Jahon | 13:17 / 01.08.2023
15419
10 daqiqa o‘qiladi

Mo‘jizaviy sakrash: yaqin fazodan soatiga 1 357 kilometr tezlikda uchib tushgan inson haqida hikoya

2012 yilda avstriyalik parashyutchi Feliks Baumgartner Yer sathidan 39 kilometr balandlikdan pastga sakraydi. U 36 kilometr 402 metr balandlikdan erkin holda juda katta tezlikda uchib tushadi. Yerga yetishiga 1,5 kilometr qolganda Feliks parashyutni ochadi. O‘shanda uning tezligi tovushdan tez ko‘rsatkichga yetadi. Shu tariqa Feliks hech qanday texnik asboblarsiz tovush tezligidan yuqori tezlikda uchgan inson sifatida tarixda qoldi.

Foto: alamy.com

Insoniyat XX asrda va XXI asr boshida texnik taraqqiyotning cho‘qqisiga chiqdi. Samolyotlar bilan osmonda uchdi, suv ostida harakatlanadigan texnikalar bilan okeanlar tubiga tushildi.

20-asrning ikkinchi yarmidan boshlab kosmos zabt etildi. Tovushdan tez uchuvchi samolyotlar yaratildi. 21-asrga o‘tib inson endi kosmosga sayyoh sifatida chiqishi mumkin bo‘ldi.

Bundan tashqari, ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan turli sinovlar o‘tkazildi. Ana shunday sinovlardan biri 2012 yilda avstriyalik parashyutchi Feliks Baumgartner tomonidan o‘tkaziladi.

U yer sathidan qariyb 40 kilometr balandlikdan pastga sakraydi va 43 sekundda tovushdan tez bo‘lgan tezlikka erishadi. Feliks bu parvozi bilan bir nechta rekordlarni qayd etadi.

Foto: alamy.com

Tug‘ma parashyutchi

Feliks Baumgartner dunyoga mashhur parashyutchi bo‘lib, u 1969 yilda Avstriyaning Zalsburg shahrida tug‘ilgan. U harbiy xizmatni Avstriya armiyasi harbiy-havo kuchlari tarkibida o‘taydi. Ana shunda Feliks ilk marta parashyutdan sakraydi va bu ish uning doimiy mashg‘ulotiga aylanadi.

Harbiy xizmatdan so‘ng Feliks parashyutdan sakrash sporti bilan muntazam shug‘ullana boshlaydi. Keyinchalik birin-ketin parashyutdan sakrash bo‘yicha jahon rekordlarini o‘rnata boshlaydi.

1999 yilda Malayziyadagi osmono‘par egizak binodan sakrab birinchi rekordini o‘rnatadi. 2013 yilda u Britaniya orollarini materik Yevropadan ajratib turgan La-Mansh bo‘g‘ozi ustidan uglerod toladan tayyorlangan maxsus qanotlar yordamida uchib o‘tib yana bir rekord o‘rnatadi.

Shuningdek, Feliks beysjamping (maxsus parashyut) yordamida eng past joydan sakrash bo‘yicha ham jahon rekordini o‘rnatgan. U Braziliyada 29 metrli haykal tepasidan sakraydi.

Feliks dunyodagi ko‘plab bino va inshootlardan birinchi bo‘lib sakragan inson sifatida tarixda qolgan. Jumladan, Fransiyadagi ko‘prik, Shvetsiyadagi eng baland bino, Taybeydagi (Tayvan) osmono‘par bino shular jumlasidan.

2012 yilda Feliks yana bir muhim ishni amalga oshiradi va jahon rekordini o‘rnatadi. U yer sathidan qariyb 40 kilometr balandlikdan pastga sakraydi.

Foto: alamy.com

Parvozga tayyorgarlik

2010 yilda Feliks Avstriyaning energetik ichimliklar ishlab chiqaruvchi Red Bull kompaniyasi bilan shartnoma imzolaydi. Shartnomaga ko‘ra u qariyb 40 kilometr balandlikdan yerga sakrashi kerak edi.

Aslida Feliks bu kompaniya bilan ilk shartnomani 1988 yilda imzolagan va o‘shandan buyon hamkorlik davom etib kelayotgandi. Yangi loyiha Red Bull Stratos deb nomlanadi.

