Jahon | 19:58 / 09.08.2023
33883
14 daqiqa o‘qiladi

«Urushish va jazo olmaslik mumkin ekan» – 15 yil avval Rossiya Gurjistonga bostirib kirgandi

«Rossiya elitasi» o‘sha urushga qanday munosabatda bo‘lgandi - va ular hozir bu haqda qanday fikrda?

Foto: Musa Sadulayev / AP / Scanpix / LETA

2008 yil avgust oyi boshida Rossiya va Gurjiston o‘rtasida harbiy to‘qnashuv boshlangandi. Rossiya Gurjiston ichkarisigacha qo‘shin kiritgan, lekin urushni tezda to‘xtatib, o‘zi uchun manfaatli tinchlik kelishuviga erishib, shu tariqa xalqaro yakkalanishdan qutulib qolgandi. «Meduza» maxsus muxbiri Andrey Persev o‘sha vaqtda «vertikal hukumat» tarkibida bo‘lgan mulozimlar bilan «rus elitasi» uchun Gurjistonga bosqin Ukrainadagi urushdan nimasi bilan farq qilgani haqida suhbatlashdi.

«Tinchlikparvar kuchlarimiz va ularga biriktirilgan bo‘linmalar ayni damda Gurjiston tomonini tinchlikka majburlash maqsadida operatsiya olib bormoqda. Tinch aholi hayotini muhofaza qilish mas’uliyati ularning ham gardanida», deb izohlagandi Gurjistonga bosqinni o‘sha vaqtda Rossiya prezidenti bo‘lgan Dmitriy Medvedev.

2008 yil 8 avgust kuni Gurjistondan ajralib chiqqan Janubiy Osetiya markazi Tsxinvaliga qo‘shin kiritgan Rossiya keyinchalik poytaxt Tbilisi yaqinigacha yetib boradi. Rus harbiylari Gurjiston poytaxtiga yetib borishiga bir necha o‘n kilometr masofa qolgandi, ammo ruslar Tbilisini qamal qilmaydi. 12 avgust kuni Dmitriy Medvedev «amaliyot» yakunlanganini e’lon qiladi. Keyin Rossiya, Gurjiston, Janubiy Osetiya va Abxaziya tomoni birgalikda mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish to‘g‘risida tinchlik bitimi imzolaydi. Bu kelishuv shartlari Rossiya uchun juda qulay edi. Unda o‘t ochishni to‘xtatish, qo‘shinlarni olib chiqish, shuningdek, o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan hududlar uchun xalqaro xavfsizlik kafolati ko‘zda tutilgandi.

Bu XXI asrda Yevropa hududida sodir bo‘lgan birinchi jiddiy mojaro edi. Shunga qaramay, Rossiyaga qarshi jiddiy xalqaro sanksiyalar qo‘llanmadi. Yevropa Ittifoqi va AQSh Rossiyaga qarshi iqtisodiy cheklovlar joriy qilmay, shunchaki bu harakatni keskin qoralash bilan cheklanishdi.

Bunga bir necha sabablar keltirildi. Birinchidan, Rossiya Tbilisiga kirib bormadi. Ikkinchidan, Yevropa Ittifoqi tomonidan tuzilgan surishtiruv guruhi urushni Tsxinvaliga o‘t ochish orqali Gurjiston boshladi, degan xulosaga kelgandi. Ammo xulosada Rossiya urush boshlanishidan avval ko‘p marta provokatsion harakatlar qilgani ham qayd etilgan.

Uchinchidan, butun dunyoda kuzatilgan va AQShni qiyin ahvolda qoldirgan moliyaviy inqiroz odamlar e’tiborini mojarodan chalg‘itgandi. Bu sabab haqida keyinroq Rossiya sobiq prezidenti Dmitriy Medvedev ham gapirgandi. «Ha, bu voqealardan keyin Jorj Bush bilan yaxshi munosabatimiz saqlanib qolgan. 2008 yil oxirida u bilan ko‘rishgandik. U o‘zaro suhbatimizda Gurjistondagi vaziyat, Janubiya Osetiya va Abxaziya haqida gapirgani ham yo‘q», deb eslagandi Medvedev.

Avgust voqealaridan keyin Rossiya hududda o‘z ta’sirini oshirib oldi. Ikki o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan «respublika»larni o‘z vaqtida Rossiyada harbiy xizmat o‘tagan mulozimlar boshqara boshladi.

O‘sha vaqtdagi Vladislav Surkov boshchiligidagi Rossiya prezident administratsiyasiga yaqin bo‘lgan manbaning «Meduza» bilan suhbatda aytishicha, rus jamiyati va elita Gurjistondagi voqealarga ancha befarq qaragan. «Voqealar juda olisda bo‘lgandek qarshilandi. Odamlar uni real rejimda, har daqiqa soniyada kuzatib borishmadi», deydi suhbatdosh.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha vaqtda rus elitasi Rossiya armiyasiga unchalik ishonqiramay qaragani, bosqin muvaffaqiyatli yakunlanishiga ishonmagani ham Gurjiston voqealari ular tomonilan birmuncha befarq kutib olinishiga sabab bo‘lgan. O‘sha vaqtda Rossiya mudofaa vaziri Anatoliy Serdyukov edi. Rossiya armiyasi deganda esa ko‘pchilikning ko‘z oldiga avvalo zo‘ravonlik («dedovshina») va korrupsiya kelardi.

Ammo Rossiya Gurjiston ichkarisi tomon katta tezlikda odimlay boshlagach, jamiyatda baribir mojaroga munosabat o‘zgardi. Holatni yoritgan Rossiya nashrlari ohangi ham o‘zgardi. «Meduza» suhbatdoshiga ko‘ra, Rossiya targ‘ibotchilari voqealarni «Demak, biz uddalay olarkanmiz» degan ohang bilan yorita boshlaydi.

«Bu urush propagandasini shakllantirish tomon tashlangan ilk qadam deyish mumkin. Boshida qadamlar dadil emasdi, ammo harakat boshlanib bo‘lgandi. Medvedev haqida «yangi prezident tezda to‘g‘ri va keskin qaror qabul qildi» qabilida gapirish ko‘paydi», deydi suhbatdosh.

O‘sha vaqtda mojarodagi Rossiyaning «yuzi» chindan Medvedev edi. U vaqtda bosh vazir vazifasini bajarayotgan Putin esa urush boshlanganda Pekindagi olimpiada o‘yinlari ochilish marosimida o‘tirgan, Gurjistonga «javob zarbalari» bilan tahdid qilgandi, xolos. Bu vaqtda Rossiya propagandasi Medvedevni avvaliga «urush boshlashga qo‘rqmagan qirg‘iy» deb, «amaliyot» yakunlangach esa «osetinlar geneotsidining oldini olgan tinchlikparvar» deb ta’riflardi.

«Maqsad Gurjistonni yakson qilish va Saakashvilini qatl etish emasdi. O‘shanda bosiqlik bilan harakat qilib, voqealar keskinlashib ketishining oldini olib to‘g‘ri qildim deb o‘ylayman», degandi Medvedev o‘z qarori haqida.

Siyosatchi Ivan Preobrajyenskiy esa bu «bosiqlik»ni boshqacharoq izohladi. Uning fikricha, Rossiya hukumatida qo‘rquv bo‘lgan. «Axir birinchi marta bezorilik qilayotganda oqibati nima bo‘lishini bilmaysan», deydi u. Ekspert o‘shanda Rossiya hukumati va propagandasi odamlarda «bu bosqinchilik urushi emasdi» degan fikr shakllantirishning uddasidan chiqqan. Buni ijtimoiy so‘rovlar ham tasdiqlaydi. Bugun Rossiyada «chet el agenti» deb topilgan «Levada markazi» tomonidan 2018 yil o‘tkazilgan so‘rovda faqat 5 foiz respondetlar Gurjistondagi voqealar uchun Rossiyani aybdor deb hisoblashini bildirgan.

Biroq keyinchalik propaganda erishgan «yutuqlar»ni mustahkamlashning imkoni bo‘lmaydi. Urush tugashidan keyin ko‘tarilgan Putin va Medvedevning reytingi asta-sekin tusha boshlaydi. Siyosatshunos Kirill Shamiyev ham Kreml «qisqa muddat davom etgan antigurjicha, antiamerikacha va antiyevropacha kafiyat»dan «vatanparvarlik ruhini ko‘tarishda foydalana olmagani»ni ta’kidlaydi.

Medvedev mojaroda qatnashgan rossiyalik harbiylarni mukofotlash marosimida. 2009 yil avgust

Shamiyevning fikricha, o‘shanda Rossiya uchun g‘arb bilan uzoq muddatli mojaro kerak bo‘lmagan. Shu bois, urushdan keyin [g‘arb bilan] yaqinlashish va munosabatlarni qayta o‘rnatish siyosati olib borilgan. Natijada jamiyatdagi vatanparvarlik kayfiyatini 2014 yildagi kabi «sun’iy yonilg‘i bilan» ko‘tara olishmaydi.

«Meduza»ning federal va hududiy boshqaruv organlaridagi, shuningdek, «Yedinaya Rossiya»dagi suhbatdoshlari Gurjiston mojarosi chindan asta-sekinlik bilan unutilganini tan olgan. Ular misol sifatida Rossiya hukumati Gurjistondan ajralib chiqqan hududlarni tiklashga e’tibor bermay qo‘yganini keltirgan. Masalan, hozir Rossiya Ukrainadan tortib olingan hududlar uchun iqtisodiy mas’ul hisoblanadi. 2008 yilda esa bunday bo‘lmagan.

Rossiyaning bir necha hududlari Janubiy Osetiya va Abxaziyaga yordam berishini e’lon qiladi, lekin amalda hech qanday harakat kuzatilmaydi. «Bizni [Kremldan] hech kim tiklanish ishlariga majburlamagan. Shu sabab biz ham qatnashmaganmiz», dey eslaydi Rossiya Markaziy federal okruglaridan biridagi manba. 2008 yilda u mahalliy boshqaruv organida ishlagan.

O‘sha vaqtda mahalliy administratsiyada ishlagan boshqa bir manbaning aytishicha, 2008 yilda «gurjilarni ta’qib qilish»ga qarshi ochiqchasiga chiqish ham qilgan va buning uchun unga qarshi hech qanday chora qo‘llanmagan.

«Boshqacha davrlar edi. Hamma hozirgiday risoladagiday yurmasdi. Albatta, boshqaruvdagi vertikal shakllanib bo‘lgandi, ammo unchalik keskin emasdi. Va ikkita ta’sir nuqtasi bor edi – Medvedev va Putin. Raqobat bo‘lgan joyda esa hamisha erkinlik bo‘ladi. Ayniqsa Medvedevdan umidlar katta edi. Axir u yosh, zamonaviy, keyingi muddatga ham saylanishi kutilgandi. O‘shandagi holatni hozir tasavvur ham qilib bo‘lmaydi», deydi manba.

Medvedev 2012 yilda chindan ikkinchi muddatga saylanish haqida o‘ylagan, ammo hammasi rokirovka bilan tugaydi. Nashr manbasining aytishicha, rokirovkadan avval rus propagandasi Gurjiston voqealari haqida kamroq gapira boshlaydi. Axir bu mojaro Medvedevning asosiy «kuziri» edi.

O‘sha yili «2008 yil, 8 avgust. Yo‘qotilgan kun» nomli 47 daqiqlik hujjatli film e’lon qilinadi. O‘sha filmda yuqori martabali iste’fodagi harbiylar prezident Medvedevni qat’iyatsizlikda ayblab, Putinni qat’iyat ko‘rsatgani uchun maqatashadi. Bu esa rus propagandasi kimni teparoq qo‘yishining nishonasi edi. Xususan, Rossiya Bosh shtabi sobiq rahbari Yuriy Baluyevskiy prezident Medvedev boshchiligidagi harbiy boshliqlar «Putindan bir yeriga tepki yeguniga qadar» harakatsiz o‘tirganini tanqid qiladi. Putinning o‘zi esa go‘yoki hammasini o‘zi boshqarganini ko‘rsatish maqsadida Medvedev bilan 7 avgustda ham, 8 avgustda ham telefon orqali gaplashganini aytgandi. O‘z navbatida, Medvedev bunday suhbatlar bo‘lganini rad etadi.

