Birinchi yarim yillikdagi davlat budjeti defitsiti 29 trln so‘mdan oshib ketgan
Joriy yilning o‘tgan 6 oyida davlat budjeti daromadlari qariyb 100 trln so‘mni, budjet xarajatlari esa 129 trln so‘mni tashkil etgan. Bu ma’lumotlarni e’lon qilgan iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘z nutqida “defitsit” so‘zini ishlatmadi. U keskin oshgan taqchillikni qoplash manbalari haqida ham so‘z ochmadi.
4 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda 2023 yil birinchi yarim yilligidagi davlat dasturi bajarilishi yuzasidan qilingan ishlar hisoboti ko‘rib chiqildi.
Bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovning ma’lum qilishicha, hisobot davrida yalpi ichki mahsulot o‘sishi 5,6 foizni tashkil etgan.
O‘tgan 6 oyda davlat budjeti daromadlari qariyb 100 trln so‘m bo‘lib, shundan 76 trln so‘m soliq tushumlari, 24 trln so‘m esa bojxona yig‘imlari hisobiga shakllantirilgan.
Mazkur davrda davlat budjeti xarajatlari 129 trln so‘mdan oshgan. Shundan 65 trln so‘mi ijtimoiy sohalarga yo‘naltirilgan.
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘z ma’ruzasida «defitsit» degan so‘zni ishlatmadi.
Iqtisodchi Otabek Bakirov konsolidatsiyalashgan budjet defitsiti davlat budjeti defitsitidan ancha yuqori bo‘lganini taxmin qilgan.
«O‘tgan yilning tegishli davri bilan solishtirilsa, daromadlar kamtargina 8,1 foizga, xarajatlar esa juda tez – 25,2 foizga o‘sgan.
Yalpi ichki mahsulot 2023 yil yarim yilligi bo‘yicha 469,9 trln so‘mni tashkil etgani hisobga olinsa, davlat budjeti defitsiti deyarli 6,2 foizga yetgani ma’lum bo‘ladi.
2023 yil budjetiga oid qonunga ko‘ra, konsolidatsiyalashgan budjetning cheklangan miqdori yalpi ichki mahsulotning 3 foizi miqdorida belgilangan. Ma’ruzada konsolidatsiyalashgan budjet ma’lumotlari ochiqlanmagan. Mundarijasiga ko‘ra, konsolidatsiyalashgan budjet defitsiti davlat budjeti defitsitidan ham ancha yuqori bo‘lgan bo‘lishi ehtimoli yuqori», deb yozdi u.
Ma’lumot uchun, hukumat joriy yilgi davlat budjetining daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi ijobiy farq 4,2 trln so‘mga (profitsit) teng bo‘lishini prognoz qilgandi. Xususan, 2023 yilda daromadlar 232,1 trln so‘mni, xarajatlar 227,8 trln so‘mni tashkil etishi kerak edi.
2023 yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun bilan joriy yilda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligining cheklangan miqdori YaIMga nisbatan 3 foiz miqdorida belgilangan. Qonunga ko‘ra, yil davomida davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan defitsitni moliyalashtirish uchun olinadigan qarzlar miqdori 2 mlrd dollardan oshmasligi kerak.
27 iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov budjet xarajatlari oshishida tabiiy gaz importi katta o‘rin tutganini aytgandi.
Shu kuni Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish qarori yuzasidan e’lon qilgan relizida aytilgandiki, o‘rta muddatli istiqbolda iqtisodiyotda narxlar barqarorligini ta’minlash uchun pul-kredit va fiskal siyosatlarni o‘zaro uyg‘un holda olib borish maqsadlaridan kelib chiqib, budjet defitsiti belgilangan parametrlar darajasidan oshmasligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Kun.uz avvalroq hukumat 2023 yilgi konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligining cheklangan miqdorini 5 foizgacha oshirishni reja qilgani haqida yozgandi.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunda ham defitsit bo‘yicha 3 foizlik limit ko‘rsatilgan, lekin davlat xarajatlari daromadlardan keskin ortib ketishi ortidan, budjet qonuniga o‘zgartirish kiritilib, limit 4 foizga ko‘tarilgandi.
Mavzuga oid
17:43 / 21.11.2024
Bosh vazir o‘rinbosarlari va vazirlarning barchasi o‘z lavozimini saqlab qoldi (foto)
13:25 / 19.10.2024
Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi” unvoni berildi
08:50 / 12.10.2024
«2025 yilda energotariflar islohotining asosiy bosqichi yakunlanadi» - bosh vazir o‘rinbosari
22:19 / 11.10.2024