Parashyutchi kompaniya yangi shartnoma imzolar ekan, mashqlarga zo‘r beradi. U bir necha marta maxsus kiyimlarda turli balandliklardan sakraydi. Mashqlar davomida maxsus kiyimlarni sinovdan o‘tkazadi, ruhiyatini chiniqtiradi.

Jumladan, 2012 yil 12 mart kuni qariyb 22 kilometrdan, 2012 yil 25 iyul kuni 29,6 kilometrdan pastga sakraydi. Shu tariqa u 21 kilometrdan oshiq balandlikdan sakragan uchinchi parashyutchi bo‘ladi.

Parvoz 2012 yil 8 oktyabrga belgilanadi. Biroq ob-havo noqulayligi uchun 14 oktyabrga kechiktiriladi.

Caption

Aqlbovar qilmas ish

2012 yil 14 oktyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 9:30 da Feliks AQShning Nyu-Meksiko shtatidagi kosmodromdan maxsus kapsula ilingan aerostatda (maxsus havo sharida) fazoga parvoz qiladi. Maxsus kapsula shisha toladan tayyorlangan bo‘lib, uning og‘irligi 1 400 kg edi.

Feliks Baumgartner maxsus kapsula ichida

Feliksni fazoga olib chiqqan aerostatning hajmi 850 000 metr kub edi va u geliy bilan to‘ldirilgandi. Aerostat belgilangan balandlikka chiqquncha mabodo favqulodda holat yuz bersa undagi maxsus parashyut kapsulani yerga olib tushardi.

Avvaliga Feliks yer sathidan 37 kilometr balandlikdan pastga sakrashi belgilangandi. Biroq u tepaga ko‘tarilayotganda reja o‘zgaradi va yanada balandroqqa chiqadi.

Feliks Baumgartner shu havo sharida fazoga ko‘tariladi

Feliksning aerostat bilan belgilangan balandlikkacha chiqishiga 2 soat 16 daqiqa vaqt sarflanadi. Aerostat 39 kilometr (128 100 fut) balandlikka chiqqanidan so‘ng kapsula ichida bir muddat sakrashga tayyorgarlik ko‘radi. So‘ng maxsus skafandr kiygan holda pastga sakraydi.

Parvoz jami 4 daqiqa 36 sekund davom etadi. Feliks 36 kilometr 402 metr masofani juda katta tezlikda erkin uchib shchtadi. Yerga yetishiga 1,5 kilometr (dengiz sathidan 2,5 kilometr) qolganda u parashyutni ochadi va AQShning Nyu-Meksiko shtatidagi Rozuell shahri yaqiniga tushadi.

Feliksning fazodan sakrashi YouTube platformasi orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri namoyish etiladi. Jarayonni dunyo bo‘ylab 8 milliondan oshiq odam tomosha qiladi va bu ham rekord hisoblanadi.

Keyinchalik Feliks o‘zi uchun eng qiyin bo‘lgan holatni eslab o‘tgandi:

«Meni qariyb 40 kilometr balandlikka chiqib pastga sakrash tashvishlantirmasdi. Chunki bu ishni avvaldan qilib kelaman va tajribamga ishonardim. O‘shanda menga eng og‘iri tayyorgarlik jarayoni bo‘ldi. Garchi loyihaga o‘z ishining ustasi bo‘lgan mutaxassislar yig‘ilgan bo‘lsa-da parvozdan avval juda katta jamoa va fazoga chiqishda foydalaniladigan uskunalar bilan ishlashda juda qiynaldim. Biroq jamoa meni ruhlantira oldi. Shunday bo‘lsa-da parvozdan so‘ng ruhiy tomondan qayta tiklanishim kerak bo‘ldi».

Feliks Baumgartner shu holida Yer sathidan 39 km balandlikdan pastga sakraydi.

Muvaffaqiyatli sinovlar va rekordlar

Feliks yerga uchib tushar ekan, dastlabki 20 sekundda uning tushish tezligi soatiga 700, 33 sekundda soatiga 1000, 43 sekundda esa soatiga 1357 kilometrni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich tovush tezligidan baland edi. Shu tariqa u hech qanday maxsus texnikasiz tovush tezligida uchgan inson sifatida tarixda qoladi.

Feliks ushbu sakrashi bilan birdaniga bir nechta rekordlarni qayd etadi. Jumladan:

  • Parashyutdan sakralgan eng baland masofa;
  • Erkin sakrash bo‘yicha eng baland masofa;
  • Havo sharida (stratostatda) eng baland masofaga parvoz;
  • Hech qanday texnikasiz eng tez tushish.

