
Uning onasi o‘g‘li mehribon, do‘stlari bilan ahil-inoq bo‘lganini aytdi.
«Imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi. Ona, bu harakatlarim siz uchun, derdi. Juda mehribon edi, biror marta gap qaytarganini eslolmayman. Do‘stlari, tanish-bilishlari bilan ham ahil edi. Qo‘shnilarimiz ham ko‘zyosh to‘kyapti, chunki doim ularning ham hurmatini qilardi. IT kurslariga ham o‘qigandi, shu sohada ketmoqchi edi.
Bizda piyodalarga e’tibor bermaydi, mashinaga o‘tirib olishsa bo‘ldi, yo‘l egasiman deb o‘ylashadi. Bir necha soniya ketadi-ku shu odam o‘tib ketishiga, to‘xtab turishsa nima qilarkan...», deya ko‘zi yoshlandi Dilnoza Soliboyevaning.
Voqea sodir bo‘lgan hududda yashovchi Shoira Yunusova Kun.uz bilan suhbatda mazkur piyodalar o‘tish joyida baxtsiz hodisalar muntazam ravishda sodir bo‘lishi, fuqarolar ushbu ko‘chani kesib o‘tishga qo‘rqishini aytdi.
«Ko‘chaning o‘sha qismi svetofor qo‘yilib tartibga solinmagan. Mashinalar to‘xtasa o‘tolasiz, bo‘lmasa, yo‘q. Bunday voqealar ko‘p bo‘ladi, asosan, hayvonot bog‘i yonida. Aksar holatda haydovchilar yoshlar bo‘ladi. O‘zim bilan ham xavfli holatlar bir necha marta bo‘lgan», deydi Yunusova.
Marhumning otasi esa tez yurayotganlarga yo‘lda o‘zining o‘g‘li bilan ham shunday hodisa sodir bo‘lishi mumkinligini ko‘z oldiga keltirib ko‘rishlarini so‘radi.
«Hammaning ham farzandi bor. O‘zining farzandini, yaqinlarini tasavvur qilishsin. 17 yoshli o‘g‘limni yo‘qotdim. Juda yaxshi bola edi. Shu tez yurayotganlar o‘z farzandini ham o‘ylasin. Haydolmaydigan holatda bo‘lsa, rulga o‘tirmasin. Insof bersin.
Yaponiyalarda piyodalar o‘tish joyida temir qoziqlar ko‘tariladi. Bizda ham piyodalar o‘tish joylariga e’tibor berishlari kerak. Mashinaga o‘tirganlar, aql-hushingizni yig‘ib olinglar», deydi marhumning otasi Muhammadali Soliboyev.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.
Ma’lumot uchun, avvalroq Olmaliq shahrida Damas haydovchisi piyodalar uchun ajratilgan maxsus yo‘lakdan o‘tayotgan o‘quvchi qizlarni urib yuborishi oqibatida ulardan biri vafot etgandi. Haydovchi 6 yilga qamaldi, 2 yilga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilindi. Toshkent shahrida esa Matiz haydovchisi sodir etgan YTH oqibatida piyodalar yo‘lagini kesib o‘tayotgan 8 yashar qiz halok bo‘lgandi.
Mavzuga oid
15:28 / 22.11.2024
Svetoforning qizil chirog‘ida harakatlangan Malibu piyodani urib yuborishiga oz qoldi
20:04 / 21.11.2024
Otasining yoniga ko‘milgan qizaloqlar: opa-singil mast “poygachi”ning qurboni bo‘ldi
11:28 / 21.11.2024
Farg‘onada sodir bo‘lgan YTHda voyaga yetmagan qiz halok bo‘ldi
16:02 / 20.11.2024