Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Volvo” premium avtomobili saloni nega aynan Skandinaviya qoramollari terisidan ishlanadi? – “Zakovat”ning yozgi mavsum navbatdagi o‘yinidan reportaj
Qirg‘iz qabilalarining o‘zaro kelishmovchiligiga chek qo‘yish uchun Qo‘qon xoni ularga turli ko‘rinishdagi tamg‘a bergan. Tamg‘alar qay tarzda ishlatilgan? Har kecha cho‘ponlar qiladigan qaysi ish ularning ko‘zini o‘tkirlashtiradi? – “Zakovat” teleo‘yini yozgi mavsumining finalida Otabek Hamzayev jamoasi ishtirok etdi.
Jamoa a’zolari (suratda chapdan o‘ngga):
- Shohzodbek Bektursunov – O‘zMU magistranti;
- Yoqubjon Xolmatov – “Wisdom” xususiy maktab direktori;
- Abdunayim Abdushukurov - tarixchi;
- Otabek Hamzayev - shifokor (jamoa sardori);
- Muhiddin Usmonov – muhandis;
- Alisher Orifjonov – ADU talabasi.




Otabek Hamzayev jamoasi 2023 yilning yozgi mavsum final o‘yinida ishtirok etadi.
Mavsum boshidagi yorqin o‘yini bilan barcha tajribali raqiblarini ortda qoldirgan jamoa finalga qadar yetib keldi. Yosh jamoaning finaldagi o‘yini barcha uchun birday qiziq.
1-raundda hind adabiyoti namunasi bo‘lgan “Hitapadesha” asarida nimaga “barcha ofatlarning boshi”, deya ta’rif berilgani haqidagi savol o‘ynaldi. Jamoa ilk savolda muvaffaqiyatli harakat qilib, raundni o‘z foydasiga hal qildi – 1:0.
2-raundda AQShdagi qahvaxona xodimlari nega tungi navbatchilik vaqtida politsiyachilarga sevimli yeguligi – shirin kulchani yarim bahosiga sotib, qo‘shimchasiga tekinga qahva berishi haqida savol o‘ynaldi. Jamoa muhokama davomida savolning javobiga yetib bora olmadi va hisob tenglashdi– 1:1.
3-raundda xorazmliklar «o‘kinchi» haqida savol o‘ynaldi. Chuqur ma’noli ushbu savolda bilimdonlar savol mantig‘iga yetib bora olmadi. Hisob – 1:2.
4-raundda o‘zbek choyxo‘rlik marosimi va unda zarur bo‘ladigan buyumlar haqida savol o‘ynaldi. Choyxo‘rlik marosimida pichoq nimaga kerak bo‘ladi, degan savolda yana bilimdonlarning omadi yurishmadi. Teletomoshabinlar hisobda ishonchli tarzda oldinga o‘tib oldi. Hisob – 1:3.
5-raund savoli cho‘ponlar haqida bo‘ldi. Har kecha cho‘ponlar qiladigan qaysi ish ularning ko‘zini o‘tkirlashtiradi, degan mazmundagi savol ham bilimdonlarga noqulay keldi. Hisob – 1:4.
Keyingi raund savoli bir yigit o‘z otasini “el chekkan g‘amni daf etuvchi zot” deya ta’riflaganda uning nima ish qilishiga ishora qilgani haqida bo‘ldi. Ushbu savolda jamoa, nihoyat, ikkinchi ochkoni oldi. Hisob – 2:4.
7-raundda Qo‘qon xonligi davridagi qirg‘iz qabilalari haqida savol o‘ynaldi. Qirg‘iz qabilalarining o‘zaro kelishmovchiligiga chek qo‘yish uchun Qo‘qon xoni ularga turli ko‘rinishdagi tamg‘a bergani, bu tamg‘alar qay tarzda ishlatilgani haqidagi savolga jamoa klub yordamidan foydalanish orqali to‘g‘ri javob berdi. Hisob – 3:4.
Keyingi raundda “Volvo” premium avtomobili saloni nega aynan Skandinaviya qoramollari terisidan ishlanishi haqida savol o‘ynaldi. Ushbu savolga jamoa to‘g‘ri javob berib, hisobni tenglashtirdi – 4:4.
9-raundda yana uy hayvonlari haqida savol o‘ynaldi. Shvetsiyaning Lund shahri aholisi nima maqsadda yilda 2-3 marta uy hayvonlari bilan bir necha kunga sayrga chiqib ketadi, degan savol bilimdonlarga qiyinlik qildi. Shu tariqa hisob 4:5 ko‘rinishiga keldi.
10-raundda mashhur yozuvchi Ernest Heminguyey va moxito ichimligi haqida savol o‘ynaldi. Bilimdonlar savolga javob topishga harchand urinmasin, afsuski, ushbu savol finalning so‘nggi savoli bo‘lib qoldi. Final 4:6 hisobi bilan yakunlandi. O‘tgan mavsum finalidagi Jobir Ahmedov jamoasining g‘alabasidan so‘ng bilimdonlar jamoasi yana finalda mag‘lubiyatga uchradi.
Shunday qilib, yozgi mavsum finali teletomoshabinlar foydasiga hal bo‘ldi.
O‘yin stenogrammasi bilan quyida tanishib chiqishingiz mumkin.
1-raund. Savol muallifi: Elyor Abdusamatov, Yashnobod tumani, Toshkent shahri
Boshlovchi: Hind adabiyoti namunasi bo‘lgan "Hitapadesha" asarida unga berilgan ta’rifni eshiting: U ba’zan uyaltirishi mumkin, uyaltirilgan kishi jasoratini yo‘qotishi mumkin, jasoratsiz xo‘rlanadi, xo‘rlangandan hamma yuz o‘giradi, yuz o‘girilgan kishi umidsizlanadi, umidisiz aqldan ayriladi, va nihoyat, aqlini yo‘qotgan halok bo‘ladi. "Hitapadesha"da uni hamma ofatlarning boshi deyilgan.
Diqqat savol: Nima hamma ofatlarning boshi?
Javobni Otabek Hamzayev beradi: Kambag‘allik yokida yo‘qchilik.
To‘g‘ri javob: Adiblarimiz u haqida ko‘p yozishgan. U ayb emas, chunki ilgari to‘q yashagan oila tirikchiligi o‘tmay qolishi unga sababchi bo‘lishini Oybek domla ham aytib o‘tganlar. Ma’no jihatidan unga yaqin so‘zlar ko‘p. Faqirlik, muhtojlik, bechora kabilar.
Hisob: 1 - 0
Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
2-raund. Savol muallifi: Jahongir Qaynarov, Sardoba tumani, Sirdaryo viloyati
Boshlovchi: Tungi navbatchilik vaqtida AQShdagi politsiyachilarning sevimli taomi shirin kulcha(ponchik)lar ekanini filmlar orqali yaxshi bilamiz. Bu kulchalar ixcham, kaloriyali, rulda ham iste’mol qilib ketish qulayligi uchun ham politsiyachilar yoqtirishar ekan. Buning ustiga qahvaxona xodimlari ularga tekin qahva berib, kulchalarni ham yarim bahosiga berisharkan.
Diqqat savol: Nega ularga bunchalik chegirmalar qilishadi?
Javobni Otabek Hamzayev beradi: Politsiyachilar uxlab qolmasligi uchun yarim bahosiga berishsa kerak.
To‘g‘ri javob: Katta yo‘llar bo‘yidagi qahvaxonalarda tunda ishlash xavfli. Agar politsiyachining mashinasi qahvaxona oldida tursa, mijozlar buni ko‘rib bemalol kirib kelaveradi. Eng xavfsiz joy deb bilishadi u yerni. Sotuvchilar shuning uchun politsiyachilarni ko‘proq o‘zlarida ushlab turishni xohlashadi.