«Putin harakatdagi asosiy kuch emas, bosh qo‘mondon Medvedev edi. Putin esa soyada qolib ketishni yoqtirmaydi», deydi nashrning o‘sha vaqtdagi Rossiya prezident administratsiyasiga yaqin bo‘lgan manbasi.

«Meduza»ning «vertikal hukumat» tarkibiga kirgan manbalari Gurjistondagi urush Putin va Medvedevga qanday ta’sir qilgani haqida gapirishga qiynalishini aytgan. Ammo ular aynan urushdan keyin Rossiya yuqori rahbariyati armiyaga jiddiyroq e’tibor bera boshlaganiga e’tibor qaratgan. Nashrning Kremlga yaqin manbasi bu haqda shunday deydi: «Armiyaga jiddiyroq qaray boshlaganlar hammasi yomon ekani, texnikalar ishdan chiqayotganini ko‘radi. G‘alaba yaqqol bo‘lmagan, kuchsiz tomon yanada kuchsizroqni yenggandi, xolos».

«Armiyamizda aloqa vositalari, razvedka, navigatsiya, tunda ko‘rish vositalari bilan bog‘liq holat yaxshi emasdi. Masalan, bizda oddiy uchuvchisiz qurilmalar yo‘q edi. Har qancha achinarli bo‘lmasin, Rossiya armiyasida piyoda qo‘shinlar, masalan, motoo‘qchilar yo‘q ekan. Yo‘q, aslida-ku ular juda ko‘p, lekin urusha olmaydi. Oqibatda birinchi kundan maxsus kuchlar va desantchilardan piyoda askar sifatida foydalanishga majbur bo‘ldik», deb yozgandi harbiy tahlilchi Aleksandr Xramchixin.

Urushdan keyin Serdyukov armiya yoppasiga isloh qilinishini e’lon qiladi. Armiyani qayta qurollantirish boshlanadi. Ammo Serdyukov armiyani isloh qilgani bilan emas, 2012 yilda jiddiy korrupsion mojarolardan keyin iste’foga chiqishi bilan yodda qoladi.

«Putin o‘shanda o‘zining mashhur nutqini so‘zlab bo‘lgan, u uchun G‘arbga qarshi chiqish masalasi kun tartibida ham turmagandi. Gap buni qanday boshlashda edi. Gurjiston esa Putinga buni harbiy yo‘l bilan qilish imkoni borligini ko‘rsatib qo‘ydi», deydi Ivan Preobrajyenskiy. Uning fikricha, aynan o‘sha urushdan keyin Putin «Demak buni qilish va hech qanday jazosiz qutulib qolish mumkin ekan» degan xulosaga kelgan.

Kirill Shamiyev ham shu fikrga qo‘shiladi. Uning fikricha, Putin Gurjiston urushidan keyin hech qanday sanksiya bo‘lmagach, g‘arbni kuchsiz degan xulosaga kelgan. Ekspert Gurjiston urushini Ukrainadagi urush bilan solishtirib bo‘lmasligini ta’kidlagan.

«O‘shanda propaganda odamlarni urushga tayyorlamagan, lekin urushdagi natijalarni ko‘rsatishga shoshilgan, garchi ular bo‘lmasa ham. Urushning gibrid xarakterda ekani yaqqol ko‘rinib qoldi», deydi Ivan Preobrajyenskiy.

Shamiyevning fikricha, ruslar urushni sezmay qolishi ehtimoli ham yuqori bo‘lgan. «Gurjistonda urush besh kungina davom etdi. Rossiyaliklar bu vaqtda yangiliklarni o‘qimasligi, keyin esa davlati kim bilandir urushganini bilib qolishi mumkin edi», deydi ekspert.

Mavzuga oid