Jamiyat | 18:31 / 04.08.2023
17548
5 daqiqa o‘qiladi

Yangi tashabbus: Ish bermayotgan «Yashil makon» umummilliy loyihasini tashabbusli budjetga qo‘shish kerakmi?

Tvitterda kuni-kecha ikkita qiziq tasvir tarqaldi. Ko‘rgan kishining ko‘ngliga xursandchilik olib kiradigan bu tasvirlar odamlar o‘zlari yashayotgan maskanni qanday obod qilgani xususida hikoya qiladi.

Tasvirlardan biri mahalla chiqindixonasi gullar va daraxtlar ekib obod maskanga aylantirilgani surati bo‘lsa, yana boshqasida mahalladagi chiqindixona bo‘lib yotgan joyga gazon va daraxtlar ekilib, mini artezian qudug‘i qazilib, sug‘orib obod joyga aylantirilgani ko‘rsatilgan.

Obod qilingan chiqindixona. Foto: twitter.com/ezozakhanim

Ikkinchi videolavhani sharhlar ekan, iqtisodchi ekspert Otabek Bakirov «Yashil makon» dasturini ham «Tashabbusli budjet»ga qo‘shib, odamlarning o‘ziga berish kerakligini ta’kidladi.

«Har yili «Yashil makon» umumilliy loyihasiga turli moliyalash manbalaridan 5 trln so‘mgacha pul sarflanmoqda. Ekilmagan millionlab ko‘chat «ekildi», deya hisobotlarga kiradi, ekilgan millionlab ko‘chatlarni esa quritish bilan mashg‘ul bo‘linmoqda. Aslida ezgu maqsadli tashabbus archabozlik, cho‘p suqish kampaniyasiga, ko‘zbo‘yamachilik sanoatiga aylantirildi.

Iqtisodiy vaziyat tobora murakkablashmoqda, bundan buyog‘iga davlat va budjet pullarini sovurishga jim qarab turib bo‘lmaydi. Shuning uchun «Yashil makon»ni chinovniklardan olib, odamlarning o‘ziga berish kerak.

Masalan, «Yashil makon» loyihasi uchun mo‘ljallangan mablag‘larni Open Budjet portali orqali tashabbusli budjetlashtirishga qo‘shib berish bilan.

Odamlar o‘zlari qayerga ko‘chat ekishni, qayerdan suv chiqarishni juda yaxshi bilishadi. O‘zlari avaylashib ko‘kartirishadi. O‘zlari buzg‘unchi daraxt kesuvchilardan himoyalashadi. Bu bizga karrasiga arzon tushadi», — deb yozgan iqtisodchi o‘z Telegram-kanalida.

Chindan ham aholi tashabbusli budjetda ovoz to‘plab yutgan yo‘llari va obektlar sifati ustidan qattiq jamoatchilik nazorati o‘rnatganiga guvoh bo‘lyapmiz.

Balki aholini daraxt kesish va ko‘kalamzorlashtirishga o‘rgatish, ularni parvarishlashda daxldorlik hissini uyg‘otish uchun Tashabbusli budjetda «Mening yo‘lim» loyihasi kabi bahorda «Mening bog‘im» loyihasini ham tashkil qilish kerakmikin?

Axir mahalliy hokimliklar tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan, fotohisobotlarda aks etadigan haybarakallachilik, ura-urachilik bilan tashkillashtirilayotgan «Yashil makon» loyihasi ko‘zlangan maqsadga umuman yaqinlashtirmayapti. Milliardlab mablag‘lar havoga sovurilgani qolmoqda. Shu narsaning tagi yaxshilab tekshirilsa «manaman» degan korrupsion sxemalar ham ochilib ketishi turgan gap. Eng qizig‘i, sovrilayotgan mablag‘lar, nobud bo‘lgan daraxtlar soni e’lon qilinsa ham hech kim javobgar bo‘lmayapti.

Qolaversa, daraxtni ekish oson, uni parvarishlash qiyin. Ayniqsa, suv taqchilligi yuz berayotgan hozirgi kunlarda. Joylarda barpo etiladigan yashil hududlarning eng avvalo suv ta’minotini hal qilish, mini-artezianlar qazish zarur. Buning uchun puxta loyiha ham kerak.

Shu vazifani hokimiyatga emas, odamlarning o‘ziga ishonib topshirish fursati chindan ham yetgan. O‘z maskani uchun jon kuydirib harakat qiladigan insonlar har bir mahallada topiladi. Birov yashayotgan joyi uchun boshqa odam hech qachon qayg‘urmaydi va jon kuydirmaydi. Bu — aniq.

So‘nggi yillarda shaharlar va mahallalarda daraxtlarga qiron keltirib kesilishi qanday oqibatga olib kelganini yozning jaziramali shu kunlarida barchamiz tanamizda his qilib turibmiz. Bizni faqat dov-daraxtlar qutqara olishi kundek ravshan bo‘lib qoldi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, deputatlarimiz bu borada tashabbus bilan chiqishsa yaxshi bo‘lardi.

Eslatib o‘tamiz, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Oliy Majlis Qonunchilik palatasida chiqish qilib, «Yashil makon» loyihasi doirasida 2 mln tup ko‘chat qo‘shib yozilgani, 7,3 mln tup ko‘chat sug‘orilmaydigan joyga ekilganini ta’kidlagan edi.

Keyinroq Aziz Abduhakimov «Yashil makon» umumilliy loyihasi doirasida daraxtlarni konkurs asosida tanlab olinadigan pudratchi tashkilotlar ekishi va ular uch yil davomida o‘zi ekkan ko‘chatlarni parvarishlash majburiyatini olishini aytib o‘tgan edi.

Shuhrat Shokirjonov.

Mavzuga oid