Jahon | 10:03 / 12.08.2023
15322
3 daqiqa o‘qiladi

Pekin MRB josusi fosh etilgani haqida ma’lum qildi

52 yoshli Tszen familiyali Xitoy fuqarosi o‘z mamlakati rasmiylari tomonidan Amerika Qo‘shma Shtatlari razvedkasi foydasiga josuslik qilgani uchun sudlandi.

Foto: Getty Images

Xitoy rasmiylari MRB foydasiga josuslik qilish bo‘yicha ish fosh etilganini bildirdi. XXR Davlat xavfsizlik vazirligining 11 avgust, juma kuni vazirlik saytida e’lon qilingan bayonotiga ko‘ra, 52 yoshli Tszen familiyali Xitoy fuqarosi AQSh razvedkasi uchun josuslik qilganlikda ayblangan

Vazirlik fuqaroga nisbatan qo‘llanilgan jazo haqida batafsil ma’lumot bermagan, faqat «zararni o‘z vaqtida bartaraf etish maqsadida unga nisbatan qo‘llanilgan majburlov choralari»ni tilga olgan. O‘z bayonotida vazirlik o‘tgan oy qabul qilingan kengaytirilgan aksilrazvedka to‘g‘risidagi qonunni keltirib o‘tadi, u rasmiylarga milliy xavfsizlikka tahdid deb hisoblagan har qanday faoliyatni bostirish uchun misli ko‘rilmagan vakolatlar beradi. 

Xitoyning aksilrazvedka to‘g‘risidagi qonuniga ko‘ra, «milliy xavfsizlik va milliy manfaatlarga taalluqli hujjatlar, ma’lumotlar, materiallar va ashyolarni» ruxsatsiz olish josuslik sifatida baholanishi mumkin. 

XXR hukumati versiyasi
 
Vazirlik bayonotiga ko‘ra, Tszen Italiyaga o‘qish uchun yuborilgan va u yerda AQShning Rimdagi elchixonasida ishlagan MRB agenti bilan do‘stlashib qolgan. U Tszenni Xitoy qurolli kuchlari haqida «maxfiy ma’lumot» berishga ko‘ndirgan. Buning evaziga unga «katta pul» va oilasi bilan AQShga ko‘chib o‘tishda yordam va’da qilingan. 

Tszen go‘yoki Amerika tomoni bilan shartnoma imzolagan va Xitoyga qaytishdan oldin mamlakat foydasiga josuslik qilishga o‘rgatilgan. Bu ish Xitoyda darhol katta e’tiborni tortdi: ertalab u Weibo platformasida eng ko‘p tashrif buyurilgan mavzular ro‘yxatida birinchi o‘rinni egalladi. 

AQSh-Xitoy munosabatlari yomonlashishda davom etmoqda

AQSh Milliy aksilrazvedka xizmati (NCSC) qonun matnidagi josuslikning noaniq ta’riflari Pekinga «Amerika kompaniyalarining Xitoydagi ma’lumotlariga kirish va nazorat qilish uchun kengaytirilgan huquqiy asos» berishi haqida ogohlantirdi. Xitoy hukumati faoliyatni josuslik deb hisoblasa, Xitoydagi AQSh kompaniyalari va AQSh fuqarolari «an’anaviy tadbirkorlik» uchun ham jinoiy javobgarlikka tortilish xavfi bor, deya tushuntirdi NCSC. 

9 avgust kuni AQSh prezidenti Jo Bayden Xitoyning texnologiya sanoatiga sarmoya kiritishni cheklovchi farmonni imzoladi. Oq uyga ko‘ra, bu qaror AQSh milliy xavfsizlik manfaatlaridan kelib chiqqan. 

Mavzuga oid