Sport | 19:54 / 02.08.2023
2598
2 daqiqa o‘qiladi

«Sizlar uchun borimni berdim». Buffon faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi

Janluiji Buffon 45 yoshda futbolchilik faoliyatini yakunlagani haqida rasman ma’lum qildi.

Foto: Getty Images

«Va nihoyat tugadi, xalq! Siz menga barchasini berdingiz, men esa sizlar uchun borimni berdim. Buni birgalikda bajardik», - deya yozadi jahon chempioni sanalmish afsonaviy darvozabon.

O‘tgan mavsumda «Parma» jamoasi sharafini himoya qilgan italiyalik posbon futbolchilik faoliyatini boshlagan klubida «butsasini mixga ildi». U 1995 yilda «Parma» safida ilk marta katta futbolda maydonga tushib, 2001 yilga qadar jamoa sharafini himoya qildi.

Bu klubdan esa 23 yoshida rekord transfer – 52 million yevro evaziga «Yuventus» safiga qo‘shilib, 2018 yilgacha Turin klubi sharafini himoya qildi. Bir yil «PSJ»da faoliyat yuritgan golkiper 2019 yil «Yuventus»ga qaytgandi. U turinliklar safida 10 karra A Seriya chempionligini qo‘lga kiritgan.

2010 yil Buffon Italiya milliy jamoasi sardoriga aylangan bo‘lsa, 2018 yilda milliy jamoadan ketishini e’lon qilgandi. 

U faoliyati davomida 5ta jahon chempionatida (1998, 2002, 2006, 2010, 2014) qatnashgan. 2006 yil Germaniyada o‘tgan mundialda bosh sovringa ega chiqib, turnirning eng yaxshi darvozaboniga aylangandi. 

So‘nggi ikki mavsumda esa Buffon V Seriyadagi «Parma»da 44 o‘yinda maydonga tushdi.

Mavzuga oid