Sport | 17:45 / 04.08.2023
20936
4 daqiqa o‘qiladi

TsSKA Abbosbek Fayzullayev transferini e’lon qildi

Osiyoning eng umidli yoshlaridan biri Rossiya chempionatiga o‘tdi. Unga yevrokubokda ishtirok etuvchi klubdan ham qiziqish bo‘lgandi, ammo u bu klubga o‘tishni istamagan.

Foto: TsSKA

O‘zbekiston milliy jamoasi hamda «Paxtakor» klubi yarimhimoyachisi Abbosbek Fayzullayev faoliyatini Rossiyada davom ettiradi.

19 yoshli yarimhimoyachi transferi uchun TsSKA «Paxtakor»ga 500 ming yevro to‘lashi xabar qilingandi. Fayzullayevning amaldagi kelishuvi 2025 yilga qadar belgilangan bo‘lsa-da, futbolchi va uning agenti xohishiga ko‘ra, Moskva klubi shartnomadagi tovon puli sifatida ko‘rsatilgan yarim million yevroni to‘lashga qaror qilgan va transferni amalga oshirgan. Abbosbek TsSKA bilan «3+1» ko‘rinishida shartnoma imzoladi.Transfermarkt portalida Fayzullayevning transfer bahosi 750 ming yevro qilib ko‘rsatilgan.

Avvalroq, «Paxtakor» klubi bosh direktori Dmitriy Adisman Rossiya klubi sanksiyalar tufayli Abbosbek Fayzullayevning transferi uchun Toshkent klubi hisob raqamiga to‘lovni amalga oshira olmayotgani va bu muammo tez orada bartaraf etilishi haqida xabar qilingandi. U o‘z intervyusida Moskva klubidan tashqari «Fenerbahche»dan ham qiziqish bo‘lgani, ammo futbolchi yevrokuboklarda ishtirok etuvchi ushbu klubga o‘tishni istamagani haqida aytib o‘tgandi.

Abbosbek Fayzullayev «Paxtakor» klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Hali klub akademiyasida ekanidayoq O‘zbekiston o‘smirlar jamoasiga chaqirilgan. 2021 yil may oyida Fayzullayev «Paxtakor»ning asosiy jamoasida, shuningdek O‘zbekiston yoshlar jamoasida debyut qiladi. Birinchi mavsumida u klubda to‘qqiz o‘yinda qatnashib, maydonda jami 280 daqiqa o‘tkazadi. Keyingi mavsumda esa Abbosbek «Paxtakor»ning asosiy tarkib futbolchisiga aylanadi: 26 o‘yinda maydonga tushib, sakkiz gol uradi hamda ikki golga uzatma beradi. O‘zbekiston jamoasi bilan 2022 yilgi Osiyo Kubogi U23 turnirida ham ishtirok etgandi, yil yakunida O‘zbekiston futbol federatsiyasi uni «Yosh yulduz» sifatida taqdirlagandi.

Shuningdek, u joriy mavsum Superligada 6 o‘yinda maydonga tushib, 2 ta golga mualliflik qilgan va bir golga uzatma bergan. Iyun oyida Abbosbek mamlakat milliy jamoasi uchun ham debyutini amalga oshirdi: Ummonga qarshi o‘yin (3:0) oxirida 17 daqiqa harakat qildi. Tojikistonga qarshi kechgan ikkinchi o‘yinda (5:1) ham zaxiradan tushib, milliy jamoa uchun debyut golini urdi.

U 2023 yil mart oyida yoshlar o‘rtasidagi Osiyo kubogi U20 turniri qahramonlaridan biriga aylanib, O‘zbekiston U20 jamoasi bilan qit’a chempionligini qo‘lga kiritgandi, turnirning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Argentinada o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida 4 o‘yinda maydonga tushib, bitta gol va assist muallifiga aylangandi.

Abbosbek – RPL tarixida O‘zbekistonning 49-vakili bo‘ldi. Hozirda ligada yana uch nafar o‘zbekistonlik to‘p tepmoqda: Rustam Ashurmatov va Umarali Rahmonaliyev (ikkisi ham – «Rubin»da), shuningdek Ibrohimxalil Yo‘ldoshev («Pari NN»). RPLda muvaffaqiyatli to‘p surgan futbolchilar sifatida – Mirjalol Qosimov («Alaniya»), Vitaliy Denisov (TsSKA, «Lokomotiv», «Krilya Sovetov» va «Rubin»), Odil Ahmedov («Anji», «Krasnodar») va Eldor Shomurodovni («Rostov») keltirish mumkin.

Mavzuga oid