Jahon | 08:43 / 12.08.2023
6405
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Adliya vazirligi Baydenning o‘g‘li ishi bo‘yicha maxsus prokurorni tayinladi

Xanter Bayden ishi bo‘yicha prokuror vakolatlarining kengayishi prezident o‘g‘lining adliya tizimi bilan kelishuvi barbod bo‘lganidan keyin sodir bo‘ldi.

Xanter Bayden / Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Jo Baydenning o‘g‘li - Xanterga nisbatan tergov olib borayotgan prokuror Devid Vays maxsus prokuror maqomini oldi, deya xabar berdi 11 avgust, juma kuni adliya vaziri Merrik Garland.

«Shu haftaning seshanba kuni janob Vays menga, uning fikricha, tergovni maxsus prokuror sifatida davom ettirishi kerak bo‘lgan bosqichga yetganini ma’lum qildi. U o‘ziga shunday maqom tayinlanishni so‘radi. Uning iltimosini ko‘rib chiqib, shuningdek, ushbu ish bilan bog‘liq istisno holatlarni hisobga olgan holda, men uni maxsus prokuror etib tayinlash jamiyat manfaatlariga mos degan xulosaga keldim», - deya Garlandning so‘zlarini keltiradi CNN. 

Bu tayinlov Vaysga oddiy prokurorga qaraganda ko‘proq vakolat va Adliya vazirligidan ko‘proq mustaqillik beradi, deya qayd etadi CNN. «Janob Vaysga tergovni davom ettirishga, o‘zi xohlagan tergov harakatlarini amalga oshirishga va istalgan okrugda jinoiy ish qo‘zg‘atishga qaror qilishga ruxsat beriladi», dedi Garland. Telekanal manbalariga ko‘ra, Oq uy Vays maqomi oshirilishi haqida oldindan bilmagan. 

Xanter Baydenning aybini tan olish bo‘yicha kelishuv muvaffaqiyatsizlikka uchradi

Xanter Baydenga qarshi tergov 2018 yildan beri davom etmoqda, o‘shanda u Colt Cobra 38 revolveriga noqonuniy egalik qilgani va bu faktni yashirib, giyohvand moddalar iste’mol qilgani ma’lum bo‘lgan. Bundan tashqari, amaldagi prezidentning o‘g‘li 100 ming dollardan ortiq soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikda gumon qilingan. 

2023 yilda Bayden soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash va noqonuniy qurol saqlash bo‘yicha aybini tan olishga rozi bo‘ldi. Sudgacha bo‘lgan kelishuv unga haqiqiy jazo muddatidan qutulishga yordam berishi kerak edi. Iyul oyida okrug sudi sudyasi Meriellen Noreyka uni imzolashdan bosh tortgani sababli, tergov bilan kelishuv buzilgani ma’lum bo‘ldi. Sud unda «nostandart shartlar» mavjud va Baydenga tergov davom etayotgan epizodlarda immunitet berishi mumkin, deb hisobladi. Kelishuv buzilganidan keyin Bayden aybini tan olishdan bosh tortdi. 

Vays maxsus prokuror lavozimiga ko‘tarilganidan so‘ng, tomonlar yangi kelishuv bo‘yicha kelisha olmaganini va endi Xanter Bayden taqdiri katta ehtimol bilan jinoiy sudda hal qilinishini ma’lum qildi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid