Jahon | 12:05 / 09.08.2023
10938
4 daqiqa o‘qiladi

Harbiy xizmatdan bosh tortganlar harakati Nobel mukofotiga nomzod sifatida ko‘rsatildi

Xalqaro tinchlik byurosi Rossiya, Belarus va Ukraina tashkilotlarini tinchlik uchun Nobel mukofotiga harbiy xizmatdan bosh tortganlar va dezertirlarga yordam berayotgani uchun nomzod qilib ko‘rsatdi. 

Foto: britannica.com

«Biz uchun aql bovar qilmaydigan sharaf», - Rossiyaning «Harbiy xizmatdan voz kechganlar harakati» (HVH) 8 avgust, seshanba kuni Xalqaro tinchlik byurosi tashkilotni tinchlik uchun Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatgani haqidagi xabarga shunday izoh berdi. Bu haqda HVH Telegram’dagi sahifasida xabar joylashtirdi. 

Umuman olganda, Xalqaro tinchlik byurosi (XTB) dezertirlar va harbiy xizmatdan bosh tortganlarga yordam berish bilan shug‘ullanadigan uchta tashkilotni Nobel tinchlik mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatdi. Mukofotga «Harbiy xizmatdan voz kechganlar harakati» bilan bir qatorda, Belarusning «Bizning uy» tashkiloti va Ukrainaning tinchlantiruvchi harakati ham ko‘rsatilgan. 

Xalqaro tinchlik byurosi veb-saytidagi bayonotga ko‘ra, har uchala «ajoyib tashkilot» ham «vijdonan harbiy xizmatdan voz kechish huquqiga alohida e’tibor beradi». Shu bilan birga, ushbu tashkilotlar o‘z sa’y-harakatida «misli ko‘rilmagan mahorat va fidoyilik ko‘rsatdi», ayniqsa Ukraina urushi 2022 yil 24 fevralda boshlanganidan keyin», - deyiladi bayonotda. 

Harbiy xizmatdan bosh tortish huquqi hatto urush paytida ham ajralmas jihatdir 

Shu bilan birga, Xalqaro tinchlik byurosi harbiy xizmatdan vijdonan voz kechishning asosiy huquqi insonning ajralmas huquqi bo‘lib, fikrlash, vijdon va din erkinligi huquqi bilan himoyalangani hamda Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt (FSHXP)ning 18-moddasi bilan kafolatlanganini ta’kidladi. «Ushbu huquq favqulodda vaziyatlarda ham ajralmas bo‘lib qoladi, bu haqda FSHXPning 4-moddasi 2-qismida aniq ko‘rsatilgan. Vijdonan harbiy xizmatdan voz kechish tinchlikni ta’minlashning o‘ziga xos vositasidir, shuning uchun urush vaqtida insonning ushbu asosiy huquqiga alohida e’tibor qaratish va himoya qilish kerak» , - deya ma’lum qildi Xalqaro tinchlik byurosi. 

HVH nima bilan shug‘ullanadi? 

«Harbiy xizmatdan voz kechganlar harakati» Rossiya bo‘limi xalqaro tashkilotning tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzod sifatida ko‘rsatilishi qarorini olqishladi. «Biz uchun aql bovar qilmaydigan sharaf», — deb yozdi chaqiriluvchilarga harbiy xizmatdan qochishga yordam beruvchi harakat rahbariyati Telegram’da. 

Harbiy xizmatdan vijdonan voz kechganlarning harakati rossiyalik harbiy xizmatchilarga ma’naviy va huquqiy yordam beradi. Ukraina urushi boshlanganidan beri tashkilot jangovar harakatlarda qatnashishdan bosh tortgan fuqarolarga faol yordam bermoqda. 2023 yil may oyi boshida uning veb-sayti RF Qurolli kuchlarini «obro‘sizlantirgani» tufayli Moskvaning Savelovskiy sudi qarori bilan bloklangan. 23 iyun kuni Rossiya Adliya vazirligi HVHni «chet el agenti» deb e’lon qildi. 

Mavzuga oid