Hisob: 1 - 1
Savol muallifi Jahongir Qaynarov 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
3-raund. Savol muallifi: Abdurasul Madrahimov, Oltinko‘l tumani, Andijon
Boshlovchi: Xorazmliklar o‘kinch bilan ular haqida ko‘p gapirishadi. O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjon ularning ko‘nglini ko‘taradigan bir misralar yozganki, bu misralarda Muhammad Xorazmiy, Beruniy, Pahlavon Mahmud, Zamaxshariy, Hofiz Xorazmiylarni tilga olgan.
Diqqat savol: Nima maqsadda bu allomalarni tilga olgan?
Javobni Shohzodbek Bektursunov beradi: Bizning javobimiz: Ularning barchasi Xorazmdan chiqqan mashhur insonlar. Ular aynan Xorazmda tug‘ilib, keyinchalik turli tazyiq va siyosiy sabablar tufayli boshqa davlatlarga ketishga majbur bo‘lishgan yoki olib ketilgan. Va ular shu yerda hayot kechirib, umrlari ham shu yoqda o‘z poyoniga yetgan, qabrlari ham shu yerda joylashgan. Shuning uchun shunaqa o‘kinch bilan eslangan.
To‘g‘ri javob: Bizda tog‘lar yo‘q, deb ular o‘kinch bilan eslashadi. Davlatimiz rahbari Xorazmda bo‘lganida Xorazmni o‘z "tog‘"lari bor deb yuqoridagi allomalarni tilga olganlar.
Hisob: 1 - 2
Savol muallifi Abdurasul Madrahimov 4 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
4-raund. Savol muallifi: Olimjon Karimov, Zangiota tumani, Toshkent viloyati
Boshlovchi: Ekranga e’tiboringizni qarating.

Savol muallifi shunday yozadi: yoshligimda xonadonlarda patnis ustida samovar oldida choynak, piyola, pichoq, bolta turardi. Choyxo‘rlik oldidan albatta shu predmetlarni olib kelib olishardi. Besh-o‘n chog‘lik kishilar choyni qaynatib, damlab issiq-issiq quyib ichishardi. Bolta bilan o‘tin maydalashib, olovni gurullatishardi. Pichoq bilan esa...
Diqqat savol: Yirik o‘zbekcha choyxo‘rlikda pichoqning nima vazifasi bo‘lgan?
Javobni Alisher Orifjonov beradi: 2ta variant bo‘ldi: biri to‘ydan oldin "sabzi to‘g‘rar" degan marosim bor, shunda foydalaniladi; ikkinchisi, balki, Qurbon hayiti bo‘lsa, qo‘y so‘yarmikan deb o‘yladik.
To‘g‘ri javob: Qadimgi o‘zbeklar choyxo‘rlik qilgan paytda katta-katta bo‘lak kallaqand yeyishgan, kallaqandni esa shu pichoqda maydalashgan.
Hisob: 1 - 3
Savol muallifi Olimjon Karimov 6 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
5-raund. Savol muallifi: Jahongirmirzo Abdullayev, Chortoq tumani, Namangan viloyati
Boshlovchi: Tibbiyot xodimlari har yili ikki marta cho‘ponlar orasida tibbiy nazorat o‘tkazib turishadi. 70-80ga chiqqan keksa cho‘ponlarda ham ko‘zlari ravshanligi, tiniqligi okulistlarni doimo hayron qoldirgan. Tekshiruvlar o‘tkazib uning tagiga yetishgan, albatta. Bunga ochiq havo yoki uzoqlarga termilish asosiy sabab deb topilmagan. Bunga ularning har oqshom qiladigan bir ishlari sabab bo‘lgan.
Diqqat savol: Nima ularning ko‘zlarini o‘tkirlashtirib turgan?
Javobni Muhiddin Usmonov beradi: O‘ylashimizcha, ma’lum bir nuqtaga doimiy qarab turish ko‘zga foydali bo‘lsa kerak. Yulduz sanagan deb o‘yladik.
