O‘zbekiston | 20:14 / 11.08.2023
36095
3 daqiqa o‘qiladi

Qidiruvdagi ikki blogerga nisbatan ayblovlar ma’lum qilindi

Sanjar Ikromov bir, Sherali Komilov esa to‘rt epizodda firibgarlik sodir etganlikda ayblanmoqda. 

Sanjar Ikromov va Sherali Komilov

Ichki ishlar vazirligi blogerlar Sanjar Ikromov va Sherali Komilov qaysi jinoyatlarda ayblanayotgani haqida ma’lumot berdi. Avvalroq, ularning qidiruvga berilgani haqida xabar tarqalgan edi. 

Ma’lum qilinishicha, 1988 yilda tug‘ilgan Sanjar Ikromov 2011 yilda Toshkent shahri, Olmazor tumanida fuqaroga avtomashinalar oldi-sotdisi bilan shug‘ullanishini aytib, bozordan arzon garovga Nexia olib berishni va’da qilgan. Jabrlanuvchidan 20 million so‘m pulni aldov yo‘li bilan olib, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan. Holat yuzasidan 2012 yil 31 mart kuni Olmazor tumani IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi, 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. 

Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, hozir Sanjar Ikromov Turkiyada yashayotgan bo‘lishi mumkin. 

Shuningdek, 1979 yilda tug‘ilgan Komilov Sherali Nabixonovich 2011 yilda Jinoyat kodeksining 165-moddasi, 2022 yilda 168-modda, 3-qismi «b» bandi bilan sudlangan bo‘lsa-da, tuzalish yo‘liga o‘tmagani aytilmoqda. 

U 2021 yilda ayol kishiga o‘zini mustaqil jurnalist va bloger, deb tanishtirib, uning o‘g‘liga nisbatan Koson tumani jinoyat ishlari sudining hukmini ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lon qilib, shov-shuv ko‘tarib, sudning keyingi instansiya qarorlariga ta’sir o‘tkazib, jazoni yengillashtirib berishni va’da qilganlikda, hamda jabrlanuvchidan 5 million so‘m miqdorda pul olib, o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborganlikda ayblanmoqda. 

Bundan tashqari, 2021 yilda Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahrida ayol kishining ishonchiga kirib, sobiq turmush o‘rtog‘idan aliment pulini undirib berishni va’da qilib, jabrlanuvchidan aldov yo‘li bilan 5 million so‘m miqdorida pulini olib, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborganlikda ayblanmoqda. 

Shuningdek, 2021 yilda fuqaroning uy-joy bilan bog‘liq muammoli masalasini hal etib berishni va’da qilib, jabrlanuvchidan 3 million so‘m, so‘ng 300 AQSh dollari miqdorida pullarini aldov yo‘li bilan undirib, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborganlikda ayblanmoqda. 

2022 yilda ijtimoiy tarmoqlar orqali Qarshi shahar 5-son tergov hibsxonasi xodimi M.A. va Qarshi shahar IIB vaqtincha saqlash hibsxonasi xodimi B.B. sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi so‘zlar bilan haqorat qilganlikda ayblanmoqda. 

Qayd qilinishicha, Sherali Komilov Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «b» bandi, 140-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida xavfli retsidivist, deb topilib, tergov organlaridan yashiringani sababli, qidiruv e’lon qilingan.

Mavzuga oid