Jahon | 08:32 / 11.08.2023
9613
4 daqiqa o‘qiladi

EKOVAS davlatlari Nigerga qarshi harbiy operatsiya o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi

G‘arbiy Afrika davlatlari iqtisodiy hamjamiyati a’zolari Nigerga qo‘shin jo‘natish orqali mamlakatda konstitutsiyaviy tartibni tiklash niyatida. Isyonchilar mamlakatga bostirib kirish kuzatilsa, hokimiyatdan ag‘darilgan prezident o‘ldirilishini aytgan. 

Foto: Picture Alliance

G‘arbiy Afrika mamlakatlari iqtisodiy hamjamiyati (EKOVAS) mintaqaviy tashkilotiga kiruvchi davlatlar Nigerga mamlakatda konstitutsiyaviy tartibni tiklash uchun qo‘shin yuborishga qaror qildi. Bu haqda 10 avgust, payshanba kuni Nigeriya poytaxti Abujada bo‘lib o‘tgan EKOVAS maxsus sammiti yakunlari bo‘yicha berilgan bayonotda aytiladi. Unda qayd etilishicha, hamjamiyatga a’zo davlatlar Nigerda vaziyatni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga chaqirmoqda, shu bilan birga, javob kuchlari kiritilishini e’lon qilmoqda. Harbiy operatsiya vaqti va uning tafsilotlari hozircha aniq emas. Yig‘ilishda kuzatuvchi sifatida Germaniya Tashqi ishlar vazirligining Afrika bo‘yicha vakili Kristof Retslaff ishtirok etdi. Bundan biroz oldin Yevropa Ittifoqi EKOVAS’ning Nigerga nisbatan har qanday harakatini qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildi. 

Sammit oldidan EKOVAS raisi va Nigeriya prezidenti Bola Tinubu «yondashuvimiz asosi sifatida diplomatik muzokaralar va muloqotga ustuvor ahamiyat berish»ni «juda muhim» deb atadi. Maqsad, uning so‘zlariga ko‘ra, «Nigerning yangi hukmdorlarini hokimiyatdan voz kechishga va uni ag‘darilgan prezident Bazumaga qaytarishga ko‘ndirish». Hatto yopiq eshiklar ortida o‘tgan uchrashuvdan keyin ham Tinubu «demokratiya, barqarorlik, tinchlik o‘rnatish va tiklanish uchun» hali imkon bor» dedi. Shu bilan birga, u «kun tartibidan hech qanday variant, jumladan, oxirgi chora sifatida kuch ishlatish ham olib tashlanmaganini» aytdi. 

«Agar biz buni qilmasak, biz uchun buni boshqa hech kim qilmaydi», deb ogohlantirdi Nigeriya prezidenti. Kot-d'Ivuar prezidenti Alassan Uattara EKOVAS kuchlarini yuborish qarori «zudlik bilan» amalga oshirilishiga umid bildirdi. 

Nigerdagi isyonchilar hokimiyatdan ag‘darilgan prezidentni o‘ldirish bilan tahdid qilmoqda 

G‘arbiy Afrika davlatlari iqtisodiy hamjamiyati (EKOVAS) avvalroq Nigerga moliyaviy yordamni to‘xtatib qo‘yganini, shuningdek, isyonchilar, ularning oilalari va isyonchi harbiylar tomonidan tashkil etilgan «institutlarda ishtirok etish»ga rozi bo‘lgan har qanday kishining sayohatiga taqiq qo‘yishi va aktivlarini muzlatishini e’lon qilgan edi. Chegaralar ham yopildi, hamjamiyat mamlakatlari o‘rtasidagi tijorat va moliyaviy operatsiyalar to‘xtatildi. 

26 iyul kuni Nigerda davlat to‘ntarishi sodir bo‘ldi. Prezident gvardiyasi askarlari milliy televideniyeda chiqish qilib, davlat rahbari Muhammad Bazum lavozimidan chetlatilgani, chegaralar yopilgani va komendantlik soati joriy etilganini e’lon qildi. Gvardiya qo‘mondoni general Abdurahmon Tchiani Vatan mudofaasi milliy kengashi rahbari sifatida ko‘rinish berdi. Armiya qo‘mondonligi isyonchilar bilan birdam ekanini e’lon qildi. Hokimiyatdan ag‘darilgan prezident o‘z qarorgohida saqlanmoqda. AR axborot agentligi xabariga ko‘ra, isyonchilar Muhammad Bazum hokimiyatini tiklash uchun mamlakatga qo‘shin kiritilsa, u o‘ldirilishini aytgan. 

Mavzuga oid