To‘g‘ri javob: Ular qayerda yashashadi, qir-adirlarda. Qir - adirlar esa giyohlar va yantoqlarga to‘la. Cho‘ponlar har oqshom gulxan yoqib atrofida o‘tirishadi. Yantoqning tutuni esa ularning ko‘zini davolayveradi.
Hisob: 1 - 4
Savol muallifi Jahongirmirzo Abdullayev 8 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
6-raund. Savol muallifi: Fazliddin Huseynov, Guliston shahri, Sirdaryo viloyati
Boshlovchi: Abdulla Oripov "Jannatga yo‘l" asarida shunday parcha yozganlar: ota-onasini qidirib yurgan bir yigit yo‘lda bir mo‘ysafidni ko‘rib qoladi. Chol undan kimni qidirayotganini so‘raydi, ota-onamni deydi yigit, shunda chol otang kim bo‘lgan deb savol beradi yigitga. Shunda yigit "el chekkan g‘amni daf etuvchi zot" edi deb javob beradi. Shunda chol yigitni sinash uchun, otang daf qilolmaganlarni men daf qilardim deydi.
Diqqat savol: Siz yigitning otasini va mo‘ysafidning kasbini ayting.
Javobni Yoqubjon Xolmatov beradi: otasi tabib bo‘lgan, xalqni dardiga davo topgan. Agar topolmasa, qolgani go‘rkovning ishi.
To‘g‘ri javob: Javob to‘g‘ri
Hisob: 2 - 4
Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
7-raund. Savol muallifi: Sunnat Aliqulov, Zomin tumani, Jizzax viloyati
Boshlovchi: Qirg‘iziston hududi ham bir paytlar Qo‘qon hududiga qaragan. Qirg‘iz qabilalari o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga keladi. Qo‘qon xoni huzuriga har bir qabilaning elboshilarini chaqirib, har bir elboshiga bittadan tamg‘a beradi. Ayrimlariga oysimon, qilichsimon, yoy shaklidagi. Shundan keyin kelishmovchilik bartaraf etiladi.
Diqqat savol: Kelishmovchiliklar nimadan kelib chiqqan?
Jamoa klub yordamidan foydalanadi.
Javobni Alisher Orifjonov beradi: Kelishmovchilik sababi, ular chorva mollarini ajrata olmagan, seniki-meniki bo‘lib qolgan o‘rtada. Chorva mollariga tamg‘a bosish uchun mana shunday shakldagi tamg‘a bergan va ular o‘z chorvalarini shu tamg‘alardan ajratib olgan.
To‘g‘ri javob: Javob to‘g‘ri
Hisob: 3 - 4
Savol muallifi Sunnat Aliqulov 3 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
8-raund. Savol muallifi: Saidakbar Maqsudov, Toshkent shahri
Boshlovchi: Savol Volvo premium avtomobili saloni haqida. Bu klassdagi avtomobil saloni tabiiy qoramol terisidan bezatiladi. Qoramollar ham tanlanadi. Birinchidan, salon ichiga faqat erkak qoramol terisi uriladi. Urg‘ochi qoramol terisi kengayib, torayib deformatsiyaga uchraydi va mustahkamligini yo‘qotarkan.
Diqqat savol: Ikkinchi majburiy talab borki, unga ko‘ra, qoramollar Skandinaviyadan bo‘lishi kerak. Nega?
Javobni Abdunayim Abdushukurov beradi. Skandinaviya mamlakatlarida har xil hasharotlar buqani chaqmaydi, ya’ni teriga zarar yetmaydi. Hasharotlarning yo‘qligi sababi esa sovuq bo‘lgani uchun yashashi qiyin.
To‘g‘ri javob: Issiq davlatlardagi qoramollar terisida mayda-mayda teshiklar bo‘ladi. Bu u yerda ularni so‘nalar va kanalar chaqishidan hosil bo‘ladi. Skandinaviyada esa ular yo‘q.
Hisob: 4 - 4
Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
9-raund. Savol muallifi: Gulmurod Eshonqulov, Bishkent, Qashqadaryo viloyati
Boshlovchi: Shvetsiyaning Lund shahri aholisi boshqa shahar aholisidan ko‘ngilchanroq ekan. Ular yilda 2-3 marta uydagi jonzotlari bilan sayrga chiqib ketisharkan.
Diqqat savol: Nima maqsadda chiqishadi?
Javobni Muhiddin Usmonov beradi: Ko‘ngilchan xalq deyildi, balki uy hayvonlariga rahmi kelgandir. O‘sha sayrda yurgan vaqtda mabodo egasidan bezib ketgan bo‘lsa, qochib ketsa uy hayvoni uni erkinlikka ketishiga ruxsat berish uchun yilda 2-3 marta sayrga chiqib kelgandir.
To‘g‘ri javob: Ular juda ko‘ngli bo‘sh odam, ya’ni rahmdil. Ayniqsa, ular uydagi jonzotlarni yaxshi ko‘rishadi. Ular jonzotlarning hurkishini, qo‘rqishini xohlashmaydi. Ular qo‘rqmasin deb bayramlarda shahar tashqarisiga olib ketishadi. Kempinglarga olib borib, o‘sha yerda bayramlarni birga nishonlab qaytishadi. Har yili bayramlarda bo‘ladigan mushakbozliklardan ularni himoya qilishadi.
Hisob: 4 - 5
Savol muallifi Gulmurod Eshonqulov 10 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
10-raund. Savol muallifi: Zarifa Ahmedova, Jizzax shahri
Boshlovchi: Gavanadagi La de Bodeguita del Medio tamaddixonasida Ernest Heminguyey dastxati qo‘yilgan yozuv bor. Unda shu tamaddixonada moxito ichimligi zo‘r tayyorlanadi, mening eng sevimli ichimligim deb yozib qo‘yilgan.
Diqqat savol: Ular qayerdan bu fikrga kelishgan? Nega uning bu fikrini bu yerga ilib qo‘yishgan? Agar Heminguyeyning o‘zi bo‘lganda bu fikrni inkor qilgan bo‘lardi.
Javobni Alisher Orifjonov beradi: Balki Heminguyey umuman moxito ichimligini ichib ko‘rmagandir yoki moxito ichimligi umuman eshitmagandir. Balki uni davridan keyin chiqqandir moxito ichimligi.
To‘g‘ri javob: Sezgan bo‘lsangiz, bu reklama sloganiga o‘xshagan narsa. U yerda Heminguyey bo‘lgan deb, dastxati bilan katta qilib devorga yopishtirib qo‘yishgan. Odamlar ko‘rib, "O, Ernest Heminguyey kelgan ekan" deyishi uchun. Ammo Heminguyey bo‘lganida yoki uni yaxshi biladigan insonlar bo‘lganida buni yaxshigina inkor qilishardi. Chunki moxito ichimligiga shakar solinadi, shirin ichimlik u. Heminguyey esa qand kasali bilan kasallangan edi.
Hisob: 4 - 6
Savol muallifi Zarifa Ahmedova 12 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Eng yaxshi savol muallifi - Abdurasul Madrahimov, Xorazm "tog‘lari" haqidagi savol bilan.
Abdurasul Madrahimov 50 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
O‘yinning to‘liq videosini ushbu havolada tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
19:38 / 06.08.2024
“Zakovat” Osiyo kubogida O‘zbekiston jamoasi g‘alaba qozondi
10:04 / 06.08.2024
Saida Mirziyoyeva: “Jadidlar ham, Alash harakati ham xalqni ozod qilishga intilgan”
22:57 / 05.08.2024
“O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar – butun dunyoga namuna” - Saida Mirziyoyeva
17:39 / 05.08.2024