Sport | 13:18 / 14.08.2023
40610
21 daqiqa o‘qiladi

Saloh Kloppdan ranjidi, «Barsa» o‘yinida qirpichoq. Kun o‘yinlari

«Barsa» o‘yini 125 daqiqa davom etdi, 10 ta sariq kartochka va 3 ta qizil ko‘rsatildi, o‘yin oxirida penalti berilmadi. Yakshanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar.

«Chelsi» va «Liverpul» jamoalari o‘rtasida qatorasiga yettinchi rasmiy uchrashuvda durang qayd etildi

«Chelsi» – «Liverpul» 1:1
Gollar
: 0:1 – 18 Dias, 1:1 – 37 Disasi.
Chelsi – Sanches, Jyeyms (Gyusto, 76), Tiago Silva, Disasi, Koluill, Chiluell (Ugoshukvu, 90), Gallaher, Fernandes, Chukvuemeka (Matsen, 81), Sterling (Mudrik, 81), Jyekson.
Liverpul – Alisson, Aleksander-Arnold, van Deyk, Konate, Roberson, Soboslai, Mak Allister, Saloh (Elliott, 77), Diogu Jota (Nunes, 66), Dias (Douk, 77), Gakpo (Jons, 66).
Ogohlantirishlar: Chukvuemeka (4), Fernandes (32), Diogu Jota (32), Aleksander-Arnold (68), Jyekson (85), Mak Allister (89).

O‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra Chempionlar ligasiga yo‘llanma ololmagan «Liverpul» va 12-o‘rinni egallab yevrokuboklarsiz qolgan «Chelsi» yangi mavsumning birinchi turida to‘qnashdi. Lekin mavjud muammolariga qaramay ko‘klar va qizillarning o‘zaro o‘yini tur o‘yini maqomida bo‘lib qolaveradi. Ayniqsa yangi mavsum boshida, hali kim nimaga da’vogar ekani mavhum bo‘lib turgan pallada. Hali umidlar tirik, londonlik va mersisaydlik muxlislar o‘z jamoalari hech bo‘lmaganda top-4 uchun kurashishini kutishmoqda.

Qolaversa, qayta qurish jarayonida murabbiylar o‘yinni qanday qurmoqchi bo‘layotganini kuzatish ham qiziq. Yurgen Kloppning holati nisbatan osonroq va tushunarliroq, yagona yangilik niderlandiyalik hujumchi Gakpo jamoaning yangi futbolchilari Soboslai va Mak Allister bilan birgalikda yarimhimoyachilar uchligini (markazda) tashkil qilgani bo‘ldi. PSVda undan hujumning chap qanotida foydalanishgan, Lui van Gaal esa Qatardagi jahon chempionatida uni markaziy hujumchi sifatida o‘ynatgandi, shunday ekan, uni o‘rta chiziqda ham sinab ko‘rish mumkin edi. Texnika, jismoniy ko‘rsatkichlar, o‘yinni tushunish — unda barchasi mujassam.

Va aytish kerakki, butkul yangilangan yarimhimoyachilari uchligi ilk daqiqalardan o‘yin nazoratini qo‘lga oldi, oldinda esa Saloh ko‘p ishni o‘z zimmasiga oldi. Misrlik futbolchi avvaliga asosiy ishchi oyog‘i bo‘lmagan o‘ng oyog‘i bilan zarba yo‘llab, to‘pni to‘singa tekkizdi. Keyin esa ideal pas orqali «Chelsi» himoyachilari uchligini dog‘da qoldirib, Dias hisobni ochishini ta’minladi, shu bilan birga APLdagi golli paslari sonini 60 taga yetkazib qo‘ydi.

Ko‘p o‘tmay uning o‘zi ham gol urdi, ammo VAR xonasidagilar kichik ofsayd qayd etishdi.

Bu fonda esa mezbonlarning o‘yini ancha nursiz ko‘rinardi. Himoyada xatolarga yo‘l qo‘yildi, o‘rta chiziqda sustkashlik qilindi, hujumda ham hech narsa o‘ylab topa olishmadi. Ammo videotakrorni ko‘rib chiqish chog‘ida yuzaga kelgan kichik tanaffus ko‘klarning foydasiga xizmat qildi va o‘yin deyarli 180 darajaga o‘zgardi. «Chelsi» burchak zarbasidan maksimum natija chiqarib oldi, Fransiya chempionatida standart vaziyatlarda raqiblarga dahshat solib kelgan Disasi esa «Monako»ga transferi uchun to‘langan 45 million yevroni oqlashni boshladi.

Davomiga Jyekson bir necha metr masofadan turib yo‘llagan zarbasi xato ketgani va mikroskopik ofsayd tufayli Chiluellning ham goli bekor qilingani qo‘shilsa, aytish mumkinki, birinchi bo‘limning ikkinchi qismi Maurisio Pochettino ssenariysi bo‘yicha kechdi. Umuman olganda voqealarga boy o‘tgan 51 daqiqalik (hakam birinchi bo‘limga olti daqiqa qo‘shib berdi)dan keyin «Chelsi» va «Liverpul» o‘tgan yil yanvaridan buyon to‘rt o‘yin davomida bir-biriga gol ura olmaganiga ishonish qiyin — o‘tgan yili Angliya ligasi kubogi va Angliya Kubogi finallarida (har ikki finalda mersisaydliklar penaltilar seriyasida ustun kelishgan), shuningdek chempionatdagi o‘zaro uchrashuvlarda hisob ochilmay qolgandi.

Ikkinchi bo‘lim birinchisi kabi shiddatli kechmadi, lekin o‘yinning qolgan qismi ham qiziqarli edi, tashabbus qo‘ldan qo‘lga o‘tib turdi. «Liverpul» tetikroq boshladi, tarkibda Dias alohida ajralib turdi. Mezbonlarda esa Enso Fernandesning aqlli o‘yini yaxshi taassurot qoldirdi, «Chelsi» o‘yini uning atrofiga qurilayotgani ko‘zga tashlanib turibdi. Va albatta Chiluell eng yaxshi o‘yinlaridan birini o‘tkazdi. Jyeyms kichik jarohat tufayli almashtirilgach, sardorlik bog‘ichini olgan ushbu himoyachi sheriklariga assistlar berib ham, hujumlarni yakunlashda ham faollik ko‘rsatdi, ammo Alissonni dog‘da qoldira olmadi.

Vaziyatlardan birida Diasning bosh bilan bergan zarbasidan keyin to‘p Nikolas Jyeksonning qo‘liga tegdi. Hujumchining qo‘li ko‘krak sohasida edi, «Liverpul» futbolchilari esa penalti talab qilishdi. VAR hakami o‘yinni davom ettirish mumkinligini bildirgan bosh arbitrning qaroriga qo‘shildi.

Umuman olganda, ikkinchi bo‘lim tez-tez bo‘linib turdi. Murabbiylar taktik shaxmat o‘ynashga kirishdi va jangga zaxira kuchlarni tashladi. Klopp hujum markaziga Nunesni yubordi, markazni Jons bilan yangiladi, keyin esa 77-daqiqada hujum qanotlarini almashtirdi. Maydondan erta olinishidan noroziligini ochiqchasiga ifoda etgan va qo‘lidagi plastirlarini yechib duch kelgan tomonga itqitgan, Kloppga qo‘l berishni ham istamay, zaxira o‘rindig‘ida norozi qiyofada o‘tirgan Saloh o‘rniga Elliott tushdi, Dias o‘rnini esa 17 yoshli shotland Doaku egalladi.

Misrlik hujumchining bu qadar darg‘azab bo‘lishi bejiz emas, u shu kuni gol urganida, APLning 1-tur o‘yinlarida eng ko‘p gol urgan birinchi futbolchiga aylanishi mumkin edi.

Bu almashtirishlar qizillar o‘yinini kuchaytirmay qolmadi, ammo Nunes imkoniyatlardan foydalana olmadi. 88-daqiqada «Liverpul» g‘alaba golini urishi mumkin edi, «Chelsi»ning yangi darvozaboni Robert Sanches maydon markazi bo‘ylab yerlatib raqibga pas berib qo‘ydi. Ammo Nunes to‘pni o‘ziga yaxshi bo‘ysundira olmadi va vaziyatni yo‘qqa chiqardi. Londonliklarning birinchi raqamli darvozaboni Kepa bu o‘yin zayavkasiga kiritilmagandi, u Madridning «Real» klubiga yo‘l olishi kutilmoqda.

Ko‘klarga esa qo‘shimcha vaqtlarda Mudrikning tezligi yordam berishi mumkin edi, ammo uning maydon chizig‘idan Jyeksonga bergan pasini himoyachi to‘sishga ulgurdi. 

Bu jamoalarning bunday o‘yindagi qatorasiga yettinchi durangi — adolatli hisob bo‘ldi. «Stemford Brij»dagi o‘yinning o‘zidan xulosa chiqarish qiyin. «Chelsi» va «Liverpul»o‘sish uchun imkoniyatlari borligini namoyish etdi, ammo ikki jamoa ham hozircha xomroq ko‘rinmoqda. Uzoq mavsum davomida keskin o‘zgarishlar kuzatilishi va jamoalar Chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi to‘rtlikdagi o‘rinlar uchun kurashishi mumkin. Ammo ayni vaqtda o‘yinini bir tizimga qo‘yib olgan «Man Siti» va «Arsenal»ga raqobat ko‘rsatish oson bo‘lmaydi.

Keyingi turda «Liverpul» «Bornmut»ni qabul qiladi, «Chelsi» yana Londonda o‘ynaydi, ammo «Vest Hem» stadionida.

O‘yin vaqtlari cho‘zilgandan cho‘zilmoqda

«Brentford» – «Tottenhem» 2:2
Gollar:
0:1 – 11 Romero, 1:1 – 26, penalti Mbemo, 2:1 – 36 Vissa, 2:2 – 45+4 Emerson.
Brentford – Flekken, Xiki (Roerslev, 72), Ayyer (Yorgensen, 84), Pinnok, Kollinz, Genri, Nergor (Baptist, 72), Yyensen (Damsgor, 49), Yanelt, Vissa (Shade, 72), Mbemo.
Tottenhem – Vikario, Emerson, Romero (Sanches, 14), van de Ven, Udodji, Meddison, Bissuma, Kulusevski, Skipp (Sarr, 75), Son Hyon Min (Perishich, 75), Risharlison.
Ogohlantirishlar: Vikario (26), Sanches (35), Meddison (36), Skipp (44), Xiki (62).

«Brentford» va «Tottenhem» uchrashuvi birinchi bo‘limgayoq 11 daqiqa qo‘shib berilishi bilan yodda qoldi. Bu mavsum avvalida hakamlarga har bir to‘xtalishni qayd etish va barcha vaqtni kompensatsiya qilib berish bo‘yicha tavsiya bilan bog‘liq. Bungacha «Byornli» va «Manchester Siti» jamoalari uchrashuviga jami 11 daqiqa (5+6), «Arsenal» va «Nottinghem Forest» o‘yiniga 10 daqiqa (3+7), «Nyukasl» va «Aston Villa» o‘yiniga 15 daqiqa (10+5) qo‘shib berilgandi.

Dastlabki 45 daqiqalikda jamoalar jami uch gol urishdi, hakam VAR monitoringiga ikki bor bordi, hisobni ochgan Romeroni almashtirishga to‘g‘ri keldi, qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Emerson hisobni tenglashtirdi. Golsiz o‘tgan ikkinchi bo‘limga esa faqat to‘rt daqiqa qo‘shildi.

Shu tariqa, yangilangan «Tottenhem» Postekoglu boshqaruvidagi ilk o‘yinida bir ochko bilan kifoyalandi.

Jamoada yetakchilar butkul o‘zgargan, gap faqat Harri Keyn ketganida emas. Jamoa sardorligini olgan Son hozircha tarkibdagi eng ortiqcha futbolchi bo‘lib ko‘rinmoqda. Uning qarshi hujumlarda qo‘l keladigan fazilatlari bosh murabbiy tanlayotgan taktikaga umuman mos emas. Qolaversa, u himoyaga yordam berishga urinib, penaltiga sababchi bo‘ldi.

O‘tgan mavsumda jamoa yetakchilaridan biri bo‘lgan Deyan Kulusevski yon chiziqqa yopishtirilgan, u Son bilan birga qanot hujumchi vazifasini bajarishi kerak. O‘tgan mavsumda esa u qanotdan markazga siljib, hujumlarga rangbaranglik taqdim etardi, ammo endi unga ortdan ko‘maklashuvchi futbolchi yo‘q. 

Bu tarkibda Jyeyms Meddison, Iv Bissuma va Emerson – asosiy yetakchilar bo‘lib ko‘rinmoqda. Meddison «shporlar» tarkibidagi eng kuchli hujumkor futbolchi va ikki gol ham uning sa’y-harakatlari bilan amalga oshdi. Zarba berish uchun berilgan paslar bo‘yicha yaqqol yetakchilik qildi, standartlarni amalga oshirdi va dadillik bilan yakkakurashlarga kirishdi, hozircha jamoada buncha ishni o‘z zimmasiga oladigan boshqa futbolchi yo‘q.

«Barsa» o‘yini 125 daqiqa davom etdi, 10 ta sariq kartochka va 3 ta qizil ko‘rsatildi, o‘yin oxirida penalti berilmadi

Xetafe – Barselona 0:0
Xetafe – Soriya, Iglesias, Suares, Mitrovich (Portu, 46), Duarte, Alvares, Jyene, Maksimovich, Alenya (Losano, 65), Latasa (Mayoral, 64), Mata.
Barselona – ter Stegen, Arauxo, Kristensen (Ezzalzuli, 46), Kunde, Balde, Gundo‘g‘an (Gavi, 79), Romeu (Yamal, 76), de Yong, Pedri (Fati, 79), Rafinya, Levandovski.
Ogohlantirishlar: Mitrovich (15), Mata (31), Rafinya (38), Alenya (38), Suares (82), Losano (84), Jyene (90), Gavi (90).
Chetlatishlar: Rafinya (42), Mata (57), Xavi (70).

«Barselona» «Real»dan farqli o‘laroq la liganing 1-turida g‘alaba qozona olmadi. «Xetafe» bilan jangovar ruhda kechgan uchrashuvda hisob ochilmay qoldi.

«Barselona»ning yozgi transferlar oynasidagi uch yangi futbolchisidan ikki nafari boshlang‘ich tarkibdan o‘rin oldi – yarimhimoyachilar Gundo‘g‘an va Romeu. Jarohatlangan himoyachi Inigo Martines esa hozircha o‘yin qaydnomasidan ham o‘rin olmadi. Shu bilan birga, klub 1-tur arafasida ham barchaga ma’lum sababga ko‘ra yana ikki futbolchisi – ikkinchi darvozabon Penya va himoyachi Alonsoni zayavkaga kirita olmagan.

