Iqtisodiyot | 17:38 / 04.08.2023
124285
2 daqiqa o‘qiladi

Cobalt, Lacetti va Damas sotuvi 8 oy deganda tiklandi

UzAuto Motors kompaniyasi Chevrolet Cobalt, Lacetti va Damas modellarining yangi komplektatsiyalari uchun kontraktatsiya ochilganini e’lon qildi.

Foto: Kun.uz

Yangilangan komplektatsiyalar qo‘shimcha opsiyalarga ega bo‘lib, shuning hisobiga ularning narxi oshgan:

  • Damas D2 DLX Style Plus: 92 204 000 so‘m
  • Labo LB2 Plus: 91 669 000 so‘m
  • Cobalt GS-Style Plus MT: 113 711 000 so‘m
  • Cobalt GX-Style Plus AT: 134 294 000 so‘m
  • Lacetti L-Style Plus MT CNG: 144 111 000 so‘m
  • Lacetti L-Style Plus AT: 160 868 000 so‘m

Kun.uz kompaniya rasmiysidan olgan ma’lumotga ko‘ra, yuqoridagi narxlar QQS bilan ko‘rsatilgan.

“Shu bilan birga, avvaldan mavjud bo‘lgan komplektatsiyalarning narxlari o‘zgarishsiz qoladi”, – deyiladi kompaniya xabarida.

Rasmiy e’londa shartnoma berish faqat yangi komplektatsiyalar uchun tiklangani aytilgan. UzAuto Motors matbuot xizmati Kun.uz savoliga javoban bunga qadar mavjud bo‘lgan komplektatsiyalar sotuvi ham o‘zgarmagan narxlar asosida boshlanganini bildirdi.

Ta’kidlanishicha, UzAuto Motors ishlab chiqarish liniyalarida amalga oshirilgan modernizatsiya ishlari, shuningdek zavod faoliyati samaradorligining oshishi hisobiga 2023 yilda qo‘shimcha 50 000 dona avtomobil ishlab chiqarish imkoni yaratilgan.

“Avtomobillarni yetkazib berish muddatini qisqartirish maqsadida kompaniya ishlab chiqarish jadvaliga muvofiq savdo tizimini joriy etmoqda”, deya qayd etilgan avtokorxona e’lonida.

Eslatib o‘tamiz, Cobalt va Lacetti sotuvi 2022 yil 8 dekabrdan, Damas va Labo sotuvi esa 13 dekabrdan boshlab to‘xtatilgan edi.

Bu modellarning narxlari oxirgi marta o‘tgan yili mart oyida oshirilgandi.

Nisbatan arzonroq modellar bo‘lmish Spark va Nexia-3 uchun shartnoma berish esa 2022 yil avgustida qayta tiklanmaydigan bo‘lib yopilgan.

Mavzuga oid