«Ma’muriy zo‘ravonlik» - Surxondaryodagi voqea yuzasidan faollar bilan suhbat
«Hokim bilan maktab direktori bahsida qanday qilib boshqa odam jabrlanuvchi bo‘lishi mumkin?» — deydi inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov. Ta’lim mutaxassisi Shokir Tursun maktablarning moddiy-texnik bazasi bo‘yicha mas’uliyatni vazirlikka qaytarish kerakligini aytdi.
«Miltiq bo‘lsa, otib tashlang!»
O‘tgan hafta surxondaryolik maktab direktori Umida Tursunovaning viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov bilan bo‘lgan tortishuvi va buning ortidan pedagogning qamoqqa tashlanishi butun jamoatchilikni junbishga keltirdi. Hokimlarning maktab xo‘jalik faoliyatiga emas, bevosita ta’lim jarayoniga aralashuvi esa hanuzgacha noroziliklarga sabab bo‘lmoqda.
Xo‘sh, aslida mahalliy boshqaruvlarning maktab faoliyatiga aralashuvi qanchalik to‘g‘ri? Sariosiyo tumanida yuzaga kelgan vaziyatda hokimga qanday huquqiy baho berilishi zarur? Bu borada maktab direktori, hokim hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining pozitsiyasini muhokama qilish uchun Kun.uz ta’lim sohasida mutaxassis, pedagog Shokir Tursun va Inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov bilan suhbatlashdi.
— Dastlab, maktab direktori va hokim o‘rtasidagi tortishuvga munosabatingiz qandayligi haqida gapirsangiz. Surxondaryoda hokim va direktor o‘rtasidagi janjal maktablarning ma’muriy buyruqbozlik vertikalining bir bo‘g‘iniga aylanib ulgurganining yana bir yaqqol misoli bo‘lmadimi?
Shokir Tursun: Birinchi navbatda holat vazifalarning to‘liq ajratib berilmagani oqibatida kelib chiqyapti. Ya’ni hokim maktab infratuzilmasiga mas’ul bo‘lgani bilan, aynan shu richag orqali ta’lim muassasalariga ta’sir o‘tkaza olyapti. Garchi biz, pedagoglarning huquqi haqida qonunlar qabul qilib, majburiy mehnatni bekor qilib, turli qonunlar ishlab chiqqanimiz bilan, mana shu richag sabab hokimliklarning maktablarga «hukmronligi» saqlanib qolyapti.
Maktabda asosiy muammolar nimada? Bu borada mazmuni bilan bog‘liq jihatlarini Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining o‘zi hal qilaveradi. Lekin infratuzilma, suv va gazi yo‘qligi, binosining ta’miri, moddiy-texnik bazasi hokimning qo‘lida, bu esa direktorning o‘z-o‘zidan hokimni eshitishga majburligini anglatadi.
Bu yerda yana bir masala bor: direktorga bosim qilish orqali maktab muhitini buzish haqida biz uncha ham gapirmaymiz-da. Ya’ni bunday holatlar maktab jamoasining birligiga, u yerdagi o‘qituvchilar, boshqa xodimlarning kayfiyatiga ta’sir qiladi, bu esa o‘quv yili boshlanishidan oldin maktab uchun yomon. Yangi o‘quv yili bunaqangi stress bilan boshlanadigan bo‘lsa, bu jarayon uzoq davom etishi mumkin. Shaxsiy tajribamdan bilaman, turli jamoalarda ishlaganman, ishning boshidanoq jamoa tarqalib ketdimi, oxir-oqibat u yerda tahsil oluvchilarga ta’sir qiladi.
Bu masalalarning huquqiy tomoni —hokim aralashishi, ishdan bo‘shatishi, maktab direktori shu vaqtgacha nima qilgani, nima sabab ishdan olingani, vazir qanday qilib uni qutqarib qolayotgani bir tomon bo‘lsa, maktabdagi muhit endi nima bo‘ladi, degan savol ham bor. Shu narsa ko‘proq xavotirga soladi, chunki u yerda kamida 20 nafar xodim, 400 nafar o‘quvchi bor. Ular yangi o‘quv yilini shunday stress bilan boshlashadi.