Feliksning sakrashi davomida soha mutaxassislari juda ko‘p narsalarni sinovdan o‘tkazishadi. Jumladan, yangi turdagi skafandr, havo shari, insonning pastga tushayotgandagi holati va boshqa sinovlar o‘tkaziladi.

Feliks 39 kilometr balandlikdan sakrar ekan, bu ishning oqibati fojia bilan tugashi mumkin edi. 1962 yilda sovetlar o‘tkazgan sinovda Andreyev bilan birga Petr Dolgov ham sakragan, biroq skafandrdagi arzimagan nosozlik (unda teshik bo‘ladi) tufayli u halok bo‘lgandi.

Feliks avvaliga juda qattiq sovqotadi. So‘ng yer sathiga yaqinlashganda qizib ketadi. Biroq oxir-oqibat sakrash muvaffaqiyat bilan tugaydi va u yerga eson-omon qo‘nadi. Shu tariqa barcha sinovlar va parvoz ijobiy yakunlanadi.

Feliks Yer sathiga 1,5 km qolganda  parashyutni ochadi

Feliksgacha bo‘lgan rekordlar

Feliksning natijasigacha eng baland joydan erkin tushish rekordi sovet uchuvchisi Yevgeniy Andreyevga tegishli edi. U 1962 yilda 24,5 kilometr masofada erkin uchib tushgan edi.

Feliksgacha balandlikdan yerga sakrash bo‘yicha rekord esa amerikalik Jozef Kittinjyerga tegishli edi. AQSh armiyasining sobiq zobiti 1960 yilda 31,3 kilometr masofadan sakragandi.

Kittinjyer fazodan soatiga 988 kilometr tezlikda tushgan va yer sathiga yetishiga 5500 metr qolganda parashyutni ochgan edi. O‘shanda Kittinjyer ham bir nechta rekordlarni o‘rnatgan. Biroq Xalqaro aviatsiya federatsiyasi Kittinjyer muvozanatni saqlovchi parashyutdan foydalangani uchun ularni hisobga olmagan.

Aynan Kittinjyerning sakrashi fazoga parvoz qilishda yangi erani boshlab beradi. Ya’ni skafandr insonni ochiq fazoda tashqi bosimdan, sovuq va issiqdan himoya qilishi isbotlanadi.

Shundan so‘ng insonni kosmosga uchirish davri boshlanadi. Keyinchalik esa kosmonavtlar va astronavtlar skafandr bilan ochiq fazoga chiqa boshlashadi.

Feliks sakrashni amalga oshirayotganda uning tushishini kuzayotgan jamoa vakillari orasida Kittinjyer ham bor edi. Kittinjyer Feliks parvozga tayyorgarlik ko‘rayotganda unga yordam bergan jamoa tarkibida edi.

Feliks Baumgartner va Jozef Kittinjyer

2013 yilda Xalqaro aviatsiya federatsiyasi Feliksning rekordlarini qayd etadi. Shuningdek, Feliksning rekordlari Ginnessning rekordlar kitobiga ham kiritiladi.

Oradan bir yil o‘tgach Google kompaniyasining top menejyeri Alan Yustas 41,4 kilometrdan sakraydi va Feliksning rekordini yangilaydi. O‘shanda uning erkin uchib tushish masofasi 37,6 kilometrni tashkil etgan, yerga yetishiga qariyb 4 kilometr masofa qolganda parashyutini ochgandi.

Biroq Alan ham muvozanatni saqlovchi parashyutdan foydalanadi. Shuningdek, u Feliks erishgan tezlikka yeta olmaydi. Shu sababli Alanning rekordi Xalqaro aviatsiya federatsiyasida alohida ro‘yxatga olingan. Mutlaq rekordchi sifatida esa Feliks qoldirilgan.

Feliks Baumgartner Yerga qaytib tushganidan so‘ng / Foto: alamy.com

Stratosferadan sakrash bo‘yicha ayollarga tegishli rekord 1977 yilda SSSRda o‘rnatilgan. Elvira Fomicheva 15 kilometr balandlikdan erkin tushib, yerga yaqin qolganda parashyutni ochgan va muvaffaqiyatli qo‘ngan edi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid