O‘zbekiston | 22:02 / 02.08.2023
14300
4 daqiqa o‘qiladi

Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yangi choralar ma’lum qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini ta’minlash va imtiyozli resurslarning yetib borishini osonlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni e’lon qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Endilikda hokim yordamchilari o‘zini o‘zi band qilganlarning kichik va o‘rta biznesga o‘tishiga ko‘maklashadi.

Buning uchun Yaponiyaning Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash tashkiloti ekspertlari yordamida Yaponiya tajribasi asosida hududlarda biznes-inkubator va akseleratorlar tizimi joriy etiladi.

Bunda, salohiyatli tadbirkorlarga dastlabki aylanma mablag‘lari uchun “ulushdorlik” kapitali beriladi. Bu mutlaqo yangi moliyaviy manba bo‘ladi.

Bu ishlarni moliyalashtirish uchun Tadbirkorlik jamg‘armasi faoliyati ham tubdan o‘zgaradi va unga tadbirkorlarga ulushdor bo‘lib kirish vakolati beriladi.

Shuningdek, “mahalladagi yettilik” kafilligi bilan garovsiz beriladigan oilaviy tadbirkorlik kreditlari miqdori hozirgi 33 million so‘mdan 100 million so‘mga oshiriladi. Bu mablag‘larning bir qismini naqd pul ko‘rinishida berishga ruxsat etiladi.

“20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi asosida hozirgacha 4,5 ming nafar tadbirkor 65 trillion so‘mlik loyihani ishga tushirib, 400 ming aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha tashabbus bildirgan. Ularga yaratilgan yangi sharoitlar hisobiga 1 trillion so‘mlik soliq imtiyozlari berish hisob-kitob qilingan.

Bundan tashqari, dasturga kirmagan, lekin 40 tadan 50 tagacha ish o‘rni yaratish imkoniyatiga ega yana 2 mingta tadbirkor bor. Shuningdek, 14 ta tajriba tumanida ushbu dasturda qatnashib, 50 ming aholini ish bilan ta’minlash tashabbusini bildirgan qo‘shimcha 725 nafar tadbirkor ham aniqlandi.

Tegishli vazirlar va viloyat hokimlariga ushbu loyihani yurgizib, 400 ming ishsiz aholining bandligini ta’minlash topshirildi. Yil yakuniga qadar dastur bilan 10 ming nafar tadbirkorni qamrab olish vazifasi qo‘yildi.

Shu bilan birga, tadbirkorni ro‘yxatga olish, loyihasini shakllantirish, biznes-reja ishlab chiqishga ko‘maklashish, moliyaviy va huquqiy maslahat berish kabi xizmatlar bir joyda ko‘rsatilishi kerakligi qayd etildi.

Bandlik kompleksi rahbarlariga viloyat hokimlari bilan birga 500 ming aholini kasanachilikka jalb qilish choralarini ko‘rish topshirildi.

“Kasanachilar maktabi” tashkil qilinishi, unda tadbirkor va kasanachilarga bepul konsalting xizmatlari ko‘rsatilib, o‘qitish va malakasini oshirish yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

Yil yakuniga qadar 200 ming aholi ro‘yxatini mahallabay tasdiqlab, yuqori daromadli kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitishga topshiriq berildi.

Bunda muqobil energiya uskunalarini o‘rnatish, interer dizayneri, IT, elektron savdo, elektromobillarga xizmat ko‘rsatish kabi yuqori daromadli kasblarga o‘qitish ko‘lamini kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Umuman, yig‘ilishda belgilab berilgan ishlarning tashkil etilishi orqali yil yakunigacha:

  • kambag‘allik darajasini 14 foizdan 12 foizga tushirib, 200 mingga yaqin oilani kambag‘allikdan chiqarish;
  • 2 million aholi bandligini ta’minlash;
  • 55 ming nafar o‘zini o‘zi band qilganlarni kichik biznes sub’yektiga aylanitirish;
  • 5 mingta kichik korxona o‘rta tadbirkorlar toifasiga qo‘shilishi mumkinligi qayd etildi.

Yig‘ilish yakunida tegishli vazirlik va idoralar, hududlar rahbarlarining axboroti tinglandi.

Mavzuga oid