— Abdurahmon aka, bu holatga sizning munosabatingiz qanday? Maktab ta’limi tizimi xodimlarining hokimlar tomonidan ishdan olinishi borasida nima deya olasiz? Bu amaldagi qonunchilikka zid emasmi?
Abdurahmon Tashanov: Bilasizmi, shu voqea boshlanganidan beri, ya’ni mana shu holat tasodifiy jamoatchilikka chiqib ketganidan beri yozuvlar, qandaydir ajiotaj bo‘ldi. Agarda mana shu yozuvlar bo‘lmaganida, hamma narsa o‘zining izmida ketaverardi, hech kim bu holatdan boxabar ham bo‘lmagan bo‘lardi. Holbuki, bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha kuni 8 nafar maktab direktori ishdan bo‘shatilgan, shuning bir nafari qandaydir tarzda hokimga o‘z noroziligini bildirdi.
O‘sha voqea bo‘lib o‘tdi, u ancha oldin yuzaga kelgandi, hokim o‘zining «ma’muriy zo‘ravonligi»dan foydalanib direktorni qamatgan, u qamoqda o‘tirib chiqdi. O‘sha lavha jamoatchilikka chiqmaganda, hozir hech narsa yo‘q bo‘lardi. Mana shunday intervyular ham yo‘q bo‘lardi, misol uchun. Demoqchimanki, Surxondaryodagi kechagi qonunbuzarlik, men buni to‘g‘ridan to‘g‘ri qonunbuzarlik deb atayman, chunki hokim mansab vakolatini suiiste’mol qilyapti, vakolatiga kirmaydigan ishni amalga oshiryapti. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga ko‘ra, maktab direktorining ish beruvchisi vazirlikning hududiy boshqarmalari bo‘lishi mumkin. Shuning uchun hokim bu yerda to‘g‘ridan to‘g‘ri mansab vakolatidan chiqish jinoyatini sodir qilyapti, deb hisoblayman. Men kuni kecha bu haqda ijtimoiy tarmoqdagi sahifamda yozdim va Oliy sud, Bosh prokuraturaning izoh berishini so‘radim. Bu — birinchidan.
Ikkinchidan, bu voqea aniqlanganidan keyin biz (Inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati)ga aynan shu holat bilan o‘xshash bo‘lgan 5 ta murojaat kelib tushdi. Ya’ni hokim viloyatga rahbar qilib tayinlanganidan beri deyarli barcha majlislarini shu tarzda olib boradi. Faqat «15 sutkaga tiq» yoki «qama» degan narsa bo‘ladi.
Kuni kecha ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan bir menga shunday deb yozyapti: «Bizda shartli 2 ta davr bor: bittasi «qoch, Nodir kelyapti» degan davr bo‘lardi. Ilgari organ xodimlarining biri aholida shunchalik qo‘rquv uyg‘otganki, ko‘rganlar: «qoch, Nodir kelyapti» deb aytishgan. Va buni 2017 yilda prezidentning o‘zi ham eslab, Surxondaryoni ayrim idoralar «ot o‘yini qilib tashlashgani» haqida aytgandi. Hozir xuddi shu «ot o‘yini» masalasi yana takrorlanishni boshladi.
Hokimiyatda, boshqaruvda qattiqqo‘llik kerakdir, ammo qonun va qoidalarga asoslanmagan qattiqqo‘llik hokimiyatning legitimligiga juda katta ta’sir qiladi, odamlarning tasavvurida qo‘rquvlarni paydo qiladi. Biz istaymizmi-yo‘qmi, bu hokimning xatti-harakatlari davlatning boshiga kelib tushaveradi.