«Barselona» o‘yinning qariyb 80 foiz vaqtida to‘pga egalik qildi, shu tufayli Xavi jamoasi futbolchilari himoyalanishda emas, hujumlar vaqtida qanday joylashuvini kuzatish qiziqarli edi (holbuki odatga ko‘ra sxemaga baho berishda himoyachilar joylashuviga asoslaniladi). Amaldagi chempionlar hujumga o‘tilganida orqa chiziqda uch himoyachini qoldirdi: o‘ng qanot himoyachisi Arauxo markaziy himoyachilar Kunde va Kristensen bilan birga. O‘ng qanot vingeri Rafinya va chap qanot himoyachisi Balde keng qanot bo‘ylab harakatlandi. «Barsa» markazi Romeu – Gundo‘g‘an – de Yong – Pedri kvarteti bilan zichlashtirildi. Bel sohasidagi muammolar tufayli hali optimal formasiga qaytmagan Gavi zaxirada qoldi.

«Xetafe» uch qatorli mudofaa tashkil etdi, bunda so‘nggi liniya besh-olti futbolchidan iborat bo‘ldi. Maydon egalari o‘yinni yakkakurashlar, qo‘pol follar va provokatsiyalar bilan olib borishdi. Xose Bordalasa jamoasi hujumda asosan markaziy forvard Latasaga uzun uzatmalar uzatishga tayandi. Va bu ish berib, jamoa hisobni ochishi ham mumkin edi: Latasa jarima maydoni ichida Kundega urilib yiqildi. Epizod bahsli edi, ammo katta ehtimol bilan bosh hakam penalti bermasdan to‘g‘ri qaror chiqardi: yaqqol fol yo‘q edi.

Mezbonlar o‘yin boshidanoq qo‘pol futbol namoyish etdi, 15-daqiqada Stefan Mitrovich Rafinyaga tashlandi – sariq.

Shu epizodning o‘zida Domingush Duarte Levandovskining yuziga zarba berdi. Arbitr Sesar Soto Grado futbolchini kechirdi.

Yana o‘n daqiqa o‘tib Damian Suares tirsak bilan Gundo‘g‘anning ko‘krak qafasiga zarba berdi.

Qo‘rqinchli ko‘rinadi, ammo Ilkay o‘ynashda davom etdi.

Raqib oyoqqa yopishib olganiga qaramay, «Barselona» qator golli vaziyatlar yaratdi. Romeu yurish amalga oshirib yo‘llagan zarba darvoza to‘sinidan bir necha santimetr yuqoridan o‘tib ketdi, Kundening uzun pasiga yetib borgan Rafinyaning zarbasi avvaliga himoyachiga, keyin ustunga tegdi. Ko‘k-anorranglilar tanaffusga qadar gol urishga yaqin edi, ammo bo‘lim oxirida Rafinya kataloniyaliklarni qiyin ahvolda qoldirdi. Maydon egalari baribir «Barsa» futbolchisining sabrini to‘ldirishdi: braziliyalik hujumchi pozitsiya uchun kurashda tirsak bilan Alvaresning yuziga zarba berdi – bu yuz foizlik chetlatish edi.

Bu «Barselona» futbolchilari Xavi boshqaruvi davrida olgan 10-kartochka bo‘ldi – bu vaqt oralig‘ida faqat «Betis» (19), «Xetafe» (14) va «Atletiko» (13) jamoalarida yuqoriroq ko‘rsatkich qayd etilgan.

Qirpichoq davom etdi, tanaffusda Mitrovich maydonni qo‘ltiqtayoqda tark etdi, Ronald Arauxo esa atrofda bo‘layotgan voqealardan shunchalik gangib qolgandiki, vaziyatlardan birida to‘pni shunchaki qo‘l bilan tutib oldi.

Bu holat uchun sariq ko‘rsatish kerak edi, ammo urugvaylik himoyachi maydon tashqarisidaman deb o‘ylaganini aytdi va hakam uni kechirdi.

Birinchi bo‘limga 10 daqiqa qo‘shib berildi. Bo‘lim 0:0 hisobida tugadi – va ikki jamoa jami 14 fol amalga oshirdi.

