O‘zbekiston | 22:21 / 10.08.2023
9202
2 daqiqa o‘qiladi

Antikorrupsiya agentligi 1,65 mlrd so‘mlik davlat xaridining bekor qilinishiga erishdi 

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti buyurtmachiligida o‘tkazilgan davlat xaridi jarayonida qonunbuzarliklar aniqlangan. 

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yilgani tufayli, 1,65 mlrd so‘mlik davlat xaridining bekor qilinishiga erishdi. 

Qayd qilinishicha, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti buyurtmachiligida 2023 yil 4 iyul kuni quyosh fotoelektr stansiyasini xarid qilish va o‘rnatish yuzasidan 1 mlrd 650 mln so‘mlik davlat xaridi o‘tkazilgan. 

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan olib borilgan o‘rganishda mazkur davlat xaridida «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonunning 32-moddasi (baholash mezonlari va tartib-taomillariga taalluqli qoidalar), 46-moddasi (davlat xaridlari jarayonidagi cheklovlar) talablari buzilganligi va boshqa qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan. Xususan, ushbu xaridda ishtirokchilarning takliflari xarid qilish hujjatlarida ko‘rsatilgan baholash mezonlari va tartib-taomillariga zid ravishda baholangan. 

Mazkur holatlar bo‘yicha 2023 yil 21 iyul kuni xarid komissiyasining bayonnomasini bekor qilish to‘g‘risida buyurtmachiga taqdimnoma kiritilgan va qonuniy chora ko‘rish uchun to‘plangan hujjatlar Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborilgan. 

Agentlikning taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti tomonidan 24 iyul kuni xarid komissiyasining bayonnomasi bekor qilingan.

Mavzuga oid