Jahon | 19:00 / 09.08.2023
8586
6 daqiqa o‘qiladi

«Vagner» Nigerdagi beqarorlikdan foydalanishga urinmoqda» - Blinken

Foto: Getty Images

Rossiyaning «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi Nigerdagi beqarorlikdan foydalanishga harakat qilmoqda. Bu haqda AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken BBC nashri bilan suhbatda aytib o‘tgan.

2023 yil iyul oyi oxirida prezident Muhammad Bazum ag‘darilganidan beri Nigerni harbiy xunta boshqarib kelmoqda.

Avvalroq, davlat to‘ntarishi yetakchilari, jangchilari allaqachon qo‘shni Malida joylashgan «Vagner»ga yordam so‘rab murojaat qilgani aytilgandi.

Blinken Nigerdagi davlat to‘ntarishini Rossiya yoki «Vagner» uyushtirgan deb hisoblamaydi. Biroq, AQSh ushbu harbiy kompaniya Sahel mintaqasining ba’zi qismlarida «o‘zini ko‘rsatishi» mumkinligidan xavotirda.

«Men Nigerda sodir bo‘lgan va yuz berayotgan voqealar Rossiya yoki «Vagner» tomonidan uyushtirilgan deb o‘ylamayman, lekin... ular bundan foydalanishga harakat qiladi. Bu XHK qayerga borgan bo‘lsa, o‘sha yerga uning ortidan o‘lim, vayrongarchilik va ekspluatatsiya kelgan. Xavfsizlik darajasi yuqorilamagan, aksincha pasayib ketgan», degan Blinken BBC nashri bilan intervyuda.

AQSh Davlat kotibining qo‘shimcha qilishicha, «Vagner» kelishi bilan «ular o‘zlari bilan faqat yomonlik olib kelgan boshqa mamlakatlarda sodir bo‘lgan voqealar takrorlanadi».

Markaziy Afrika Respublikasi va Malida «Vagner»ning bir necha ming jangchisi mavjudligi taxmin qilinadi. Rossiya kompaniyasi bu yerda o‘z biznes manfaatlarini himoya qiladi, shuningdek, ushbu davlatlarning Rossiya bilan diplomatik va iqtisodiy aloqalarini mustahkamlashga yordam beradi.

«Vagner» jangchilari Afrikaning bir qator mamlakatlarida inson huquqlarini keng ko‘lamda buzishda ayblangan.

Ba’zi taxminlarga ko‘ra, Niger harbiylari «Vagner»ga yordam so‘rab murojaat qilgan, chunki mamlakatga qo‘shni davlatlarning harbiy aralashuvi tahdid qilmoqda.

G‘arbiy Afrika davlatlari iqtisodiy hamjamiyati (ECOWAS) o‘tgan hafta isyonchilar yetakchilariga ultimatum qo‘yib, agar ag‘darilgan prezident Muhammad Bazum 6 avgust oqshomiga qadar o‘z lavozimiga qayta tiklanmasa, kuch ishlatish bilan tahdid qilgan edi.

Harbiylar bu ultimatumni e’tiborsiz qoldirdi, biroq qo‘shnilarning intervensiyasidan xavfsirab, mamlakat havo hududi va chegaralarni yopdi. Endi 10 avgust kuni bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda ECOWAS tashkiloti a’zolari bundan keyin qanday harakat qilishlari kerakligini hal etishi lozim.

7 avgust kuni AQSh Davlat kotibi o‘rinbosari Viktoriya Nuland davlat to‘ntarishi yetakchilari bilan o‘zining so‘zlariga ko‘ra, «qiyin va ochiq» muzokaralar o‘tkazdi. Nulandning aytishicha, ular (davlat to‘ntarishi yetakchilari) yollanma askarlar bilan hamkorlik qilishning barcha xavf-xatarlarini yaxshi tushunadi.

Ayni paytda hibsda bo‘lgan prezident Muhammad Bazum ham «Vagner»ning Afrikadagi ta’siri kuchayib borayotganidan xavotir bildirgan.

«Butun Markaziy Sahel mintaqasi Ukrainadagi shafqatsiz terrorchilik usullarini barcha ko‘rgan «Vagner guruhi» orqali Rossiya ta’siriga tushishi mumkin», deb yozgan Bazum o‘tgan hafta Washington Post gazetasida nashr qilingan maqolasida.

Hozircha «Vagner» jangchilari Nigerga joylashishi noma’lum, biroq kompaniyaga yaqin Grey Zone telegram-kanali 7 avgust kuni kompaniyaning 1500 ga yaqin jangchisi yaqinda Afrikaga yo‘l olgani haqida xabar berdi. Xabarda ular aynan qayerga yo‘l olganiga aniqlik kiritilmagan.

«Vagner» rahbari Yevgeniy Prigojin 8 avgust kuni telegramda paydo bo‘lgan ovozli xabarida xuntani unga qo‘ng‘iroq qilishga chaqirgan. «Biz hamisha yaxshilik, adolat, o‘z suvereniteti va o‘z xalqi huquqi uchun kurashayotganlar tomonidamiz», degan Prigojin.

Niger — yirik uran ishlab chiqaruvchi davlat. Mamlakat Shimoliy Afrika va O‘rta Yer dengiziga asosiy migratsiya yo‘lida joylashgan.

Bu davlat uzoq vaqt Fransiya mustamlakasi bo‘lgan va iyuldagi to‘ntarish qo‘shni Mali va Burkina-Fasoda bo‘lgani kabi anti-fransuz va rossiyaparast kayfiyat to‘lqinini keltirib chiqardi. Ushbu ikki davlatda sodir bo‘lgan to‘ntarishlardan so‘ng ular Moskva bilan aloqalarini mustahkamlay boshladi.

ECOWAS a’zoligidan chiqarilgan ushbu ikki davlat Nigerdagi to‘ntarish rahbarlarini, boshqa G‘arbiy Afrika davlatlari va ularning g‘arblik ittifoqchilariga qarshi turishda ularga yordam berishiga ishontirish uchun Niger poytaxti Niameyga o‘z delegatsiyalarini yubordi.

«Men sizga eslatib o‘tmoqchimanki, Burkina-Faso, Mali va Niger NATOning Liviyadagi xavfli avantyurasining salbiy ... oqibatlari bilan 10 yildan ko‘proq vaqtdan beri shug‘ullanmoqda. Bir narsa aniq: Mali prezidenti Goita va Burkina-Faso prezidenti Traore «yo‘q, yo‘q va yo‘q» deya aniq aytdi. Biz Niger ishlariga harbiy aralashuvni qabul qilmaymiz», degan Mali hukumati rasmiy vakili Abdulayye Mayga Nigerga tashrif chog‘ida.

Bu vaqtda Niger xuntasi sobiq moliya vaziri Ali Maman Lamine Zeynni to‘ntarishdan keyin mamlakatning yangi bosh vaziri etib tayinladi. U davlat to‘ntarishi paytida Yevropada bo‘lgan Mahamada Uhumudu o‘rnini egalladi.

Mavzuga oid