Jahon | 09:05 / 01.08.2023
7142
3 daqiqa o‘qiladi

«Proyekt»: 80 dan ortiq rossiyalik oligarx RF armiyasi ta’minotida ishtirok etmoqda 

200 nafar eng boy rossiyaliklar qatoriga kiradigan kamida 81 nafar rossiyalik tadbirkor Rossiya armiyasini ta’minlashda ochiq ishtirok etmoqda.

Foto: Reuters

Urushdan oldingi Forbes jurnalining «200 eng boy rossiyaliklar» reytingiga kiritilgan kamida 81 nafar rossiyalik tadbirkor Rossiya armiyasini ta’minlashda ochiq ishtirok etyapti. Bu haqda 31 iyul, dushanba kuni chop etilgan «Proyekt» nashrining surishtiruvida aytilgan.

«Proyekt» xulosalari Rossiya mudofaa zavodlari va oligarxlarga tegishli korxonalar o‘rtasida tuzilgan davlat shartnomalari tahliliga asoslanadi. Surishtiruvchilarning ta’kidlashicha, 2017 yilda Rossiya Mudofaa vazirligi o‘z shartnomalarini ommaviy ravishda tasniflashni boshlagan, shuning uchun ular topgan shartnomalarning aksariyati 2014-2018 yillarga to‘g‘ri keladi. Bu to‘liq vaziyatni tushunishga imkon bermasligi mumkin, ammo jurnalistlar fikricha: «Urush uchun ishlayotgan tadbirkorlarning haqiqiy soni va buning uchun oladigan pullari bizning ma’lumotlar bazasidan sezilarli darajada ko‘p bo‘lishi mumkin». 

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina bilan mojaroning butun davri - 2014 yildan 2023 yilgacha bo‘lgan davrda Rossiya yirik biznes vakillarining Mudofaa vazirligi bilan faqat ochiq shartnomalari umumiy summasi kamida 220 milliard rublni tashkil etadi.

Surishtiruvda jurnalistlar, jumladan, Aleksey Mordashov («Severstal»), Vladimir Potanin («Nornikel»), Vagit Alekperov («Lukoyl»), Mixail Fridman (LetterOne), Roman Abramovich (Millhouse), Gennadiy Timchenko («Novatek»), Alisher Usmonov (USM), Yuriy Kovalchuk («Rossiya» banki), Arkadiy Rotenberg («Mostotrest») va boshqalarning nomlarini keltirgan.

«Proyekt» qayd etishicha, ushbu oligarxlarning 80 nafari sanksiyalar ostida. Biroq, Ukraina sanksiyalari faqat 34 tadbirkorga nisbatan qo‘llaniladi va faqat 14 oligarx Kiyevning ittifoqchisi bo‘lgan barcha mamlakatlarda cheklovlarga duchor bo‘lgan. Surishtiruvchilar ta’kidlashicha, faqat bitta oligarx keng ko‘lamli harbiy harakatlar boshlanganidan keyin Kreml siyosatiga qarshi chiqdi - «Tinkoff Bank» asoschisi Oleg Tinkov. 

Mavzuga oid