O‘zbekiston | 19:26 / 01.08.2023
23170
6 daqiqa o‘qiladi

Testda uxlab qolgan abituriyent, hayajonda kutayotgan ota-onalar - imtihonning ilk kuni qanday o‘tdi?

“Hujjatlarimni uydagilar topshirib yuborgan”, “Yuragim bilan sezyapman, o‘g‘lim kirib ketadi”, “Balki, umuman ball to‘playolmagandirman” – bular imtihon topshirib chiqqan abituriyent va ularni intiqlik bilan kutayotgan ota-onalar, buva-buvilar so‘zlari. Kun.uz imtihonning ilk kuni taassurotlarini bilish uchun ularga mikrofon tutdi.

O‘zbekistondagi oliygohlarga kirish yo‘li (imtiyozlarni aytmaganda) faqat Bilim va malakalarni baholash agentligi (sobiq DTM) orqali o‘tadi. Va bu imtihon ko‘p abituriyentlar uchun hayotining yangi bosqichini boshlab beradi. 2-3 yil oldin o‘zining qiyin testlari bilan e’tirozlarga sabab bo‘lib kelgan tashkilot bu yilgi testlarni qanday o‘tkazishni boshladi, ota-onalar va bo‘lajak talabalarning imtihon haqidagi fikrlari qanday?

Ota-onalarga mikrofon tutganimizda, ularning ko‘pchiligi bu yil kutish uchun yaxshi sharoit yaratib berilgani haqida aytishdi.

Bolam IELTS olgan. Umidimiz katta. Hayojonim kuchli. Raqobat kuchli, hammaning bolasi yaxshi natijaga erishsin-u, mehnat qilgan o‘qiganlarniki ko‘proq natijaga erishishini xohlayman”, – deydi “Yoshlik” sport majmuasida imtihon topshirgani kirgan farzandini kutayotgan ona.

Ota-onalardan keyin imtihondan chiqqan abituriyentlarni ham savolga tutdik. Ularning ayrimlari bu yil testlar nisbatan oson tushganini aytdi.

1 yildan beri tayyorlanaman. Testlar o‘rtacha qiyinlikda tushdi. Yaxshi natija kutyapman”, – deydi “O‘zekspomarkaz” hududida imtihon topshirib chiqqan abituriyentlardan biri.

Yana biri esa testni yaxshi yechib chiqqani 150 balldan ko‘prog‘iga umid qilayotganini aytadi.

Ustozim abituriyentlik vaqtlarida hamma kitoblarini olib kelib, imtihondan chiqqanlaridan keyin esda qolgan savollarning javobini tekshirib chiqqan ekan. Men ham esimda qolganini kitoblarimdan tekshirgan edim, 3-4 tasi to‘g‘ri chiqdi. Menimcha, huquq fanidan 22 tadan ko‘proq savolga to‘g‘ri javob berganman, majburiylarimni bilmayman”, – deydi u.

Test yechib chiqqan abituriyentlar orasida belgilagan javoblarini kitob bilan solishtirishga kirishib ketganini ham uchratdik.

5 ta savolga javobni [javoblar varaqasida] xato qilib bo‘yab qo‘ydim. Qarasam, negadir javoblarning ketma-ketligi bir-biriga to‘g‘ri kelmayapti. Keyin boshqatdan tahlil qilib chiqsam, rus tili fanidan 5 tasini xato belgilab qo‘yibman. Endi 5,5 ball "minus" bo‘ladigan bo‘ldi. Huquq fanidan 28 ta, rus tilidan 5 ta, matematikadan 8 ta savolga to‘g‘ri javob berganimga ishonaman. Tarixni esa o‘qimaganman, bilmayman”, – deydi “Yoshlik” sport majmuasida imtihon topshirib chiqqan abituriyentlardan biri.

Boshqa bir abituriyent esa imtihonni tavakkaliga topshirgani uchun testlarning murakkablik darajasini uncha farqlay olmaganini aytadi.

Tayyorlanganim yo‘q. Balki 10, balki 20, balki umuman ball to‘play olmasman”, – deydi yana bir abituriyent.

Yana biri topshirgan yo‘nalishini o‘zi ham bilmasligini, uydagilari uning o‘rniga hujjat topshirganini aytadi: “Test yechayotib, ichkarida uxlab qoldim”, – deydi u.

Bu yilgi imtihonlarning yana bir yaxshi tomoni ochiq maydonlarda emas, usti yopiq binolarda tashkillashtirilayotgani bo‘ldi. Buni abituriyentlarning o‘zi ham bir necha bor tilga olishdi. “Bu yil test yechish joylarini ichkarida tashkillashtirib juda yaxshi qilishibdi. O‘tgan yillar pandemiya tufayli ochiq havoda o‘tgani sabab juda issiq edi”, – deydi abituriyentlardan biri.

Imtihon jarayonlarida bir jihat e’tiborimizni tortdi. Toshkent shahrida test sinovlari o‘tayotgan “O‘zekpomarkaz”ning asosiy darvozasida Milliy xavfsizlik va Ichki ishlar xodimlari abituriyentlarga biror bir dori vositasini olib kirishga ruxsat bermayotganiga ko‘zimiz tushdi. Lekin Bilim va malakalarni baholash agentligi matbuot xizmati vakili Jamshid Odilov agar biror dori vositasi abituriyentning sog‘lig‘i bilan bog‘liq bo‘lsa, uni o‘zi bilan olib kirishi mumkinligini ma’lum qildi.

"Agar sog‘lig‘iga ta’sir qiladigan qandaydir dori vositalari bo‘lsa, o‘zlari bilan olib kirishlari mumkin. Abituriyent buni kirishda tekshirishda turgan Ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimiga tushuntirsa, ular ruxsat berishi kerak", – dedi u.

Ma’lumot uchun, yangi o‘quv yili uchun qabul imtihonlari butun respublika bo‘ylab 1-avgustdan boshlanib, 13 avgustgacha davom etadi. 2023-2024 o‘quv yilida OTM bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarida 948 486 nafar abituriyent ishtiroq etishi kutilmoqda. 

Test sinovlari jami 72 ta binoda, 2 smenada o‘tkaziladi. Birinchi smena soat 8:00da, ikkinchi smena esa 15:00da boshlanadi. Binolar yonida ota-onalar uchun maxsus kutish joylari tayyorlangan, ular imtihon jarayonini o‘sha yerdan turib monitor orqali kuzatib turishlari mumkin.

 Jurnalistlar – Zuhra Abduhalimova, Dilshoda Shomirzayeva, Abbos Yusufjonov

Operator va montaj ustalari – Muhiddin Nido, Asror Almuradov, Abduqodir To‘lqinov

Mavzuga oid