Kecha bu hokimning o‘rnida o‘tirgan To‘ra Bobolev bilan ham shunga o‘xshash voqealar bo‘lgandi. Agar bugun mana shu hokimning faoliyatiga nisbatan huquqiy baho berilib, chora ko‘rilmaydigan bo‘lsa, bundan keyin keladigan rahbar undan ham battar bo‘ladi. Shuning uchun biz bu yerda jamoatchilikni ham, davlat hokimiyati idoralarini ham jipslashib, bu odamning harakatlariga baho berishlariga chaqirib qolamiz.
— Hokim bilan uchrashuvdan so‘ng Umida Tursunova mayda bezorilik va huquq-tartibot organlariga bo‘ysunmaslik bilan ayblanib, 10 sutkaga qamoqqa olinishiga fikringiz qanday? Jarayonda O‘zbekiston sud tizimi mustaqil emasligi ko‘rinib qolmadimi?
Abdurahmon Tashanov: Agar mana shu eshittirishimizni Oliy sud sudyalari yoki rahbarlari tinglayotgan bo‘lsa, menimcha, ular juda ham uyalishi kerak. Nima uchun? Qanday qilib hokim bilan maktab direktori tortishyapti-da, undagi jabrlanuvchi Sariosiyo tumani hokimligining qandaydir bo‘limi boshlig‘i bo‘ladi?! Bu ishning yasama ekanini ko‘rsatadi. Ikkinchidan, sud masalani prinsipial o‘rganishi kerak edi. Qaror tunda qabul qilingan, sud ham tunda bo‘lib o‘tgan.
Ikkinchi tomondan, huquq-tartibot idoralari, masalan, Oliy sud, ichki ishlar, prokuraturani ma’muriy boshqaruv yetakchisi, hokim shunday holatga tushirayotgan ekan, bu odamlar uyalishi kerak. Chunki sudning qarori kulgili ekani ko‘rinib turibdi. Bunaqangi sharmandachilik bilan oldinga ketib bo‘lmaydi.
Bu yerda masxarabozlik darajasi shu qadar yuqoriki, nima deyilsa ham ishonaman. Chunki qanday qilib, hokim qamadi-da, qayerdan sud, prokuratura paydo bo‘ldi, qayerdan jabrlanuvchi yasaldi? Majlisda hokim bilan direktor ikkalasi aytishyapti. Shulardan qaysidir biri jabrlanuvchi bo‘lishi kerak. Lekin nima sabab Sariosiyo tumanidagi hokimlikning tashkiliy bo‘limining bir xodimi jabrlanuvchi bo‘lyapti, bu sudning soxtakorligini bildiradimi?! Bizning sudlov tizimi rahbarlarimizda ozgina hamiyat, g‘urur kabi narsalar uyg‘onishi lozim. Agar bu tarzda ketadigan bo‘lsa, bularning ma’naviy haqqi qolmaydi.
— Shokir aka, navbatdagi savol sizga. 2019 yildan boshlab mahalliy hokimliklar ta’lim sohasiga faqatgina bir maqsadda, u ham bo‘lsa, xo‘jalik faoliyatiga mas’ul bo‘lishi uchun bog‘lab qo‘yilgandi. Bu tartib joriy etilganiga ham 4 yil bo‘ldi, lekin uning samarasi hanuzgacha sezilgani yo‘qdek. Ba’zi holatlarda hokimliklarning maktab xo‘jalik faoliyatiga emas, ta’limiga bevosita aralashayotgani ko‘p kuzatilib turibdi. Shulardan kelib chiqsak, bu amaliyotdan voz kechish kerak deb hisoblamaysizmi?
Shokir Tursun: Sherzod Shermatov vazir bo‘lgan vaqtlarda u bilan juda ko‘p marotaba uchrashganmiz. Maktablarning xo‘jalik faoliyatini nazorat qilish vakolati to‘laqonli hokimliklarga berish taklifi uning davrida berilgandi. Vazirlikka Shermatov kelganidan keyin, maktablarning moddiy-texnik bazasi bo‘yicha katta tekshiruvlar boshlangandi. Birinchi martasiga Shermatov Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi pullarning yo‘qotilib, o‘zlashtirilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni e’lon qilish boshlangandi. O‘sha vaqtda dahshatli summalar ma’lum qilingandi. Chunki maktabning vazifasi juda ham ko‘p edi, xodimlarning xavfsizligi, ta’lim sifati, qo‘shimchasiga maktabni qurish va ta’mirlashga ham javob berishi kerak edi. O‘shanda vazir bu javobgarlikni hokimliklarga to‘liq berib yuborish taklifini bergandi. Menimcha, shundan so‘ng bu vakolat to‘laqonli ravishda mahalliy hokimliklarga berib yuborildi.
Shermatovning g‘oyasi maktab direktorlari xo‘jalik faoliyat bilan bog‘liq yecha olmagan masalalarni to vazirlikka chiqib, hal qilguncha, hokimliklar bilan yechim topishi nazarda tutilgan edi. Lekin hokimlar buni javobgar emas, balki maktablarning tepasida turgan shaxs sifatida tushunishdi. Ya’ni g‘oya yaxshi edi, ammo uning ijrosi yaxshi bo‘lmadi. Bizda tizimda «men bir narsaga javobgarman», deb emas, «men shuning ustidan nazorat qilaman», degan bir qarash shakllangan.
Hozir bizda 2 xil holat bo‘lib qoldi. Maktablarning xo‘jalik faoliyatini yuritish mas’uliyati vazirlikda turgan vaqtda katta korrupsiyaga yo‘lni ochib bergan edi, bu javobgarlikni hokimlarga yuklatish esa yanayam kattaroq oqibatlarga olib keldi. Menimcha, bu vakolatni vazirlikning moddiy-ta’minot bo‘limiga qaytarish kerak. Lekin bu moddiy-ta’minot bo‘limi biroz kengayib, faqat respublika emas, kichik hududlar darajasida ham ishlashni boshlashi kerak. Bu qo‘shimcha shtatlar, ma’muriy islohotlarga zid bo‘lib ko‘rinishi mumkin, lekin yuqoridagi holatlarning oldini ola oladi deb hisoblayman. Istagan hokim istalgan maktab direktorini, uning o‘rinbosarlarini xohlagan ko‘yiga solib, qo‘g‘irchoqqa aylantirishi cheklangan bo‘lar edi.
Maktabning muhitini yarata oladigan xodim direktor ekan, u o‘zidan xavotirda, qo‘rquvda yashasa, bu kayfiyatni albatta jamoasiga yuqtiradi. Keyin bu kayfiyat o‘qituvchidan o‘quvchilarga o‘tadi, bu esa bevosita ta’lim sifatiga yomon ta’sir ko‘rsatadi. Biz buni tadqiqotlar bilan isbotlab bera olmaymiz, chunki O‘zbekistonda bunday tadqiqotlar mavjud emas. Lekin o‘rganilsa, maktablarning hokimlar qo‘lida qolib ketayotgani, o‘yinchoq bo‘layotgani alaloqibat ta’limning sifatiga bevosita ta’sir qiladi.
- Intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi: Mirvohid Mirrahimov
Montaj ustasi: Muhiddin Qurbonov
Mavzuga oid
13:56
O‘zbekistonda har yetti o‘quvchidan kamida bittasi maktabda o‘zini xavfsiz his qilmaydi, nega?
14:33 / 21.11.2024
Nega o‘zbek ota-onalari bolasini rus sinflariga beradi?
20:51 / 18.11.2024
“Qurollar qanchalik zamonaviy bo‘lmasin, milliy g‘urursiz ish bitmaydi” - maktablarga harbiy darslar nega kerak?
16:44 / 11.11.2024