«Barselona» bir kishi kam bo‘lib qolishi, tabiiyki, o‘yin kartinasini o‘zgartirdi. «Xetafe» endi g‘alaba haqida o‘ylay boshladi va Bordalas hujum guruhidagi futbolchilar sonini oshirdi. Xavi esa himoyachi Kristensen o‘rniga vinger Abdeni tushirdi, de Yong mudofaa markaziga o‘tdi. O‘yin sur’ati yuqori pasaydi va o‘yin yarmida bu ikki jamoani ham qoniqtirardi. Ammo 58-daqiqada Mata ikkinchi sariq kartochkani olib, mezbonlarni uyaltirib qo‘ydi. Ushbu havbek Arauxoga nisbatan ehtiyotsiz harakat qildi. Bu majburiy fol emasdi, ammo, aftidan, Mata hali vaziyatga moslashmagandi – o‘yin oldidan mezbon futbolchilarga «Barsa» vakillarini nima qilib bo‘lsa ham to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma berilgandi.

Va bu «Koliseum Alfonso Peres» stadionidagi so‘nggi chetlatish bo‘lmadi. Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida Xavi ham qizil kartochka oldi. U ikkinchi bo‘limda maydonga tushirgan Abde o‘yinga yaxshi kirishib ketdi: «Barselona» futbolchilari uning tezkorligidan foydalanish uchun to‘pni ko‘proq u harakatlangan chap qanot bo‘ylab yetkazib berib turdi. Ammo marokashlik futbolchi yakkakurashlarni boy berdi va yakunda aniq pas yoki zarba bera olmadi. Abde yana bir yakkakurashda muvozanatni saqlab qola olmasdan yiqilganida «Barsa» murabbiyi folni qayd etib, raqib himoyachisiga qizil kartochka ko‘rsatishni jo‘shqinlik bilan talab qildi, ammo uning o‘zi tribunalar ortiga yo‘l olishga majbur bo‘ldi.

10 ga 10 holatida Ispaniya chempionlari ko‘proq kenglikka ega bo‘lishdi va «Xetafe»ni taslim qilishi kerak edi. Ammo buni qila oladigan futbolchi topilmadi. Levandovskiy formada emasligi ko‘rinib qoldi, polyak hujumchisi o‘yin davomida atigi ikki bor zarba berdi. «Barsa»ning o‘yin oxiridagi quroli 16 yoshli Yamal bo‘ldi – u «yangi Messi» otryadi vakillaridan yana biri. Ushbu o‘smir Fatiga ajoyib pas uzatib, golli vaziyat yaratdi, ammo Ansu uchun darvoza hajmi kichiklik qildi (butun o‘yin davomida kataloniyaliklarning atigi to‘rt zarbasi darvoza sohasiga to‘g‘ri bordi). 90+10-daqiqada esa o‘yinning eng bahsli vaziyati yuzaga keldi.

101-daqiqada jarima maydoni ichida Gorka River Arauxoning oyog‘iga tepdi, ammo hakam videotakrordan keyin penalti qo‘ymaslikka qaror qildi. U Gavi urugvaylik jamoadoshiga qo‘li bilan pas bergan deb hisobladi, holbuki videoda to‘p uning ko‘kragidan borgani ko‘rinib turgandi.

Bu epizodni Ispaniyada hali yana muhokama qilishadi.

Ikkinchi bo‘limga rasman 9 daqiqa qo‘shildi, ammo qo‘shilgan vaqtdagi to‘xtalishlar hisobiga o‘yin 105-daqiqaga borib to‘xtadi, shu tariqa, o‘yin birinchi bo‘limda qo‘shilgan 10 daqiqa bilan jami 115 daqiqa davom etdi.

Kataloniyaliklar to‘pga egalik qilish bo‘yicha 75 foiz ustunlikka erishdi, zarbalar bo‘yicha 14:5. Ammo gol bo‘lmadi va amaldagi chempionlar bir ochko bilan kifoyalandi.

Madridliklar raqibning 11 foliga qarshi 20 fol ishlatishdi. «Xetafe» oxiriga qadar kurashdi va Bordalas antifutboli bilan natijaga erishdi.

Mavzuga oid