Iqtisodiyot | 13:29 / 07.08.2023
53108
3 daqiqa o‘qiladi

«Tolibon» 67 vagon o‘zbek neftini sifatsiz deb qaytarib yubordi. «O‘zbekneftgaz» izoh berdi

Afg‘oniston Milliy standartlar agentligi O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan 67 vagon neftni sifatsizligi sabab ortga qaytarib yuborganini ma’lum qildi. “O‘zbekneftgaz”ga ko‘ra, mahsulot birlamchi sotuvchi – GTL zavodiga qaytarilmagan. Avvalroq zavodda ishlab chiqarilgan sifatli sintetik dizelni turk kompaniyasi sotib olib, uni an’anaviy dizel bilan kompaundlashtirgan holda Afg‘onistonga olib kirishini bildirgan.

Foto: Afg‘oniston Milliy standartlar agentligi

Afg‘oniston Milliy standartlar agentligi (ANSA) O‘zbekistondan import qilingan 67 ta sisternadagi neft ortga qaytarib yuborilganini ma’lum qildi. Bu haqda agentlik o‘z Twitter sahifasida yozib qoldirgan.

«Milliy standartlar agentligi ilk marta Xaritan portida katta miqdordagi sifatsiz yoqilg‘i yuklangan ko‘p sonli (67 ta) vagonlarni O‘zbekistonga qaytarib yubordi.

So‘nggi paytlarda Milliy standartlar agentligi sifati past neft importining oldini olish bo‘yicha amaliy choralar ko‘ryapti», deyiladi xabarda.

«O‘zbekneftgaz» AJning izohlashicha, gap GTL zavodida ishlab chiqarilgan sintetik dizel haqida ketyapti va Afg‘oniston hukumati mahsulotni ishlab chiqaruvchiga qaytarmagan.

«Joriy yil 17 may kuni «Uzbekistan GTL» MChJ va Turkiya kompaniyasi o‘rtasida sintetik dizel komponentini eksportga sotish bo‘yicha offteyk shartnomasi imzolangan.

24-26 iyun kunlari, xaridor talabnomasiga asosan, «Uzbekistan GTL» MChJ tomonidan jami 3,4 ming tonna (67 vagon) mahsulot Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi «Kengsoy» stansiyasidan eksport qilish uchun xaridorga topshirilgan. 

Mahsulotni eksport qilish jarayonida sintetik dizel va uning komponenti Afg‘onistonning ANSA (Afg‘oniston standart agentligi) tashkilotida ro‘yxatdan o‘tmagani haqida xaridorga ham ma’lum qilingan. Xaridor mahsulot komponent sifatida an’anaviy dizel bilan kompaundlashtirilgan holda Afg‘oniston bozoriga olib kirilishi rejalashtirilganini bildirgan.

«O‘zbekneftgaz» AJ shuni ma’lum qiladiki, xaridorga topshirilgan 3,4 ming tonna (67 vagon) sifatli mahsulot uchun to‘lov 100 foiz amalga oshirilgan, Afg‘oniston hukumati tomonidan «Uzbekistan GTL» MChJga sifatsiz mahsulot sifatida qaytarilmagan. Shartnoma shartlariga asosan xaridor mahsulotni qaysi davlatga olib borib qanday usulda sotishini o‘zi belgilaydi», deyiladi rasmiy izohda.

Qo‘shimcha qilinishicha, «Uzbekistan GTL» MChJ zavodining dizel yonilg‘isi uchun sintetik komponent EN 15940 Yevropa standartiga muvofiq Markaziy Osiyo davlatlari orasida faqatgina O‘zbekistonda «OʻzDSt 3134-2017» davlat standarti asosida ishlab chiqariladi. Hozircha Afg‘onistonda bu standart joriy qilinmagan.

Mavzuga oid