O‘zbekiston | 17:49 / 14.08.2023
12895
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi sut sotuvi boshlandi

Koronavirusga qarshi immun sut mahsulotlarini Nukusdagi “Panaev Farms” chorvachilik korxonasi ishlab chiqaryapti. Virusga qarshi sut loyihasi 2021 yilda boshlangan. Bunda o‘zbek olimlari ilk marta chorva mollarini bo‘g‘ozlik davrida koronavirusga qarshi emlash orqali ularning og‘iz sutida virusga qarshi tanachalar maksimal darajada bo‘lishini aniqlagandi.

Foto: Panaev Farms

Koronavirusga qarshi immun sut mahsulotlarini ishlab chiqarishni ilk marta Nukus shahridagi “Panaev Farms” chorvachilik korxonasi yo‘lga qo‘ydi va koronavirusga qarshi immunli sut mahsulotlari sotuvi boshlandi. Bu haqda Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi Kun.uz’ga ma’lum qildi.

2021 yilda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi (hozirgi Innovatsion rivojlanish agentligi) huzuridagi Xalqaro molekulyar allergologiya markazi Avstriyaning Vena tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda SARS-CoV-2 virusiga qarshi immun sutini olish loyihasini boshlangandi.

2022 yilda Xalqaro molekulyar allergologiya markazining Biotexnologiyalar va komparativ tibbiyot sohasidagi olimlari ZF-UZ-VAC2001 O‘zbekiston-Xitoy vaksinasi bilan emlangan sigirlarning immun sutidan tajriba namunalari olishgan. Bunda nasldor sigirlar hamda Avstriya va Germaniyadan olib kelingan Golshtin zotli sigirlar xavfsiz va samarali bo‘lgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining 3 dozasi bilan bo‘g‘ozlik davrida to‘liq emlangan. Olimlar emlangan sigirlarning og‘iz sutida SARS-CoV-2 virusiga qarshi tanachalar maksimal darajada bo‘lishini aniqlashgandi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zR davlat standartlariga rioya etgan holda uzoq muddatli pasterizatsiya jarayoni sutning barcha xususiyatlarini, jumladan, antitanachalarning neytrallashtiruvchi faolligini saqlab qolgan.

Mavzuga oid