Yashnoboddagi «novostroyka»ga pul to‘laganlar uchun Bektemir tumanida uylar qurilishi mumkin
Bugun, 5 avgust kuni Toshkent shahrida prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga asosan bosh vazir Abdulla Aripov “Aziya Invest Favorit” MChJ tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joylardagi xonadonlarni fuqarolarga sotilishi yuzasidan kelib chiqqan nizoli vaziyat qatnashchilarini qabul qildi.
Uchrashuvda jabrlangan fuqarolarning muammolarini hal etish yuzasidan Hukumat komissiyasi tomonidan Bosh prokuratura bilan hamkorlikda 2 ta holat bo‘yicha takliflar bildirildi.
“Aziya Invest Favorit” MChJ tomonidan 1 ming 106 nafar fuqaro bilan umumiy maydoni 61 ming 766 kv metr bo‘lgan xonadonni sotish bo‘yicha shartnomalar imzolangan va fuqarolar tomonidan 163,4 mlrd so‘m naqd pul to‘langan.
Bugungi kunga qadar 1 ming 106 nafar fuqarodan 1 ming 60 nafari Bosh prokuraturaning tergov guruhi tomonidan jabrlanuvchi sifatida so‘roq qilinib, shartnoma va to‘lov kvitansiyalarining haqqoniyligi o‘rganilgan. Qolgan 46 nafar fuqaro hali tergovchilarga kelib uchrashmagan (so‘roq qilinmagan). 1 ming 106 nafar fuqarodan 321 tasi (29 foiz) shartnomada ko‘rsatilgan summani 100 foizini, 202 nafar (18 foiz) 70 foizdan yuqori qismini, 298 nafar (27 foiz) fuqaro 50 foizdan – 70 foizgacha qismini, 228 nafar (21 foiz) fuqaro 30 foizdan – 50 foizgacha bo‘lgan qismini, 51 nafar (5 foiz) fuqaro 30 foizgacha bo‘lgan qismini to‘lagan. 6 nafar fuqaro umuman pul to‘lamagan.
Muammoni hal qilish yuzasidan berilgan takliflarga ko‘ra, loyiha ishlari – topshiriqqa muvofiq muammoni hal qilish uchun Bektemir tumani “Iyk ota” massividan 11,4 gektar bo‘sh yer maydoni tanlandi va 1-bosqichda ushbu yer maydonining 4,4 gektariga umumiy maydoni 61 ming 766 kv metr bo‘lgan 1 ming 104 xonadonli 16 ta 9 va 12 qavatli temir-beton quyma monolit tipdagi uylar qurish bo‘yicha loyiha taklifi tayyorlandi.
Quriladigan uy-joylarning tannarxini arzonlashtirish maqsadida massivning muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari qurilishi va obodonlashtirish ishlarini respublika budjetidan amalga oshirish taklif etiladi.
Massiv hududida mahalliy budjetdan ajratilayotgan 29 mlrd. so‘m mablag‘ hisobidan 990 o‘rinli umumta’lim maktabi joriy yilda foydalanishga topshiriladi. Massivda bog‘cha ham quriladi.
Mazkur hududda ko‘p qavatli uylarni qurish uchun sohadagi yirik pudrat tashkilotlarining takliflar qabul qilingan. Ular orasidan “O‘zshahar qurilish invest” kompaniyasi, “Yangi zamon” MChJ, “Gold step invest” MChJlar tanlab olingan.
Ko‘p qavatli uy-joylar qurilishini loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqib, ekspertizadan o‘tkazish ishlari joriy yil 1 oktyabrga qadar yakunlanadi. Qurilish ishlari loyiha ishlari bilan parallel ravishda olib borishga ruxsat berilsa, joriy yil 10 avgustdan boshlanadi va uylar 2024 yil yakuniga qadar to‘liq foydalanishga topshiriladi.
Hukumat komissiyasiga jabrlangan fuqarolarga qurib beriladigan uy-joylarning 1 metr kvadrati narxi 6 million so‘mdan oshmasligi topshirildi.
Qurib bitkazilgan uy-joylar avvalgi pudrat tashkiloti bilan tuzilgan shartnomaga asosan 100 foiz pulini to‘lagan (320 nafar) fuqarolarga beg‘araz beriladi. Shartnomaga asosan belgilangan mablag‘ni bir qismini to‘lagan fuqarolarga ham uy beriladi, lekin shartnomadagi xonadon maydonining to‘lanmagan qismiga har bir kv metr maydon uchun qo‘shimcha tarzda to‘lov qiladi. Jabrlanuvchi fuqarolar tomonidan avvalgi pudrat tashkiloti bilan tuzilgan investitsiya shartnomasiga asosan sotib olingan xonadonning umumiy kvadrat metri o‘zgargan taqdirda, uning oshgan qismi bo‘yicha har bir kvadrat metrga qurilish tannarxida qo‘shimcha to‘lov amalga oshiriladi.
Pulini qaytarib olish istagida bo‘lgan fuqarolarga to‘lagan pul mablag‘lari tergov-sud jarayonlari yakunlangandan keyin pudrat tashkilotining davlat foydasiga tergov jarayonida xatlangan mol-mulklarni sotish evaziga tushgan mablag‘lar hisobidan qaytarib beriladi.
Muammoni hal qilish bo‘yicha 2-variantga ko‘ra, Iyk ota massividan 11,6 gektar bo‘sh yer maydonida 2 ta bosqichda umumiy maydoni 226 ming kv metr bo‘lgan 3 ming 120 xonadonli 34 ta 9, 12 va 16 qavatli temir-beton quyma monolit tipdagi uylar qurish bo‘yicha loyiha taklifi tayyorlangan.
Infratuzilma obektlari respublika budjetidan qilib beriladi (113 mlrd so‘m). Qurilish ishlari – “O‘zshahar qurilish invest” IK, “Yangi zamon” MChJ, “Gold step invest” MChJ tomonidan quriladi.
Qurib bitkazilgan uy-joylarni jabrlangan fuqarolarga taqsimlash 1-variantdagi kabi amalga oshiriladi.
Uy-joy loyihasi va qurilish ishlariga qurilish va kommunal xo‘jalik vazirining o‘rinbosari Davron Odilov hamda qurilish ishlarining sifatiga Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi rahbari Kozim To‘laganov mas’ul bo‘ladi.
Qurilish ishlari yakuniga yetkazilgunga qadar Hukumat komissiyasi doimiy nazorat qiladi va muammoli masalalarni hal qilib boradi.
Mavzuga oid
09:30 / 19.11.2024
Toshkentda 7,5 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangan MChJ aniqlandi
09:00 / 09.09.2024
Toshkentda kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni sotayotgan shaxs ushlandi
07:28 / 15.07.2024
Toshkentda aholi yashash xonadonida yong‘in sodir bo‘ldi
17:10 / 07.06.2024