O‘zbekiston | 12:44 / 07.08.2023
21246
3 daqiqa o‘qiladi

Urgutdagi to‘yda qirqdan ortiq odam zaharlandi. Voqea tafsilotlari haqida reportaj

2023 yil 3 avgust kuni Urgut tumanida o‘tkazilgan to‘yda qirq ikki kishi zaharlangan. Restoranda dasturxonga qo‘yilgan taomlar uyda tayyorlangani aytilmoqda.  

Urgut tuman tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar bo‘limi boshlig‘i Qobil Fayziyev to‘yda ishtirok etgan barcha fuqarolar shifoxonaga olib kelinganini ma’lum qildi.

Fayziyevning aytishicha, Jarqishloq mahallasidagi to‘yxonada bo‘lgan 63 kishining hammasi shifoxonaga olib kelingan. Ahvoli tezda yaxshilangani sababli 22 nafar bemorga javob berilgan, qolgan bemorlar shifokorlar nazorati ostida qolgan. Yetti nafar bemorga “O‘tkir ovqat toksikoinfeksiyasi” tashxisi qo‘yilgan. Bir nafar bemor viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Bemorlar mayonezli salat va qovun-tarvuz iste’mol qilgan. Ular haqiqatan ham to‘y boshlanishidan bir necha soat avval tayyorlangan mayonezli salatdan iste’mol qilishganini tasdiqlashdi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Urgut tuman bo‘limi boshlig‘i Dilshodjon Hamdamovning aytishicha, to‘y egalari tomonidan to‘yxona ijaraga olingan bo‘lib, barcha taomlar uydan tayyorlab borilgan. To‘y boshlanishidan bir necha soat avval tayyorlangan mayonezli salat ham dasturxonga tortilgan.

Oliy toifali shifokor Qobil Fayziyev hozirgi ob-havo sharoitida odamlarning ovqatdan zaharlanish holati ko‘payganini ma’lum qildi. Shuningdek, tez aynuvchi mevalar, sutli mahsulotlarni iste’mol qilishda ehtiyotkorlikka chaqirdi. Emizikli onalar yozning issig‘ida tashqaridan kelib farzandini emizishi ham mana shunday noxush holatlarga sabab bo‘lishi mumkinligi aytildi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 19 iyul kuni Urgut tumani Jozmon mahallasida joylashgan Burhon ota to‘yxonasida o‘tkazilgan to‘yda ham ommaviy zaharlanish kuzatilgandi. O‘shanda jami 50 dan oshiq odam antisanitariya holatda tayyorlangan hamda saqlangan mayonezli salatdan zaharlangan va ularga tibbiy yordam ko‘rsatilgandi.

Mavzuga oid