Jahon | 21:20 / 15.08.2023
15475
2 daqiqa o‘qiladi

Eron prokuraturasi sobiq prezidentga nisbatan jinoiy ish ochdi

Hasan Ruhoniy iqtisodiy jinoyatlarda ayblanmoqda. 

Foto: Anadolu Agency

Eronning diniy ishlar bo‘yicha maxsus prokuraturasi sobiq prezident Hasan Ruhoniyga qarshi bir necha ish ochdi. U moliya bozoridagi firibgarlikda ayblanmoqda, deb xabar berdi IRNA. 

Eron sud hokimiyati rasmiy vakili Masud Sitoyashiy so‘zlariga ko‘ra, Ruhoniy sud oldida bir qator savollarga javob berishi kerak. 

«Eronning sobiq prezidenti, diniy unvon va martabaga ega Ruhoniyga nisbatan bir necha ish qo‘zg‘atildi. U sud oldida bir qancha savollarga javob berishi kerak», dedi Sitoyashiy. 

Uning qayd qilishicha, Ruhoniyga nisbatan valuta firibgarligi, shuningdek, Eron fond bozoriga noqonuniy aralashuvi bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. 

Ruhoniy 2013 yil avgustidan 2021 yil avgustigacha Eron prezidenti lavozimida ishladi. U ikki muddat davlat rahbarligiga saylangan. Sobiq prezidentga nisbatan avval ham ayblov qo‘yilgan edi. Jumladan, 2021 yil avgust oyida Majlis (parlament) a’zolari uning prezidentlik davridagi iqtisodiy vaziyat yomonlashgani sababli tergov boshlashga harakat qilishgan edi.

Mavzuga oid